O‘zbekiston | 16:00 / 27.01.2019
11223
3 daqiqa o‘qiladi

Titanlar jangi. Jokovich Nadaldan ustun keldi va Australian Open tarixiga kirdi

Foto: Reuters

Melburnda erkaklar o‘rtasida Australian Open finali bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning birinchi raqamli raketkasi, serbiyalik Novak Jokovich uch set davom etgan (2 soat) bahsda turnirga ikkinchi raqam ostida saralangan ispaniyalik Rafael Nadaldan ustun keldi – 6:3, 6:2, 6:3.

Shu tariqa, Jokovich Avstraliya Ochiq chempionati tarixida 7 marta chempion bo‘lgan yagona sportchiga aylandi.

Bundan tashqari, Melburndagi g‘alaba evaziga Novak «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarda qo‘lga kiritgan sovrinlari sonini 15taga yetkazib, bu borada ham peshqadam bo‘lib oldi. Bu borada eng yaxshi birinchi va ikkinchi natijalar Rodjyer Federer (20) va Rafael Nadalga (17) tegishli hisoblanadi.

Nadal yarim finalda Stefanos Tsitsipasni mag‘lub etgandi (gretsiyalik bu tennischi nimchorak finalda turnirning amaldagi g‘olibi Rodjyer Federerni uyiga erta jo‘natgandi), serbiyalik tennischi esa final ostonasida fransiyalik Lyuka Puini taslim qilgandi. 

Qayd etish kerakki, bu Jokovich va Nadalning o‘zaro 53-to‘qnashuvi bo‘ldi (bu borada bu juftlik yetakchi, ikkinchi o‘rinda Jokovich va Federer to‘qnashuvi - 48 marta). Bugungi g‘alabadan keyin Jokovich Nadalni 28-25 hisobida ortda qoldirmoqda.

E'tiborli tomoni, Melburnda, Avstraliya Ochiq chempionati doirasida Rafael va Novak faqat bir marta uchrashgan, bu 2012 yilgi finalga to‘g‘ri keladi, o‘shanda ham serbiyalik tennischi qariyb 6 soat davom etgan bahsda ustun kelgandi.

Bugungi final Nadal uchun «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarda 25-final bo‘ldi, Jokovich uchun esa – 24-final.

Qayd etish kerakki, Jokovich va Nadal ikkisi bir bo‘lib «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirlarning oxirgi 35tasidan 24tasida g‘olib chiqishgan.

2018 yilda Avstraliya Ochiq chempionatida finalda xorvatiyalik Marin Chilichdan ustun kelgan shveysariyalik Rodjyer Federer chempion bo‘lgandi.

Australian Open

Melburn, Avstraliya

14 – 27 yanvar

«Katta dubulg‘a» turniri

Sovrin jamg‘armasi – 60 000 000 Avstraliya dollari

Ochiq kortlar, xard

Yakkalik razryad

Final

Novak Jokovich (Serbiya) – Rafael Nadal (Ispaniya) 
6:3|6:2|5:3

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid