Jahon | 19:48 / 03.01.2026
23182
11 daqiqa o‘qiladi

Maduroning o‘g‘irlanishi: hozirgacha nimalar ma’lum?

Donald Tramp “Venesuelaga qarshi yirik hujum” muvaffaqiyatli bo‘lganini aytib maqtandi. “Bu – haqiqatan ham zargarona operatsiya bo‘ldi”, dedi u. Qo‘lga olingan Maduro AQShda sudlanishi kutilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr

AQSh–Venesuela qarama-qarshiligi kulminatsion nuqtaga yetdi: Amerika Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag‘darganini da’vo qilmoqda.

3 yanvarga o‘tar kechasi Venesuela poytaxti Karakasda ro‘y bergan hodisalardan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp Florida vaqti bilan soat tungi 4:21 da o‘zining Truth Social tarmog‘ida shunday deb yozdi:

“Amerika Qo‘shma Shtatlari Venesuelaga qarshi yirik hujumni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Prezident Nikolas Maduro xotini bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketildi”.

Oq uy rahbari bu postni e’lon qilganidan keyin bir necha daqiqa o‘tib telefon qilgan New York Times muxbiriga amaliyot “juda yaxshi rejalashtirilgani”, unda “ko‘plab qoyilmaqom askarlar va mohir kishilar” qatnashganini aytdi.

“Bu – haqiqatan ham zargarona operatsiya bo‘ldi”, dedi Tramp.

Bu amaliyot uchun Kongressdan ruxsat olingani yoki yo‘qligi hamda Venesuelani endi nima kutayotgani haqidagi savollarga javoban, AQSh prezidenti bu masalalarga ertalab Mar-a-Lago qarorgohidagi matbuot anjumanida oydinlik kiritishini aytdi.

Arxiv foto: Presidencia / AFP / Getty Images

Qurbonlar

NYT suhbatlashgan AQSh rasmiylaridan biri o‘tkazilgan amaliyotda Amerika tomonidan insoniy yo‘qotishlar bo‘lmaganini aytdi, lekin venesuelalik qurbonlar masalasiga izoh bermasligini bildirdi.

Venesuela rasmiylari o‘z bayonotlarida bu hujum sababli bir qancha venesuelaliklar halok bo‘lgani va jarohatlanganini aytmoqda. “Qurbonlar soniga hali ham aniqlik kiritilyapti”, – deyiladi Karakasdan berilgan rasmiy bayonotda.

Karakasdagilar Amerika bombalari tinch aholi binolariga urilganini ham ta’kidlayapti, lekin hozircha bunga dalillar keltirilmagan.

Rasmiy ayblov

Nikolas Maduro Venesuela prezidenti lavozimiga 2013 yilda kelgan. U 2019 yilda ikkinchi muddatga qayta saylanganidan beri AQSh uni qonuniy prezident sifatida tan olmay keladi.

Trampning Maduro qo‘lga olingani haqidagi bayonotidan keyin, AQSh bosh prokurori Pamela Bondi unga qanday ayblovlar qo‘yilayotganini ma’lum qildi.

“Nikolas Maduroga nisbatan narkoterrorizm, kokain tashish, noqonuniy ravishda qurol-yarog‘ saqlash hamda Qo‘shma Shtatlarga qarshi pulemyotlar va portlovchi qurilmalarni saqlash ayblovlari e’lon qilindi”, – deb yozdi Bondi X ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio harbiy amaliyotdan keyin X tarmog‘ida o‘zining eski posti skrinshotini joyladi. Unda Maduro Venesuelaning qonuniy yetakchisi emasligi va u AQShga narkotiklar yetkazishda ayblanayotgani aytilgan.

Ma’lumot uchun, Maduroga nisbatan qator ayblovlar AQShda 2020 yilda e’lon qilgan. AQSh Davlat departamenti uning qo‘lga olinishiga olib keluvchi axborotlar uchun 50 mln dollar mukofot va’da qilgan.

Tunda nimalar bo‘ldi?

Karakas osmonida portlash tutunlari va vertolyotlar / Foto: Reuters'ga kelib tushgan videodan kadr

Venesuela rasmiylariga ko‘ra, AQShning hujumlari poytaxt Karakas shahrida va yana uchta shtat: Miranda, Aragua va La Guaira shtatlarida kuzatilgan.

Associated Press xabariga ko‘ra, AQShning hujumi “yarim soatdan kamroq” vaqt davom etgan.

Tun davomida karakasliklar portlashlar va harbiy aviatsiya ovozlarini eshitdi. Guvohlar, ayniqsa, Venesuelaning yuqori lavozimli amaldorlari yashaydigan Karakas markazidagi yirik harbiy baza – Fuyerte Tiunada kuchli va davomli portlash ovozlarini eshitganini aytmoqda.

Shuningdek, shahardagi La Karlota harbiy aviabazasi ustidan tutun chiqayotganini ham ko‘rishgan.

Mamlakat sobiq prezidenti Ugo Chavesning maqbarasi joylashgan harbiy obektlardan biri ham hujum nishoni bo‘lgani aytilyapti.

Reuters'ning Venesuela davlat neft-gaz kompaniyasidagi manbasiga tayanib yozishicha, dastlabki baholashlar neft obektlari hujumga uchramaganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, manbaga ko‘ra, mamlakatning eng muhim portlaridan biri bo‘lmish La-Guayra porti jiddiy talafot ko‘rgan.

AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi Amerika yo‘lovchi samolyotlarining Venesuela osmoni uzra parvozini taqiqlagan. Bu taqiq “davom etayotgan harbiy faollik” bilan izohlanib, 3 yanvar 2:00 dan boshlab 23 soat amal qiladi.

Venesuela rasmiy pozitsiyasi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr

Yarim tunda Venesuela Kommunikatsiyalar vazirligi prezident Nikolas Maduroning bayonotini e’lon qilgan edi. Unda prezident AQShning harbiy tajovuzini Venesuela “rad etishi, qoralashi va keskin tanqid qilishi” aytilgan.

Bu bayonotdan bir necha soat o‘tib, Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopez xalqqa murojaat bilan chiqdi. U o‘z chiqishida AQSh hujumini “mamlakat boshdan kechirgan eng ochiq-oshkora tajovuz” deb atadi.

Keyinroq Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodrigez ham televideniye orqali bayonot berib, prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi qayerda ekani noma’lumligini aytdi va prezident Trampdan ular hayot ekanini ko‘rsatuvchi isbot taqdim etishini so‘radi.

Agar haqiqatan ham Maduroni AQSh o‘g‘irlab ketgan bo‘lsa, u holda konstitutsiyaga asosan hokimiyat vitse-prezident Delsi Rodrigezga o‘tishi kerak. U – asosan iqtisodiy siyosatga mas’ul amaldor sanaladi.

Maduro ag‘darilgan taqdirda, konstitutsiya bo‘yicha hokimiyat vitse-prezident Delsi Rodrigezga o‘tishi kerak. / Arxiv foto: rasmiy tarqatma

Mudofaa vaziri va vitse-prezidentdan keyin, Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello ham televideniye orqali chiqish qilib, xalqni xotirjam bo‘lishga va rahbariyatga ishonishga chaqirdi. “Hech kim tushkunlikka tushmasin. Hech kim bosqinchi dushmanning ishini osonlashtirib bermasin”, dedi u.

Erta tongdan Maduroning tarafdorlari Karakas markaziga to‘plana boshlagan.

Maduroning tarafdorlari Karakas markazida / Foto: AP / Cristian Hernandez

Keyinchalik Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Xil Pinto mamlakat o‘zini himoya qilish uchun barcha mexanizmlarni ishga solishini ta’kidladi.

Xalqaro reaksiya

Venesuelaga hujumga birinchi bo‘lib Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro munosabat bildirdi.

“Ular ayni daqiqalarda Karakasni bombalashyapti. Butun dunyo uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i, ular Venesuelaga hujum qilishdi. Ular boshqariladigan raketalar bilan bombalashyapti”, deb yozdi Tramp ma’muriyatining tanqidchilaridan hisoblanadigan Petro ijtimoiy tarmoqda.

Kolumbiya prezidenti, shuningdek, uning mamlakati Venesuela bilan chegaraga qo‘shinlar yuborayotganini ma’lum qildi va “ommaviy qochqinlar oqimi yuzaga kelgan taqdirda” yana qo‘shimcha kuchlar yuborilishini aytdi.

Kuba prezidenti Migel Diaz-Kanel ham birinchilardan bo‘lib ijtimoiy tarmoqda AQShni qoralab chiqdi. U Venesuelaga tajovuzni “jinoiy hujum” deb atadi va xalqaro hamjamiyatdan “shoshilinch javob” talab qildi.

Argentina prezidenti Xaviyer Miley esa Nikolas Maduroning qo‘lga olinganini olqishladi. “Ozodlik olg‘a siljidi”, deb yozdi Miley tarmoqda.

Meksika Tashqi ishlar vazirligi AQShning hujumini qoralab, BMTni Venesuelada deeskalatsiyaga erishish uchun zudlik bilan harakat qilishga chaqirdi.

Rossiya TIVga ko‘ra, AQSh o‘z harakatlarini oqlash uchun keltirayotgan vajlar yaroqsiz. “Ishbilarmonlik pragmatizmi, ishonchli va oldindan aytib bo‘ladigan munosabatlar o‘rnatishga xayrixohlikdan ko‘ra, mafkuraviy adovat ustun keldi”, deyiladi Moskvaning bayonotida.

“Yuzaga kelgan vaziyatda avvalo eskalatsiyaning davom etishiga yo‘l qo‘ymaslik, vaziyatdan muloqot orqali chiqish yo‘lini izlash muhim. Bir-biriga nisbatan e’tirozlari bor barcha hamkorlar muloqot qilish orqali muammo yechimini izlashi lozim”, – deya qayd etgan RF TIV.

Rossiya bayonotida aytilishicha, “Venesuelaga hech qanday buzg‘unchi, boz ustiga tashqaridan harbiy aralashuvlarsiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kafolatlanishi kerak”.

Gramoven tumanida yashovchilar Karakasdagi portlashlardan keyin uylarining oldida turishibdi. / Foto: Reuters / Maxwell Briceno

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Venesuelada hokimiyatning “tinch va demokratik tranziti” zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday qaror xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq bo‘lishi lozim. Yevrodiplomatiya rahbari Kaya Kallas Vashingtonni bosiqlikka chaqirib, Yevropa Ittifoqi Maduroni legitim prezident deb hisoblamasligini eslatdi.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer uning mamlakati Venesueladagi amaliyotda “hech bir shaklda ishtirok etmagani”ni ma’lum qildi. Hujumni qoralaysizmi, degan savolga javoban Starmer avvaliga “faktlarni tasdiqlash” kerakligini, buning uchun Tramp bilan gaplashmoqchi ekanini aytdi.

Shveytsariya TIV voqealar rivojini “diqqat bilan kuzatayotganliklari”ni bildirib, deeskalatsiyaga va xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirdi. Ispaniya ham eskalatsiya davom etishining oldini olish zarurligini bildirdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Venesuelaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti buzilganini qoralab bayonot berdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Amerikaning Venesuelaning nisbatan tajovuzini “so‘zsiz qoralashi”ni bildirdi.

Foto: Reuters / Leonardo Fernandez Viloria

3 yanvarga qadar

AQSh ushbu hujumdan oldin bir necha oy davomida Venesuela atrofida qo‘shin to‘playotgan edi. Qo‘shma Shtatlar Karib havzasiga so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilmagan darajada katta harbiy kontingent tashlagan edi.

Shuningdek, AQSh harbiylari “giyohvand moddalarni tashiyapti” degan vaj bilan sentabr oyidan beri Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida Venesuelaga aloqador deb ko‘rilgan kemalarga hujum qilib kelayotgan edi. Tramp ma’muriyati e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, bunday hujumlar soni 35 tani, ularda halok bo‘lganlar esa 115 nafarni tashkil etadi. Qator davlatlar hujumlarni sudsiz qotillik sifatida qoralagan.

Maduro hukumati esa har doim giyohvand moddalar savdosiga aloqasi yo‘qligini aytib kelgan.

  • AQSh–Venesuela ziddiyatining mohiyatini bir necha hafta oldin siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida batafsil sharhlab bergan edi.
Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid