Light | 17:00 / 29.12.2017
64891
7 daqiqa o‘qiladi

"Brigada" seriali qahramonlari 15 yildan so‘ng...

2002 yilda namoyish qilingan "Brigada" seriali Rossiya televideniyesida o‘chmas iz qoldirgan, muxlislar 90-yillardagi banditcha voqealar shodasidan iborat serialni hanuz yuzda tabassum bilan eslashadi.

Uyushgan jinoiy guruhning to‘rt nafar ishtirokchisi o‘z zamonasining eng mashhur qahramonlariga aylandi. "Gigant saga" aktyorlari bugun nimalar bilan band ekani qiziq bo‘lsa, quyida taqdim etiluvchi ma'lumotlar siz uchun.

Foto: Storyx.me

Sergey Bezrukov

43 yoshda

Bezrukovning karerasi teatr sahnasidan boshlangan. 90-yillarda u "Revizor", "Aql bovar qilmas kun yoki Figaroning uylanishi" kabi qator spektakllarda rol o‘ynagan.

Bu vaqtga kelib Bezrukov mashhur yosh teatr aktyori bo‘lgan, biroq haqiqiy yulduzlik onlari uni oldinda televideniyeda kutayotgandi. 2002 yilda "Brigada" seriali ekranlarga chiqdi va unda Sergey Bezrukov gangster "Sasha Belyy" rolida namoyon bo‘ldi.

Aktyor o‘z qahramonini hurmat qilgan. "Mening barcha qahramonlarim - ijobiy, jumladan "Sasha Belyy" ham, - degan Bezrukov intervyulardan birida. - Uning nimasi yomon? U banditlar olamida axloqiy qonunlarini targ‘ib qiladi".

"Agar ulg‘ayib kelayotgan avlodning barcha vakillari u kabi  kuchli va dadil bo‘lganda edi, juda yaxshi bo‘lardi", - deydi u.

Keyinroq, bandit obrazidan xalos bo‘lish maqsadida  Bezrukov Yesenin va Pushkin rollarini, hatto "Uchastok" serialida militsioner rolini ham ijro qildi.

2015 yilning bahorida 15 yil birga yashagan birinchi turmush o‘rtog‘i Irina bilan ajrashdi. Ajrimdan so‘ng Bezrukov rejissyor Anna Matisonga uylandi. Hozirda juftlikning 1 yoshli qizi bor (birinchi oilasidan farzandi yo‘q).

Foto: Storyx.me

Dmitriy Dyujyev

38 yosh

"Kosmos" roli Dyujyevning kinodagi oltinchi ishi bo‘ldi.  Biroq bu uning birinchi bosh roli edi. Dyujyev banditlar mavzusini Aleksey Balabanovning "Jmurki" filmida ham davom ettirdi, "Qat'iy rejim ta'tillari" komediyasida esa Bezrukov va Dyujyev qamoqxonadan qochgan "zek"lar rolini o‘ynab, o‘zlarining gangsterlik amplualari ustidan kulishgan.

Dyujyevning hayotida og‘ir damlar ko‘p bo‘lgan. 1998 yilda Dyujyevning 12 yoshli singlisi Nastya leykemiyaga chalinib, hayotdan ko‘z yumdi.

4 yil o‘tgach ("Brigada" namoyish qilingan yili), qizining o‘limidan o‘ziga kela olmagan otasi o‘z joniga qasd qilgan, undan bir yil keyin esa Dmitriyning onasi ham vafot etgan - uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan.

Mana 10 yildirki, Dmitriy Dyujyev Tatyana Zaytseva bilan baxtli hayot kechirib kelmoqda. Oilada ikki o‘g‘il - Ivan va Dmitriy voyaga yetmoqda.

Foto: Storyx.me

Pavel Maykov

41 yosh

Pavel ham Dyujyev kabi ilk bosh rolini "Brigada"da o‘ynagan - bunga qadar esa "Sibirskiy tsiryulnik"da kaskadyor bo‘lib ishlagan va Tigran Keosayanning "Mujskaya rabota" filmida epizodda ko‘rinish bergan.

Asosiy roldagi boshqa aktyorlar bilan bo‘lganidek, "Pchela" roli Maykovga misli ko‘rilmagan mashhurlik olib keldi.

Biroq aktyorning keyingi karerasi qolgan yigitlarga nisbatan muvaffaqiyatsiz davom etdi.

Yaqinda Maykov "Izmeny" va "Vy vse menya besite" seriallarida rol o‘ynadi. Pavel va aktrisa Yekaterina Maslovskayaning 14 yoshli Daniil ismli o‘g‘illari bor.

Foto: Storyx.me

Vladimir Vdovichenkov

45 yosh

Vladimir Vdovichenkov VGIKda o‘qib yurgan kezlaridayoq kinoda rol o‘ynay boshlagan. Darvoqe, u institutga 25 yoshda kirgan. O‘sha yillari Vladimirning birinchi — Delfinning "Diler" klipidagi roli ancha mashhur bo‘lgandi.

Bunga qadar Vdovichenkov flotda xizmat qilgan. Armiyaga borgisi kelmagan, biroq undan qochish niyati ham yo‘q edi, shu bois Kronshtadtdagi dengizchilar maktabiga o‘qishga kirgan.

"Men yordamchi Shimoliy harbiy flotga taqsimlangan. Biz suv osti qayiqlari va boshqa kemalarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanar edik", - deydi u.

Uch yil ishlab, harbiy chiptasini qo‘liga olgan. Vdovichenkovning hayotida "dengiz davri"dan keyin kasblar borasida tajribalar davri boshlangan. Oxir-oqibat u Moskva shahriga borib, aktyor bo‘lishga qaror qilgan.

Vdovichenkov dastlab epizodlarda rol o‘ynagan - masalan, "Granitsa. Tayojnyy roman" va "Marsh Turetskogo" seriallarida.

Biroz vaqt o‘tib, bosh rollarga takliflar tusha boshlagan. "Grajdanin nachalnik" serialida u Kolya-afg‘onchi, "Brigada"da esa — "Fil" rolida namoyon bo‘lgan

Aktyorning keyingi tanilgan roli - yana bir banditcha drama hisoblangan "Bumer"dagi Kostya "Kot" roli.

Aktyorning shaxsiy hayoti professional hayoti kabi "qaynoq" bo‘lgan. Vdovichenkov birinchi marta 18 yoshida sinfdoshiga uylangan, ikkinchi turmushi - 20 yoshida, uchinsi esa - 27 yoshida qayd etilgan. 2005 yilda esa u yangi muhabbatini uchratgan. Bu - aktrisa Olga Filippova edi. 2005 yilning 21 aprelida Olga va Vladimir qiz farzandli bo‘lishgan. 2014 yilda esa Vdovichenkov qizining onasi bilan ajrashgan va bir yildan so‘ng Yelena Lyadovaga uylangan.

Foto: Storyx.me

Yekaterina Guseva

40 yosh

Katya Guseva ilk rolini uncha tanilmagan "Zmeinyy istochnik" trillerida ijro etgan. Biroq 5 yildan so‘ng uni "yutuq chiptasi" — "Brigada"da Sashaning turmush o‘rtog‘i roli kutib turardi. Serial namoyish etilgan 2002 yil aktrisa uchun  katta halokat ham keltirgan: Dubrovkadagi Teatr markazi binosida Guseva o‘ynagan "Nord-Ost" myuzikli truppasi terrorchilar tomonidan qo‘lga olingan.

O‘sha oqshom sahnada Yekaterinaning boshqa aktyorlik tarkibidagi hamkasblari bo‘lgan, uch kun terakt davomida aktrisa teatr devorlarini tark etmagan. Oxir-oqibat truppaning 17 nafar aktyori va 2 bola halok bo‘lgan.

Yekaterina Guseva turmush o‘rtog‘i - ishbilarmon Vladimir Abashkin bilan 19 yoshli o‘g‘li Lyosha va 7 yoshli qizi Anyani tarbiyalamoqda.

Mavzuga oid