«Liverpul» – «Brayton» 2:0
Gollar: Ekitike, 1 (1:0). Ekitike, 60 (2:0)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Jo Gomes (Saloh, 26), Jons, Gravenberh, Makallister, Virs (Roberson, 78), Soboslai (Kiyeza, 83), Ekitike (Isak, 78)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Hinshelvud (Uelbek, 82), Baleba (Ayyari, 64), Gruda (Mitoma, 64), D. Gomes (Milner, 87), Minte, Ryutter (Kostulas, 82)
Ogohlantirishlar: Konate, 64 – D. Gomes, 45. Dank, 59

Mojaroli intervyusidan keyin bosh murabbiy Arne Slot bilan gaplashib olgan Saloh jamoaning o‘yin uchun qaydnomasiga qaytdi. O‘yin boshlanishidan oldin translatsiya rejissyori futbolchi zaxira o‘rindig‘ida yuzida tabassum bilan o‘tirganini namoyish etdi.

O‘yin boshlanishi bilan «Enfild» gumburladi. «Liverpul»ning kuchli pressingi Jo Gomes to‘pni bosh bilan jarima maydoniga yetkazib berishi, u yerda turgan Ekitike esa darvoza to‘rini o‘qqa tutishi bilan yakunlandi. Mersisaydliklar APLda 2019 yil aprelidan buyon bu qadar erta (46-soniyada) hisobni ochishmagandi, o‘shanda Keyta 15-daqiqada gol urib, klub rekordini o‘rnatgan. Bu safargi gol joriy mavsumda APLda urilgan eng tezkor golga aylandi.

Saloh esa kutilganidan oldinroq maydonga qaytdi. 26-daqiqada Jo Gomes jarohat oldi va misrlik futbolchi maydonga tushib, jamoaning asosiy universali Soboslai o‘ng qanot himoyasiga o‘tdi. Muhammad darhol golli vaziyat yaratdi va umuman olganda juda tetik ko‘rindi. Ammo qizillar tezda ikkinchi golni ura olishmadi va ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi, ammo Diyego Gomes bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi.

Shundan keyin Saloh yana o‘zini ko‘rsatdi va burchak zarbasidan ideal uzatma berib, olis ustun oldida bo‘sh turgan Ekitikeni to‘p bilan ta’minladi. Bu orqali u APLda navbatdagi rekordni o‘rnatdi. Endi u bir jamoadagi golli harakatlar soni bo‘yicha uzoq vaqtdan buyon Ueyn Runiga tegishli bo‘lib kelgan ko‘rsatkichni yangiladi. «Liverpul» vingeri endi 277 ballga ega (188 gol va 89 uzatma).

U o‘yin oxirigacha bu natijasini yanada yaxshilashi va haqiqiy qaytishni amalga oshirishi mumkin edi, ammo Kiyezaning uzatmasidan keyin qulay vaziyatda turib darvozan ishg‘ol etolmadi.