Iqtisodiyot | 10:07 / 03.03.2025
11867
4 daqiqa o‘qiladi

Bir qator xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi

2025 yil 1 apreldan qator sub’yektlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi. 

“Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar bir yoki bir nechta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish) yoki sotish yoxud sotib olish, shuningdek, yagona operatorlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun quyidagilar asosida taqdim etilgan mutlaq huquq eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etiladi:

  • qonunchilik hujjatlari bilan istisno tariqasida berilgan ruxsat (huquq);
  • umumiy tartibdan tashqari ravishda berilgan yakka tartibdagi litsenziya (ruxsatnoma).

Bunda tanlov (tender) asosida taqdim etilgan litsenziyalar (ruxsatnomalar) eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etilmaydi.

2025 yil 1 apreldan eksklyuziv huquq xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga qonunlar va Prezident farmon va qarorlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga faqat quyidagi maqsadlar uchun beriladi:

  • konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash;
  • tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish.

2025 yil 1 apreldan quyidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi:

  • “O‘zbekekspertiza” AJ va uning hududiy bo‘linmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish bo‘yicha;
  •  “O‘zInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha;
  • “Milliy PR-markazi” DUKning O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translatsiya qilish bo‘yicha;
  • Sag agro MTP MChJning yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha;
  • “O‘zbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha.

“Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUKning turoperator, joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘isi trassalari va plyajlar xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa berish, shuningdek, sertifikatlashtirilgan xizmatlarining standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish vazifasi Turizm qo‘mitasiga o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Raqobat qo‘mitasi 2023 yil 1 oktyabrdan e’tiboran eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning reyestrini yurita boshlagan. Bu reyestr tashkil etilganidan buyon yopiq qolmoqda. Raqobat qo‘mitasi 2024 yil yanvarida Kun.uz savoliga javoban reyestrni ochiq e’lon qilish bo‘yicha prezident administratsiyasiga taklif kiritilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid