O‘zbekiston | 22:38 / 12.01.2026
6446
4 daqiqa o‘qiladi

Molxonada saqlangan ayol ishi bo‘yicha hukm va Mo‘ynoqda yangi gaz koni – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Molxonada saqlangan ayol ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Surxondaryo viloyati, Uzun tumanida ayolni molxonada saqlash, qiynoqqa solish va uning chaqalog‘ini olib qo‘yish bilan bog‘liq dahshatli voqea bo‘yicha sud hukmi o‘qildi.

Sud hukmi bilan 4 kishi aybdor deb topildi. 3 nafari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi, yana bir nafariga ozodlikni cheklash jazosi berildi.

Holat 2025 yil sentabr oyida jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan edi. Uzun tumanida yashirin saqlangan ayol homilador holatida ushbu xonadonga olib kelingan, farzandini uy sharoitida dunyoga keltirgan va tug‘uruqdan so‘ng bolasi undan olib qo‘yilgan. Ayolning o‘zi esa molxonaga qamalgan, kaltaklangan va inson qadrini yerga uradigan sharoitlarda saqlangan. Jabrlanuvchi ochlikdan o‘lmaslik uchun tarvuz po‘choqlari va mollarga tashlanadigan mahsulot qoldiqlarini yeb jon saqlagan.

Mo‘ynoqda yangi quduqdan sanoat miqyosida gaz oqimi aniqlandi

Qoraqalpog‘istonning Ustyurt mintaqasidagi «Mo‘ynoq» koni yaqinida joylashgan Shagirlik-quyi Yura 2-sonli izlov qudug‘ida sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi qayd etildi.

10 yanvar kuni quduq tubi quyi Yura qatlamlarida 5265 metr chuqurlikkacha burg‘ilanib, 5265–5061 metr oralig‘ida tabiiy gaz hajmi aniqlangan.

Quyi Yura qatlamlarining geologik tuzilishini o‘rganish hamda aniqlangan gaz uyumlarining tarqalish chegarasini belgilash maqsadida mazkur maydonda navbatdagi 3 va 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi propan gaz narxlarini asossiz oshirish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi

2025 yil noyabr–dekabr oylarida metan gaziga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan davrda ayrim bozor ishtirokchilari tomonidan suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirishga urinish alomatlari kuzatilmoqda. Raqobat qo‘mitasi bu holatlar yuzasidan belgilangan tartibda chora ko‘ra boshladi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning noyabr–dekabr oylarida bozor ishtirokchilariga profilaktik maqsadlarda ogohlantirishlar yuborilib, metan gaziga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlar holatidan foydalangan holda suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirmaslik talab qilingan edi. Shunga qaramasdan, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan adolatli bozor prinsiplariga zid ravishda narxlarning asossiz oshirilishiga sabab bo‘luvchi manipulyatsiya va muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari kuzatilayotgani qayd etilgan.

Xususiy va meros fondlarini tashkil etish tartibi belgilanmoqda

«Xususiy fondlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan xususiy fondlarni tashkil etish, boshqarish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mol-mulkdan foydalanish hamda tugatishga oid qoidalar belgilanmoqda. Loyihada, jumladan, fondni ta’sis etish uchun dastlabki mablag‘ BHM 1500 baravaridan kam bo‘lmasligi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, xususiy fond jismoniy shaxs tomonidan yoki uning vafotidan keyin vasiyatnoma ijrochisi tomonidan muayyan muddatga yoki muddatsiz ta’sis etiladigan, muassis topshirgan yoki meros qilib qoldirilgan mol-mulkni belgilangan shartlarda boshqaruvchi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. Fondlar, qoida tariqasida, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlashi qayd etilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid