Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Liverpul" "MYu"ga qarshi, Germaniyada klasiko. Hafta o‘yinlari anonsi
Foto: Getty Images
Terma jamoalarga ajratilgan navbatdagi haftalik tugab, yana klublar o‘rtasidagi chempionatlarga qaytmoqdamiz. Bu dam olish kunlari uchun ham Yevropa bizga bir qator qiziqarli uchrashuvlar tayyorlab qo‘ygan. “Manchester Siti” qo‘shnisi “Everton”ni qabul qilsa, “Real” va “Barselona” ham El Klasiko oldidan kichik derbilarda chigalyozdi qilib olishadi. Yakshanba oqshomida esa bizni Angliyaning eng sovrindor ikki klubi o‘rtasidagi bahs kutadi.
KRISTAL PELAS – BORNMUT (18 oktyabr, 19:00)
Har yili Angliyada juda qiziqarli loyihalar paydo bo‘ladi va an’anaviy kuchli oltilikning orasiga kirishga muvaffaq bo‘ladi. “Nyukasl”, “Aston Villa” kabi jamoalardagi natijalar nisbatan tushunarli – yaxshiroq tarixga ega bo‘lgan jamoalar, bir qator yulduz futbolchilar doim topiladi. Ammo “Kristal Pelas” va “Bornmut” mutlaqo murabbiylik jamoalari bo‘lib, aynan uslub va tizimli mashg‘ulotlar yordamida yetarlicha uzoq davr mobaynida raqobatbardosh bo‘la olmoqdalar. Har ikkisi ham yozda yo‘qotishlarga uchradi – “Bornmut” deyarli butun himoya chizig‘idan ayrilgan bo‘lsa, “Kristal Pelas”ni asosiy kreativ – Eberechi Eze tark etdi. Ammo hozircha o‘yinda ham, natijalarda ham bu sezilgani yo‘q.
Bir necha yil oldin “Kristal Pelas”ning davomli shaklda turnir jadvalining ikkinchi yarmida yurishi, hech qanday ambitsiyalarga ega emasligi haqida e’tirozlar paydo bo‘lganida, o‘sha paytdagi murabbiy Roy Xojson jamoa muxlislarini erkalanib ketayotganda ayblagan, aslida o‘sha daraja ham klub uchun o‘ta yuqori ekanini aytgandi. Yo‘q, aslida unday emas ekan. Oliver Glasner bilan klub nafaqat yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda, balkim qisqa muddat ichida ikkita sovrin yutishga ham muvaffaq bo‘ldi. Finallarda “Manchester Siti” va “Liverpul” dog‘da qoldirilganini ham inobatga olsak, ajoyib natija. Londonliklar shuningdek 19 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyani ham uddaladilar. Afsuski, o‘tgan turda so‘nggi daqiqalarda Grilish urgan gol “Everton”ning g‘alabasini ta’minladi, aslida, ushbu o‘yinda ham Glasner shogirdlari ko‘proq ustunlikka ega bo‘lgandi. Umuman “Kristal Pelas” joriy mavsumda juda ko‘p hujum ko‘rsatkichlari bo‘yicha hatto APL peshqadamlaridan ham yaxshiroq ekanini qayd etish kerak. Yaratilgan katta imkoniyatlar, darvozaga berilgan aniq zarbalar bo‘yicha jamoa APL da eng yaxshi raqamlarga ega.
“Bornmut” esa o‘zining pressing uslubi, tezkor qarshi hujumlari bilan Eddi Xau davridan beri o‘ziga jalb qilib kelgan bo‘lsa, Iraola buni yanada takomillashtirdi. Uning jamoasi nafaqat autsayderlarga xos ikkinchi planda, balki tashabbus bilan ham har qanday raqibga qarshi munosib ko‘rinishi jihatidan hatto “Kristal Pelas”dan ham ilg‘or. Top klublar bosh murabbiylarida muammolar paydo bo‘lganda, o‘rinbosar sifatida doim aynan Andoni Iraolaning ismi paydo bo‘lishi ham bejiz emas. Xullas bir-biriga mos bo‘lgan bu ikki jamoa, ikki murabbiyning dueli taktik jihatdan juda qiziqarli va intrigalarda boy bo‘lishi shubhasiz.
O‘zaro o‘yinlarda qiziq jihatni payqash mumkin – oxirgi 9 o‘yinda tomonlarning kamida bittasi maydonni golsiz tark etgan. Har ikki jamoa ham gol urgan oxirgi o‘zaro o‘yin 2019 yilga to‘g‘ri keladi, o‘shanda “Kristal Pelas” 5:3 hisobida g‘alaba qozongandi. Oxirgi ikki o‘yinda esa hisob ochilmagan.
BAVARIYa – BORUSSIYa (18 oktyabr, 21:30)
Kuchli beshlik chempionatlarida umuman mag‘lubiyatga uchramagan faqat 4 jamoa qoldi. Ikkitasi Italiyada, ikkitasi esa Bundesligada. “A Seriya” vakillari ikki tur oldin o‘zaro kuch sinashishdi va durang o‘ynab, mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirishmoqda. Germaniyadagi yengilmaslar esa shu turda ro‘baro‘ kelishadi. Myunxenda Kompani shogirdlari so‘nggi o‘n besh yildagi eng ashaddiy raqibi “Borussiya”ni qabul qiladi.
“Bavariya”ning har kuzda aql bovar qilmas formaga kirishiga o‘rganib qoldik. Bu safar “Borussiya” ham tempni tushirmayotgani tahsinga sazovor. Niko Kovach shogirdlarida umuman yo‘qotishsiz ketayotgan “Bavariya”dan farqli ravishda ikki durang ham bor. Darvoqe, myunxenliklar kuchli beshlikda joriy mavsumdagi barcha o‘yinini g‘alaba bilan yakunlagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Barcha musobaqalardagi 10 g‘alabadan oltitasi yirik hisobda qo‘lga kiritilganini ham alohida e’tirof etish kerak.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, Myunxenda bo‘lib o‘tgan oxirgi ikki o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozona olishmagan. O‘tgan mavsum jangovar 2:2 hisobida yakunlangan bo‘lsa, undan avvalgisida mehmonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi amalda “Bavariya”ni chempionlik umididan mahrum qilganini eslasangiz kerak. Umuman “Borussiya” mehmonda “Bavariya”ga yetarlicha muammo tug‘dirib keladi. Bundesliga doirasidagi oxirgi 15 uy uchrashuvidan 6 tasida “Bavariya” g‘alaba qozona olmagan. Myunxenliklar doim turnir va uchrashuv favoriti bo‘lib kelganini e’tiborga olsak, anchagina katta raqam.
Mehmonlar tarkibida deyarli yo‘qotishlar yo‘q. Emre Jan va Dyuranvil o‘tgan mavsumdan beri safga qaytgani yo‘q. Anselmino esa asosiy tarkib futbolchisi hisoblanmaydi. Kompani jamoasida esa himoyachi Yosip Stanishich, hamda Rafayel Gerreyru sheriklariga yordam bera olishmaydi. Devis va Musiala uzoq muddatga safdan chiqqanini bilamiz.
Kelasi hafta har ikki jamoani ham Chempionlar Ligasida o‘yin kutib turganini ham eslatib o‘tish kerak. “Borussiya” Daniyaga safar qiladi. Turnirdagi keyingi raqiblar ichida “Manchester Siti”, “Inter” kabi kuchli jamoalar ham borligini inobatga olsak, o‘tgan ikki turda 4 ochko jamg‘argan dortmundliklar “Kopangagen” ustidan g‘alaba qozonishi shart. “Bavariya” esa yuqorida aytganimizdek, yuz foizlik ko‘rsatkichga ega va bu turda “Bryugge”ni qabul qiladi.
Darvoqe, Niko Kovach o‘z vaqtida “Bavariya”ni boshqargan va qisqa muddatga iste’foga chiqarilgandi. Myunxendagi avvalgi safarida 2:2 natijasini qayd etgan murabbiy uchun yana sobiq jamoasiga qarshi o‘zini ko‘rsatish uchun yaxshigina motivatsiya bo‘lishi kerak.
ISTANBUL BAShAQSheHIR – GALATASARAY (18 oktyabr, 22:00)
Eldor Shomurodovning navbatdagi Turkiya grandiga qarshi o‘yini albatta e’tiborimizdan chetda qolmasligi kerak. Nafaqat bizning, boshqalar ham ayniqsa “Galatasaray” uchun bu o‘yinga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ya’ni agar Eldor o‘zini ko‘rsatishi uchun “Konyaspor” yoki “Eyupspor” emas aynan katta jamoalarga qarshi uchrashuvlar ayni muddao. Avvalgi shunday uchrashuv “Beshiktash”ga qarshi Shomurodov jamoasining yagona golini urgandi. Umid qilamizki, navbatdagi Turkiya superklubi ham hamyurtimizning kolleksiyasidan joy oladi. E’tiborli jihati jamoaning oxirgi ikki goli ham aynan Shomurodov hisobiga yozildi, lekin afsuski bu gollar kerakli ochkolarni olib kelmadi.
Umuman o‘tgan mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurashgan “Istanbul Bashaqshehir”ning joriy mavsumi kutilgandek kechmayapti. Avvaliga Konferensiyalar Ligasi uchun saralash to‘qnashuvi Ruminiya klubiga boy berilgan bo‘lsa, Turkiya Superligasida ham ishlar joyida emas. Jamoa o‘tkazilgan olti o‘yindan atigi bittasiga g‘alaba qozongan xolos. U ham bo‘lsa safarda qo‘lga kiritilgan. Ya’ni iyul oyida Konferetsiyalar kubogi pley-offida qozonilgan g‘alabadan buyon, ikki oydan oshiq vaqt mobaynida hali jamoa o‘z muxlislari qarshisida yuta olmayapti. Seriyani turnir jadvali peshqadami va amaldagi chempionga qarshi o‘yinda to‘xtatish juda katta ish bo‘lardi.
Bu ishning qiyinligi shundaki, “Galatasaray” o‘tgan 8 turda hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q va safardagi 4 o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, birorta ham gol o‘tkazib yubormagan. Ikkinchidan, “Bashaqshehir” ham o‘z maydonida bu raqibini yutmaganiga ancha bo‘ldi. Oxirgi marta 2017 yilda mezbonlar 5:1 hisobida ustun kelgandilar. Xuddi o‘sha yili, faqat avvalgi mavsum o‘yinida ham “Galatasaray” 4:0 hisobida tiz cho‘ktirilgan. Qizig‘i, har ikki o‘yinda ham Emanuel Adabayor xet-trik qayd etgandi.
Tarkiblarga kelsak, afsuski, jamoadagi yana bir hamyurtimiz Abbos Fayzullayev asta-sekinlik bilan zaxiradan tushayotgandi, lekin terma jamoamiz safidagi uchrashuvda yana jarohat oldi. Uning Turkiyadagi adaptatsiyasi yana biroz kechikadigan bo‘ldi. Mezbonlar tarkibida shuningdek, himoyachi Leonardo Duarte, hamda yarimhimoyachi Oliviye Kemen sheriklariga yordam bera olishmaydi. Mehmonlar safida esa chap qanot himoyachisi Ismoil Yakobs va markaziy himoyachi Uilfrid Singolarda jarohatlar bor.
ROMA – INTeR (18 oktyabr, 23:45)
Bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi, lekin odatda “Inter” yaqqol favorit bo‘lar, “Roma” esa nimagadir da’vogarlik qilayotgan, doim sal yetishmay qoladigan jamoa sifatida gavdalanardi. Ba’zida rimliklar g‘alaba qozonib turishsa-da, peshqadamdan ochko tortib olgan kuchli raqib bo‘lib qolardi xolos. Ammo bu mavsum Gasperini boshchiligidagi “Roma” biroz boshqacha, maqsadi ham jiddiyroq ko‘rinyapti. Juda ko‘p 1:0 hisobi qayd etilayotgani ko‘proq Raniyerini eslatib yuborar, ammo agar uchrashuvlarni tomosha qilgan bo‘lsangiz, “Roma” yaqqol ustunlik, tashabbus bilan o‘ynayotganini ham guvohi bo‘lishingiz kerak.
“A Seriya” doirasidagi 6 uchrashuvdan faqat bittasida “Roma” mag‘lubiyatga uchradi. U ham “Torino”ga qarshi o‘yin. Rimliklar o‘z maydonida yaqqol ustunlik qilishdi, 70 foizdan ko‘proq vaqt mobaynida to‘pni nazorat qilib, raqib darvozasiga 20 dan ortiq zarba berishdi ham. Ammo qarshi hujumlarda samarali o‘ynagan Turin jamoasi uch ochkoni olib ketgandi. “Roma”ning Yevropa Ligasidagi mag‘lubiyati ham o‘xshash – bu safar xuddi shu rolni “Lill” bajardi. Hatto o‘yin oxirlarida “Roma” penaltini ham aniq amalga oshira olmagandi.
“Inter”da ham deyarli o‘xshash holat. Milanliklarda ham mavsumda ikki mag‘lubiyat bor, faqat ikkisi ham “A Seriya” o‘yiniga to‘g‘ri keladi. Chempionlar Ligasida hammasi joyida – Kivu shogirdlari birorta ham gol o‘tkazmay ikki o‘yinni o‘z foydalariga hal qilishdi. To‘g‘ri, jamoa nisbatan kuchsiz raqiblar – “Ayaks” va “Slaviya”ga qarshi to‘p surishdi. Keyingi raqiblar ham shunga o‘xshash – “Qayrat” va “Yunion Sent-Jyelua”. O‘zi umuman taqvim “Inter” uchun qiziq tuzilgan. Avvaliga oddiyroq raqiblar, ammo keyin kuchli o‘yinlar boshlanadi. Jamoa “Atletiko”, “Liverpul”, “Arsenal” va “Borussiya”ga qarshi maydonga tushadi.
Darvoqe, bir hafta oldin “Inter” terma jamoalarga ajratilgan tanaffusdan foydalanib o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. “Atletiko”ga qarshi kechgan bahsda asosan ikkinchi tarkib bilan birgalikda bu safargi yig‘inlarga jalb qilinmagan Mxitaryan, Darmiyan, Achcherbi, Bissek kabi asosiy tarkib futbolchilari ham maydonga tushishdi. Darmiyan aynan ushbu o‘yinda kichik jarohat olib, kelasi bir nechta o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Darmiyandan tashqari mehmonlar safida Markus Tyuram ham o‘ynay olmaydi. Uning qaytishi shu oy oxiriga mo‘ljallangan. “Roma” tarkibida esa faqat Anxelino virus yuqtirib olgani tufayli maydonga tushmaydi.
O‘zaro o‘yinlarda aynan Rimda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarni alohida olsak, oxirgi yillarda mehmonlarning yaqqol ustunligiga guvoh bo‘lamiz. “Inter” Rimda bo‘lib o‘tgan oxirgi 4 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. Qizig‘i, “Roma” aksincha, Milandagi uchrashuvlarda yaxshiroq natijaga erishib kelmoqda. “Inter” maydonidagi oxirgi uch o‘yinning ikkitasida aynan mehmon jamoaning qo‘li baland kelgan. Umuman so‘nggi o‘n yillikni oladigan bo‘lsak, farq u qadar katta emas. “Roma”da 10, “Inter” hisobida esa 13 g‘alaba bor. 10 uchrashuv durang bilan yakuniga yetgan.
LIVeRPUL – MANCheSTeR YuNAYTeD (19 oktyabr, 20:30)
Nafaqat Angliyaning, balki butun Yevropaning markaziy uchrashuvi albatta, “Enfild”da bo‘lib o‘tadi. Ha, hozirda “Manchester Yunayted” turnir jadvalida pastki pog‘onalarda bo‘lishi, “Liverpul” esa oxirgi uch o‘yinni mag‘lubiyat bilan yakunlashi mumkin, lekin butun dunyo bo‘ylab bu jamoalarning muxlislari, uchrashuvga bo‘lgan qiziqish nuqtai nazaridan baribir markaziy uchrashuv. Nafaqat turnir jadvali nuqtai nazaridan, balki har ikki jamoa uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan bahs.
“Liverpul” yuqorida aytganimizdek, qatorasiga uch o‘yinni boy berdi va APLdagi besh ochkolik ustunlikni boy berib qo‘ydi. Yana bir ochko yo‘qotish ancha barqaror ketayotgan “Arsenal”ning imkoniyatlarini oshirib yuboradi. Shu bilan birga Slotda avvalgi mavsumdagi kabi erkinlik ham yo‘q. Jamoa mamlakat chempioni bo‘lsa-da, yozda yangi futbolchilar uchun juda katta mablag‘ sarfladi. Ha, yo‘qotishlar ham bor, lekin aynan yangi kelgan futbolchilarning hali o‘zini ko‘rsata olmayotgani ko‘proq savollarni keltirib chiqarmoqda. Avvaliga bir qator uchrashuvlar so‘nggi daqiqalarda g‘alabaga aylantirilgach, chempionlik xarakteri haqida bong urilgan bo‘lsa, keyingi bahslarda xuddi shu ssenariylar endi teskari tomondan ro‘y bera boshladi. Tabiiyki, endi “Liverpul”ga ham tanqidiy qarash paydo bo‘ldi, Virs va Isakning adaptatsiyasi, van Deyk va Salohning yaxshi sport formada emasligi tez-tez tilga olinmoqda. Arne Slot ana endi qiyin vaziyatlarda qanday murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsata oladi, o‘z qarorlarida sokinlikni saqlab qoladimi yoki xatolarga sharoit paydo bo‘ladimi, yaqin davrlarda “Liverpul”ni kuzatish qiziq bo‘ladi. Umuman agar jamoa o‘z g‘alabali yo‘liga qaytadigan bo‘lsa, bu aynan azaliy raqibiga qarshi o‘yinda, o‘z muxlislari qarshisida sodir bo‘lishi ayni muddao.
“Manchester Yunayted” esa yillar davomida negativ muhitda yashab kelmoqda. Agar Amorimdan nimadir talab qilish kerak bo‘lsa, albatta, “Enfild” bu uchun eng noqulay joy, to‘g‘ri, Ushbu o‘yindagi mag‘lubiyat murabbiyning iste’fosiga ham, qo‘shimcha tanqidlarga ham olib kelmas balkim. Ammo boshqa tarafdan aynan shunday uchrashuvlar Ruben Amorim uchun imkoniyat. Aynan katta uchrashuvlarda muvaffaqiyat qozonish orqali jamoa to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi, kelasi o‘yinlar uchun turtki bo‘lishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda “Enfild”da jangovor 2:2 hisobi qayd etilgan, hozirgacha o‘sha o‘yinni Amorim boshqaruvidagi eng yaxshilaridan biri sifatida eslashadi. Umuman APL doirasida “Enfild”da o‘tgan so‘nggi ikki o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishmagan. Bir yil avvalgi bahsda ham hisob ochilmagan, durang qayd etilgandi.
Tarkiblar borasida, Arne Slot matbuot anjumanida Gravenberx derbiga tayyor bo‘lishini ma’lum qildi. Ammo asosiy darvozabon Alison Beker ushbu uchrashuvni ham o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, Ibrohim Konate va Endolarning holati shubha ostida. Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. O‘tgan mavsumda safdan chiqqan Lisandro Martines mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, hali to‘liq maydonga tushish uchun tayyor emas. Mazraui esa tiklanib ulgurgan, lekin Amorimning aytishicha, asosiy tarkibda tushishga tayyor bo‘lishi hozircha aniq emas.
BOShQA O‘YINLAR
18 oktyabr. Nottingem Forest – CheLSI (16:30), Mayns – BAYYeR (18:30), Brayton – NYuKASL (19:00), MANCheSTeR SITI – Everton (19:00), BARSeLONA – Jirona (19:15), Torino – NAPOLI (21:00), Fulhem – ARSeNAL (21:30), ATLeTIKO – Osasuna (23:55)
19 oktyabr. Komo – YuVeNTUS (15:30), TOTTeNHEM – Aston Villa (18:00), ATALANTA – Latsio (21:00), MILAN – Fiorenti (23:45), Xetafe – ReAL (23:55)