O‘zbekiston | 16:08 / 27.02.2019
6549
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi: endi apostil qo‘yish DXM orqali amalga oshiriladi

Foto: Fotolia

Bugungi kunda mamlakatda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida fuqarolarga qulayliklar yaratish, ularning hujjatlarni ko‘tarib idorama-idora yurish holatlari va ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma'lumki, xorijiy davlatlarda amal qilish yoki xorijiy davlatlarning qaysidir tashkiloti yoki organiga taqdim qilish uchun berilgan hujjat (ishonchnoma, shartnoma, guvohnoma, ma'lumotnoma)dagi imzoning va hujjatga qo‘yilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini tasdiqlab, maxsus shtamp qo‘yish apostil hisoblanadi. 

Bugungi kungacha xorijiy davlatlarda amal qilishi uchun berilgan hujjatlarni tasdiqlatish uchun fuqarolar Adliya vazirligiga, Toshkent shahriga kelishlari zarur edi. Yangi tartibga asosan bu talab bekor qilinib fuqarolar ushbu hujjatlarni tasdiqlatish uchun Toshkent shahriga kelib yurmasdan, o‘zlarining doimiy yashash joylaridagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladilar.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, markaz xodimlari tomonidan elektron anketa to‘ldirilib, 10 daqiqa ichida tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyat yoki Toshkent shahar adliya boshqarmasiga yuboriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahar adliya boshqarmasi anketani qabul qilib olganidan so‘ng 5 ish kuni ichida hujjatni tasdiqlash (apostil qo‘yish) bo‘yicha qaror qabul qiladi. Hujjatlar tasdiqlangan taqdirda darhol davlat xizmatlari markaziga yetkaziladi. 

Davlat xizmatlari markazi hujjat tasdiqlanganligi haqidagi xat tushgandan so‘ng 1 soat mobaynida hujjatini olib ketish uchun ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Qonunchilikka kiritilgan bu o‘zgarish fuqarolarda hujjatlarni rasmiylashtirishdagi noqulayliklar, ortiqcha mablag‘ va vaqt yo‘qotishning oldini olishga xizmat qiladi.  

Mavzuga oid