O‘zbekiston | 09:14 / 20.01.2026
2886
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar tizimida migratsiya xizmatlari raqamlashtiriladi: “Aqlli” shoxobchalar joriy etiladi

Prezident qarori bilan ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali xizmatlar sifati oshiriladi. 2026 yildan ayrim hududlarda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan “Aqlli” migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi.

Foto: Kun.uz 

O‘zbekiston prezidenti qaroriga muvofiq, migratsiya va personallashtirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalari bosqichma-bosqich aholi uchun qulay va shaffof xizmat ko‘rsatuvchi servis tuzilmalariga aylantiriladi, sohada davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi hamda shaxsga doir ma’lumotlarning ishonchliligi ta’minlanadi.

Qarorga asosan, 2026 yil 1 maydan boshlab tajriba tariqasida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar)da sun’iy intellekt asosida ishlovchi, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega “Aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi. Ularda bir qator davlat xizmatlari avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rsatiladi, keyinchalik xizmat turlari kengaytirib boriladi.

Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida qator yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, 2026 yil 1 fevraldan boshlab ID karta birinchi marta rasmiylashtirilganda elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi. 1 maydan esa elektron viza asosida kirib kelgan chet el fuqarolari vizasini 30 kungacha uzaytirish vakolati migratsiya bo‘linmalariga beriladi.

Qarorda sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026 yil davomida Passport-visa mobil ilovasi, E-Rozilik platformasi ishga tushiriladi, “Yagona raqamli migratsiya” platformasi yaratiladi. Ayrim xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.

Mazkur qaror ijrosi uchun ichki ishlar vaziri shaxsan mas’ul etib belgilandi, ijro nazorati bosh vazir va prezident administratsiyasiga yuklatildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid