Klublarimizning xalqaro maydondagi ishtiroki bilan o‘zbek futbolida yangi mavsum boshlandi. Yangi mavsumdagi rejalar va futbolimizda ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular borasidagi savollarimizga javob olish uchun Professional Futbol Ligasi direktori Omon G‘ofurov hamda, PFL direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jayevni studiyamizga taklif qildik. Suhbat davomida PFL rasmiylari barcha savollarimizga atroflicha javob berishdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga»
Avvalo mehmonlarimizdan nima uchun Superliga o‘yinlari bir hafta kechikib boshlanishi haqida so‘radik. Bunga esa PFL rasmiylari jamoalarning mavsumga rasman tayyor bo‘lmaganini sabab qilib ko‘rsatishdi: «Biz chempionat o‘yinlarini 1 martda boshlashga tayyor edik. Lekin jamoalar o‘zlarini hozirgidek tutishda davom etishsa, chempionat startini aprelgacha surishga ham tayyormiz. Mayli, bizni tanqid qilishsin, PFL toshbaqa deyishsin, lekin biz o‘zimizni aldamoqchi emasmiz.
PFLda mavsumni vaqtida boshlash uchun hech qanday muammo yo‘q. Biz reglamentni tayyorlab qo‘yganmiz. Sug‘urta, homiylik borasida ham ishlarimiz joyida. Hatto TV translatsiyasiga kerak bo‘ladigan galereyalar tayyorlash uchun studiyalar qilib qo‘yganmiz. Lekin hali jamoalarning ba'zilarida forma tayyor emas, ba'zilarida formalarining raqamlari yo‘q. Ular 1 martgacha forma masalasini hal qilishlariga ishonamiz, lekin boshqa masalalar ham ochiq qolgan.
Bir qator jamoalar mavsumga chet elda tayyorlanishmoqda. Futbolchilar bilan birga klub bosh direktorlari, sport direktorlari ham ketishgan. Vaholangki ularning bu yerda qiladigan ishlari ko‘p. Stadion masalasi, akademiya masalasi bor. Klublar bundan oldin 20 yillab tekshiruvsiz mavsumni boshlayverishgan. Ular 2019 yilda ham shunday bo‘ladi deb o‘ylashgandi, lekin bunday bo‘lmaydi. Biz oldingi yillardagi xatolarni takrorlashni xohlamaymiz. Chempionatni kerak bo‘lsa may oyida boshlaymiz. Muhimi, hozir bir qadam orqaga tashlasak ham, keyin ikki qadam oldinga siljish. Klublarimiz tartibli ishlash kerakligini tushunib yetishi kerak».











