O‘zbekiston | 17:01 / 09.07.2025
10114
2 daqiqa o‘qiladi

IIVga tezlik cheklovlarini qayta ko‘rib chiqsa bo‘ladigan yo‘l uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish topshirildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligidagi videoselektorda ichki ishlar vazirligiga viloyat hokimlari bilan tezlik cheklovlarini qayta ko‘rib chiqsa bo‘ladigan yo‘l uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish topshirildi.

Qoidabuzarlik uchun ayrim YHXBlar oradan 7-8 oy o‘tib jarima qo‘llash qarorini chiqarayotgani bo‘yicha e’tirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oyda qarori chiqmasa, haydovchi hech qanday jarima to‘lamasligi belgilandi.

Zamonaviy yo‘llar qurilayotgani, yuqori xavfsizlik moslamalari mavjud mashinalar soni ham kun sayin ko‘payib borayotgani sababli tezlik masalasida yangicha yondashuvlar kerakligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil martida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga avtotransport vositalari uchun jarima solinmaydigan tezlik chegarasini 5 dan 10 km/soatgacha oshirish to‘g‘risidagi o‘zgartirish loyihasini kiritgandi.

Tezlikni qayd etishdagi xatolik chegarasini oshirish zarurati texnik vositalar (radarlar) va transport vositalarining spidometrlaridagi ba’zi «xatoliklar» bilan asoslangan.

Shuningdek, joriy yil iyunida Qonunchilik palatasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ma’qullagandi. Unga ko‘ra «ma’muriy ogohlantirish» tushunchasi kiritilayotgani, bu chora ayrim huquqbuzarliklarni (kamar taqmaganlik, telefondan foydalanganlik, monitordan foydalanganlik, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik, majburiy sug‘urta qilish talablarini buzganlik) birinchi marta sodir etgan shaxslarga qo‘llanishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, yo‘l chizig‘ini (polosa) bosganlik kamera orqali qayd etilmasligi, agar kamera va radarlar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun qaror bir oydan kechiktirib chiqarilgan bo‘lsa, jarima qo‘llanmasligi aytilgandi.

Mavzuga oid