Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yadro qurollarini ko‘z-ko‘z qilgan Xitoy, Pekinni tiyib turishni o‘ylayotgan AQSh va Lissabondagi halokat – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Pekin paradi qanday o‘tdi?
3 sentabr kuni Xitoy prezidenti Si Jinping Pekin markazida ommaviy harbiy paradga boshchilik qildi. Si qisqa nutqi kelajakka qaratildi: bugun Xitoy kuchli, hech kimdan qo‘rqmaydi va dunyoda yetakchi rolni o‘ynashga tayyor. Uning yonida joy olgan Vladimir Putin, Kim Chen In, Eron va Pokiston prezidentlari esa bu geosiyosiy signal mazmunini keskinlashtirdi.
Taxminan 90 daqiqa davom etgan paradda Xitoy ilk bor dengiz, quruqlik va havo bazalaridan birgalikda uchirilishi mumkin bo‘lgan, yadro kallaklarini tashishga qodir raketalar «uchligini» namoyish etdi.
Shuningdek, paradda namoyish etilgan «Donfeng-5C» raketasi bir nishonga ko‘p sonli, mustaqil boshqariladigan jangovar kallaklarni tushirish qobiliyatiga ega.
Xitoy dron hujumlariga qarshi to‘liq anti-dron tizimlari, yuqori energiyali lazer qurollari va yuqori quvvatli mikroto‘lqinli qurollarni ham namoyish etdi. Dengizdagi kemalarni yakson qilishga mo‘ljallangan gipertovushli raketalar esa Yaponiyadagi AQSh flotining asosiy tashvishga soluvchi qurollardan biri hisoblanadi.
Marosim boshlanganida AQSh prezidenti Donald Tramp munosabat bildirib, Sini Amerika ko‘rsatgan yordamni e’tiborsiz qoldirishda aybladi.
«Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarshi til biriktirar ekansizlar, Vladimir Putin va Kim Chen In janoblarga eng samimiy salomlarimni yetkazing», deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Tahlilchilarga ko‘ra, aslida ham Si Jinpingning paradi o‘tmishni eslash bilan cheklanmay, G‘arbga Xitoyni «to‘xtatib bo‘lmasligi» haqida geosiyosiy signaldir.
Bu ham yetmaganidek, Donald Tramp shu kunlarda Pentagonga AQSh qurolli kuchlarini qayta qurish va zarurat tug‘ilganda Rossiya va Xitoyni tiyib turish uchun tayyorlashni topshirgani ma’lum bo‘ldi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyning avvalgi ma’muriyati layoqatsizligi Rossiya va Xitoyning o‘zaro yaqinlashishiga yordam bergan.
«Shuning uchun ham prezident Tramp mudofaa vazirligiga tayyor turishni topshirdi, jumladan, harbiy ruhni tiklash va tiyib turishni qayta tiklash uchun qurolli kuchlarimizni tarixiy tarzda qayta qurishga», dedi Hegset.
AQSh mudofaa vazirining aytishicha, Oq uyning hozirgi ma’muriyati «koinotda, osmonda, dengizda va suv ostida strategik ustunlikni» saqlab qolmoqchi. Shu bilan birga, Hegset «Oltin gumbaz» tizimini tilga oldi, uning so‘zlariga ko‘ra Xitoy hozircha uni qurolmaydi.
Paradda bo‘lgan yana bir qiziq hodisa: Xitoy raisi Si va Putin minbarga chiqish oldidan zamonaviy texnologiyalar yordamida umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish imkoniyatlarini gaplashdi. Ularning o‘zaro so‘zlashuvi rasmiy translatsiyaga tushib qolgan.
Xususan, Putin «inson a’zolarini doimiy ravishda ko‘chirib o‘tkazish va odamlar o‘zini tobora yosh his qilishi» haqida gapirgan bo‘lsa, Si esa «150 yoshgacha yashash imkoniyati» haqidagi bashoratlarni aytib berdi. Shundan so‘ng translatsiya boshqa kameraga o‘tkazildi. Umrboqiylik haqida gapirayotgan Putin va Si Jinping deyarli tengdosh — 72 yoshda. Putinning prezidentlikdagi qonuniy muddati 2036 yilda tugaydi, Siniki esa 2028 yilda.
Hamas G‘azo bo‘yicha sulhga tayyorligini aytdi
Hamas 3 sentabr kuni yana bir bor G‘azo bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qildi. Reuters'ga ko‘ra, barcha isroillik garovdagilar ozod qilinadi, buning evaziga kelishilgan miqdorda falastinlik mahbuslar qo‘yib yuboriladi.
Guruhning bu bayonoti AQSh prezidenti Donald Tramp Hamasni 20 nafar garovni ozod qilishga chaqirganidan ko‘p o‘tmay bildirildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi Hamas bayonotini tanqid qildi.
«Afsuski, bu yana Hamasning hech qanday yangilik olib kelmagan navbatdagi chalg‘ituvchi yurishidir», deyiladi bayonotda.
Netanyahu ofisi shuningdek, urush tugashining shartlarini aytdi. Ularga ko‘ra, qachonki — G‘azoda barcha garovdagilar ozod etilganda, Hamas qurolsizlantirilganda, sektor demilitarizatsiya qilinganda, Isroil hududda xavfsizlik nazoratini o‘rnatganda va muqobil fuqarolik boshqaruvi tashkil etilganda urush tugaydi.
Hamas avgust oyida ham Isroil bilan 60 kunlik sulh taklifiga rozi bo‘lgandi. Misrlik rasmiy manbaga ko‘ra, Hamas qabul qilgan taklif Isroilning 60 kun davomida harbiy operatsiyalarini to‘xtatishini va deyarli ikki yillik mojaroga yakun yasovchi keng qamrovli kelishuvning asosiy tamoyillarini belgilashni o‘z ichiga olgan. Netanyahu esa bir necha kundan keyin Isroil barcha garovdagilarni ozod qilish va urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni darhol davom ettirishini, biroq faqat Isroil uchun maqbul shartlarda bo‘lishini aytdi.
Ayni vaqtda Isroil G‘azoda olib borayotgan genotsid ko‘rinishidagi urush oqibatida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.
Ukrainadagi urush va sanksiyalar
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda hamkorlikni davom ettirmasa, uning ma’muriyati Moskvaga qarshi choralar ko‘rishi mumkinligini tan oldi.
«Putin mening pozitsiyamni biladi va u yoki bu tarzda qaror qabul qiladi”, - dedi Tramp. Shu bilan birga, Oq uy rahbari rossiyalik hamkasbiga aniq murojaati yo‘qligini tushuntirdi.
Muxbirlardan biri Trampdan o‘z lavozimiga kirishganidan buyon Rossiyaga nisbatan hech qanday chora ko‘rmagani haqida so‘radi.
«Siz Hindistonga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etilganini hisobga olmayapsiz. Bu Rossiyaga yuzlab milliard dollarga tushdi. Siz buni harakatsizlik deb ataysizmi? Men hali ikkinchi va uchinchi bosqichni boshlaganim yo‘q», dedi prezident.
AQSh moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, Rossiyaga qarshi keyingi sanksiyalar uchun «barcha variantlar muhokama qilinmoqda»
«Prezident Putin Ankorijdagi tarixiy uchrashuv va Oq uydagi telefon suhbatidan so‘ng o‘zi aytganining teskarisini qildi – aslida u bombardimonlarni kuchaytirdi», - dedi Bessent.
Putin esa Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyorligini aytdi
«Agar Zelenskiy tayyor bo‘lsa — Moskvaga kelsin», dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoyga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Shu bilan birga, u yana Zelenskiy prezidentligining qonuniyligini shubha ostiga oldi.
Bunday uchrashuv g‘oyasini Putin avvalroq, Donald Tramp bilan suhbatda ham taklif qilgandi. Ammo Ukraina prezidenti «Faqat Moskvada emas», deb bu taklifni rad etdi.
Lissabonda temiryo‘l halokati: kamida 15 kishi halok bo‘ldi
3 sentabr kuni Portugaliyada Lissabonning Gloriya funikulyor temiryo‘lida, turistlar orasida mashhur va shahar ramzlaridan biri hisoblangan vagon relsdan chiqib ketib, ag‘darildi. Hodisada kamida 15 kishi halok bo‘ldi, yana 18 kishi jarohat oldi.
Hokimiyat jabrlanganlarning shaxsini yoki fuqaroligini oshkor qilmadi, biroq marhumlar orasida xorijiy fuqarolar ham borligini bildirdi. Ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir ekani aytildi.
«Bu shahrimiz uchun fojiali kun... Lissabon motamda, bu juda-juda fojiali hodisa», dedi poytaxt meri Karlos Moedas jurnalistlarga. Portugaliya hukumati payshanba kunini milliy motam kuni deb e’lon qildi.
Voqea joyidan olingan kadrlarda vayron bo‘lgan sariq tramvay ko‘rinishida bo‘lgan funikulyor ko‘rsatildi. U poytaxtning tik tepaliklaridan odamlarni yuqoriga va pastga tashib yurardi. Qutqaruvchilar odamlarni vayronalar orasidan chiqarib olmoqda.
Shahar hokimiyatiga ko‘ra, har biri 40 kishini tashishga mo‘ljallangan ikkita vagon mavjud bo‘lib, pastdagi vagon shikastlanmagan. Biroq CNN Portugal efirga uzatgan guvohlarning videosida u keskin silkinayotgani, yo‘lovchilar derazalardan sakrab tushayotgani va odamlarning qichqirayotgani ko‘ringan.
Politsiya tergovchilari hodisa joyini tekshirmoqda, Bosh prokuratura rasmiy tergov boshlashini ma’lum qildi.
Pentagon Venesuela prezidentini ag‘darish bo‘yicha operatsiyaga tayyor
AQSh Venesuelada Nikolas Maduro rejimini ag‘darish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ma’lum qildi. Shuningdek, u Oq uy bu vazifani bajarish uchun armiyaning barcha resurslarini ishga solishga tayyorligini qayd etdi.
«Venesuelada rejimning ehtimoliy o‘zgarishi to‘g‘risidagi qaror prezident [Donald Tramp] darajasida qoladi», deb ta’kidladi Pentagon rahbari.
Hegset AQSh ma’muriyati «narkobiznes davlati rahbari» deb atagan Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatishga ochiqchasiga intilayotganini tasdiqladi. Vazir Venesuela prezidentini «Amerika xalqiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatgan» giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda aybladi.
2 sentabr kuni AQSh harbiylari Karib dengizining janubiy qismida Venesueladan kelayotgan va giyohvand moddalar ortilgan kemani cho‘ktirgandi. Donald Trampning «narkoterrorchilar» deb atagan qayiqda 11 kishi halok bo‘lgan.
AQSh harbiylarining Karib dengizida faolligi va kema portlashi ortidan Maduro telemurojaat bilan chiqdi. U Vashington Venesuelaning tabiiy boyliklarini tortib olish uchun giyohvand moddalarga qarshi kurashdan o‘ylab topilgan bahona sifatida foydalanayotganini aytdi.
Mavzuga oid
14:59 / 25.12.2025
Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti
14:02 / 24.12.2025
G‘azoda ta’mirlangan shifoxona, aviahalokatga uchragan Liviya harbiy qo‘mondoni, BMTda bahslashgan AQSh va Eron – kun dayjesti
16:08 / 23.12.2025
Grenlandiyaga ko‘z tikkan Tramp, Xitoyning yadroviy ambitsiyalari va Moskvada portlatilgan general – kun dayjesti
15:47 / 22.12.2025