Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islom oilasi buzilayotgan er-xotin muammosini qanday isloh etadi?
Nikoh va oilaga munosabat deganda dinimizning oilaga e'tibori va jamiyatda oilaning o‘rni nazarda tutiladi. Islom dini oila sha'nini qanchalik himoya qilishini, oila Qur'oni karimda ham bosh mavzulardan ekanini anglash uchun Niso surasidan ikki oyat va ularning tafsiri bilan tanishish kifoyadir.
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاء بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنفَقُواْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ فَالصَّالِحَاتُ قَانِتَاتٌ حَافِظَاتٌ لِّلْغَيْبِ بِمَا حَفِظَ اللَّهُ وَالَّلاتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلاَ تَبْغُواْ عَلَيْهِنَّ سَبِيلاً إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا
«Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar) ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya'ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo, ularga nasihat qiling, so‘ngra (bu ta'sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark eting, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uring. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmang. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir» (34-oyat).
وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُواْ حَكَمًا مِّنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِّنْ أَهْلِهَا إِن يُرِيدَا إِصْلاحًا يُوَفِّقِ اللَّهُ بَيْنَهُمَا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا خَبِيرًا
«Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboring. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir» (35-oyat).
Endi oyatlarni batafsil tahlil qilib ko‘raylik. Ha, jamiyat xayr-baraka ila rivoj topib borishi uchun unda tartib-intizom, tinchlik-omonlik hukm surishi, rahbar bo‘lishi lozim. Islom ta'limotiga ko‘ra, oila jamiyatning asosidir. Shunday ekan, oilaning ham rahbari bo‘lishi kerak. Ana shu rahbarlik erkakka berildi. Nima uchun?
“Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”.
Demak, erkak kishi oilaga rahbar qilinganining ikkita sababi bor.
Birinchisi, Alloh taolo erkakni ayoldan afzal qilib yaratganidir. Darhaqiqat, erkak kishi jismonan ham, ichki va tashki qiyofasi, irodasining mustahkamligi, ruhiy-nafsoniy va boshqa taraflardan ham oila rahbari bo‘lishga mos qilib yaratilgan.
Ikkinchi sabab oila qurish va bu yo‘ldagi barcha sarf-xarajatlar erkak kishi zimmasida ekanidir. Bunday rahbarlik ulkan mas'uliyatdir. Ushbu mas'uliyat erkak kishi zimmasiga oilaga, jumladan, ayolga homiylik qilish, uni boqish, muhofaza qilish vazifalarini yuklaydi.
Oyatning mazmuni shuni ko‘rsatyaptiki, agar ushbu rahbarlikka erkaklar tanlanishidagi sabablar buzilsa, rahbarlik ularning qo‘lidan ketadi. Masalan, oila nafaqasi erkak zimmasida edi, lekin erkak hech bir sababsiz uyda o‘tirib, o‘rniga ayolini ishlashga majbur qilsa, bechora xotin oilasini boqaman deb, bola-chaqamni yedirib-ichiraman, erimga qarayman deb, bozorma-bozor, yurtma-yurt sarson-sargardon kezsa, albatta, bunday oiladagi rahbarlik o‘z-o‘zidan o‘sha ayol qo‘liga o‘tgan bo‘ladi. Chunki moliyaviy boshqaruv kimning qo‘lida bo‘lsa, hal qiluvchi qaror egasi ham o‘sha bo‘ladi. Bu, avvalo, erkakni oila rahbarligiga mos qilib yaratgan Alloh taoloning irodasiga qarshi chiqish o‘laroq, jamiyat nizomining buzilishiga ham olib keladi. Insof bilan o‘ylab ko‘raylik, bugun to‘ygacha, to‘y va undan keyingi ko‘pgina sarf-xarajatlar asosan, qiz tomondan qilinmayaptimi? Xuddi mana shu narsa turmushning ilk kunlaridanoq bu er tilini qisiq qilib, oiladagi rahbarlik va mas'uliyat kelin qo‘liga o‘tib ketishiga sabab bo‘lmayaptimikan?!
“(Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya'ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir”.
Biz “itoatkor” deb tarjima qilayotgan so‘z oyati karimada “qonitatun” lafzi ila kelgan, aslida kundalik arab tili muomalasida itoatkorlik so‘zi boshqa fe'llar vositasida ifoda qilinadi. Bu so‘z esa, o‘z irodasi, ixtiyori va muhabbatiga ko‘ra itoat qilish ma'nosini anglatadi. Demak, mo‘mina, soliha ayollarning birinchi sifati itoatkorlikdir. Bu itoatkorliklari qo‘rqishdan, majburlashdan emas, balki o‘z mas'uliyatlarini tushunganlaridan kelib chiqqan ixtiyoriy munosabatdir.
Mo‘mina, soliha ayollarning xislatlaridan yana biri shundaki, ular erlari yonlarida turgan paytlardagina emas, balki biror sabab bilan oiladan uzoqda bo‘lgan chog‘larida ham ularning haq-huquqlari va obro‘-e'tiborlarini muhofaza qiladilar. Bunday muhofaza ularning o‘z fikrlariga yoxud erlarining talabiga binoan emas, Alloh subhonahu va taoloning amriga ko‘ra bo‘ladi.
Imom ibn Jarir Tobariy va Ibn Abi Hotimlar Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Nabiy (alayhissalom): «Ayollarning yaxshisi – nazar solsang, xursand qiladigani, amr qilsang, itoat etadigani va uyda bo‘lmasang, seni o‘z nafsida va molingda muhofaza qiladiganidir», deganlar.
Lekin hamma ayollar ham solihalik maqomiga loyiq bo‘la olmaydilar. Ba'zilari o‘z hadlarini unutgan holda, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik ko‘rsatadilar. Bunday hollarda ularga oldin nasihat qilinadi. Bu foyda berib, munosabatlar izga tushib ketsa, ayni muddao. Lekin harakatlar samarasiz bo‘lsa, xotinning itoatsizligi davom etaversa, boshqa choralar ko‘riladi. Hijron – to‘shakda birga yotmaslik, gaplashmaslik ana shunday choralardandir. Albatta, hijron, ya'ni xonaning o‘zida to‘shakni boshqa qilish hassos uslub bo‘lib, ayol kishiga va'z-nasihatdan ham kuchliroq ta'sir qiladi. Gaplashmaslik esa uch kundan ortiq davom etmasligi kerak. Erlarining e'tiborsizligi, gaplashmay qo‘ygani hali insofini yo‘qotib ulgurmagan ayollarni “ko‘zlarini kattaroq ochishga” majbur etadi.
“Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qiling, so‘ngra (bu ta'sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark eting, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada)uring”.
Urish deganda, albatta, qattiq kaltaklash, a'zolarini mayib qilish yoki boshqa jarohatlar yetkazish tushunilmaydi. Ulamolarimiz bu yerdagi “urish”ni “misvok yoki biron barmoq ila turtish”, deb tushuntirganlar.
Muoviya ibn Hayra Qushayriy (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?” deb so‘raganida, Nabiy (alayhissalom): “Agar taom yesang, unga ham yedirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma”, deganlar.
Ko‘rinib turibdiki, oyati karimadagi “urish”ga berilgan izn faqat po‘pisa uchun, o‘zini bilmagan ayollarga ta'sir o‘tkazish uchundir. Avvalo, bu oyatdagi “urish” farz ham emas, vojib ham, sunnat ham, mustahab ham emas. Bu “urish” do‘q-po‘pisa, norozilikni bildirish, xolos. Amalda esa deyarli qo‘llanilmaydi. Ko‘pchilik ulamolar: “Berilgan ushbu izndan foydalangandan ko‘ra foydalanmagan yaxshiroq”, deganlar. Buning ustiga, ko‘plab hadislarda erlarga ayollarni urmaslik ta'kid bilan tayinlangan.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ زَمْعَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: لاَ يَجْلِدُ أَحَدُكُمُ امْرَأَتَهُ جَلْدَ الْعَبْدِ ثُمَّ يُجَامِعُهَا فِي آخِرِ الْيَوْمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ
Abdulloh ibn Zam'adan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Birortangiz o‘z ayolini qulni kaltaklagandek kaltaklamasin. Keyin, kunning oxirida yaqinlik qilgisi kelib qolishi ham bor”, dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Termiziy).
Ushbu hadisi sharif yuqorida o‘rgangan oyatimizdagi “urish”dan murod qattiq urish emasligiga yaqqol dalildir. Agar oyatda qattiq urish qasd qilinganida, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday demagan bo‘lardilar. Xotin qul emaski, uni xohlagan vaqtda kaltaklab, xohlagan vaqtda yana ishlataverilsa. Hatto qulni ham kaltaklash yaxshi emas. Xotinga qo‘l ko‘tarishdan oldin uni qo‘ynida olib yotishni ham, ko‘zi-ko‘ziga tushishini ham bir o‘ylab qo‘yish lozim bo‘ladi. Ulamolarimiz “xotinni qattiq kaltaklash haromdir”, degan hukmni mana shu hadisdan olganlar.
Ayol kishi tabiatan ta'sirchan, shoshqaloq va tez achchiqlanuvchi bo‘ladi. Sal narsaga eriga nisbatan itoatsizlik qilib qo‘yishi mumkin. Ammo keyin o‘ziga kelib, itoatga qaytsa, unga qarshi chora ko‘rishga zarurat qolmaydi.
“Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmang”.
Bu oilani mustahkamlash uchun zarurdir. Chunki bir-biriga nisbatan kechirimli bo‘lish doimo yaxshilik keltiradi.
Kim bu ko‘rsatmalarga yurmasa, o‘zidan ko‘rsin. Chunki “Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”.
Ba'zida bu choralarni qo‘llash ham naf bermasligi mumkin. Agar kelishmovchilik ham er, ham xotin tomonidan yuz bersa, endi uni oila sirini tashqariga chiqarmasdan hal etishning iloji qolmagan bo‘ladi. Bunday holatda boshqalar aralashib bo‘lsa ham, oilani saqlab qolishga urinib ko‘rish zarurdir.
“Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboring. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay”.
Albatta, hakam ularning o‘zlaridan, ya'ni er-xotin rozi bo‘ladigan qarindoshlardan yoki begonalardan tayinlanadi. «Rozi bo‘ladigan» deb shart qo‘yilayotgani hakamlar chiqargan hukm har ikki tomonga maqbul bo‘lishi uchundir. Shu bois hakamlar aqlli, tajribali, turmushning past-balandidan xabardor, Allohdan qo‘rqadigan, adolatli hukm chiqarishga harakat qiladigan kishilar bo‘lishlari kerak. Ularning asosiy vazifasi er-xotin orasini o‘nglashdan iborat. Shuning uchun ham oyati karimada:
“Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay”, deb, hakamlarga yarashtiruvchilik nisbati berilmoqda.
Ba'zi ulamolar xuddi shu tushunchadan kelib chiqib: «Ularga faqat yarashtirish, isloh qilish huquqi berilgan», deydilar. Boshqalari esa: “Holatni o‘rgangach, islohning iloji bo‘lmasa, er-xotinni ajratib qo‘yishga haqlari bor, shuningdek, tegishli jazo choralarini, mol-mulkka doir masalalarni ham hal etishlari mumkin”, deyishadi.
Hazrat Usmon Zinnurayn (roziyallohu anhu) xalifalik yillarida xuddi shu oyati karimaga amal qilib ish yuritgani tafsir kitoblarida naql qilingan.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Mavzuga oid
13:40 / 07.11.2025
Abakanda og‘ir ahvolga tushgan ona va 3 farzandi vatanga qaytarildi
17:43 / 03.11.2025
Nikohdan ajralishlarning asosiy sababi fe’li to‘g‘ri kelmasligi ekani ma’lum bo‘ldi
16:49 / 14.10.2025
Ayolning kayfiyati - butun uyning energiyasi
15:56 / 14.10.2025