«Orqaga ikkita katta qadam» - qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga majburiy joylashtirish tartibi bekor qilindi
Yangi tartibga binoan, endilikda hech qaysi hujjatni qabul qilishdan oldin jamoatchilik muhokamasiga chiqarish majburiy emas. 4 yil oldin o‘rnatilgan tartib bundan qariyb bir oy oldin bekor qilingan, Adliya vazirligi bu haqda o‘z resurslarida xabar bermay kelgan.
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari kutilmaganda yangilanishi ortidan, jamoatchilikda savollar uyg‘ondi, chunki mazkur o‘zgarishlar tasdiqlanishidan oldin belgilangan tartibda muhokamaga chiqarilmagan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun regulation.gov.uz portaliga majburiy joylashtirish tartibi 2022 yil 17 martdan boshlab bekor qilingan.
Shu kuni qabul qilingan prezident farmoniga asosan, 2018 yil 3 apreldagi qarorga o‘zgartirish kiritilib, undagi «barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari» so‘zlari «muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida» so‘zlari bilan almashtirilgan.
Shu bilan birga, qanday turdagi hujjatlar «muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega» bo‘lishi, bunday kriteriyni kim belgilashi ochiq qoldirilgan.
Adliya vazirligi 2020 yilda normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamaga qo‘yilmasa, avtomatik rad etiladigan tartib o‘rnatilishiga oid talabni «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga ham kiritishni taklif qilgandi. Lekin yakunda bunday tartib o‘sha yili yangilangan bu qonunga kiritilmagan.
Biroq 2022 yil 17 martga qadar amalda bo‘lgan prezident farmoniga zid ravishda ko‘plab hujjatlar, hatto qonunlar ham jamoatchilik muhokamasiga e’lon qilinmasdan qabul qilingan holatlar ma’lum.
Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur yangilikni «ikkita katta qadam orqaga yurish» deya baholagan.
«Loyihalarni muhokamaga qo‘ymasdan imi-jimida tasdiqlab olish imkoniyatidan o‘zbek chinovniklari «Yo‘l harakati qoidalari»ni umumxalq muhokamasiga qo‘ymasdan tasdiqlab olishda foydalanishdi. Ularning nazarida yo‘l qoidalari muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega emas. Bu faqat boshlanishi bo‘ladi. Nega IIV foydalangan usuldan boshqalar – Transport vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, hokimliklar foydalanishi mumkin emas? Albatta foydalanishadi», – deydi u.
Bakirovning fikricha, muhokamaga qo‘yilmasdan qabul qilingan qarorlardan yana birida jamoatchilik yillar davomida talab qilib kelgan masalalar bir chetda qolib, YPX xodimlarining vakolatlarini asossiz kengaytirishga yo‘l ochuvchi talablar aks etgan.
«Xususan, endi YPX xodimidan dislokatsiya ko‘chirmasini o‘sha joyning o‘zida ololmaysiz. Shuningdek, YPX xodimi transportni hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatganda, faqat hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan qoidalar buzilishi bo‘yicha emas, tekshirish jarayonida aniqlangan barcha huquqbuzarliklar bo‘yicha chora ko‘radi.
Bu hammasi emas. YPX xodimining o‘zi mastlik holatiga alkotester yordamida hodisa joyida aniqlik kiritishi mumkin. Buning uchun body camera ishlayotgan bo‘lsa kifoya, guvohlar ham shartmas», – deydi jamoatchilik faoli.
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi esa jamoatchilik ta’sir ko‘rsatish uchun bitta muhim vositani yo‘qotganini ta’kidladi.
«Bundan kelib chiqadiki, biz turli xil qarorlar, farmonlar, farmoyishlar va boshqalarni qabul qilishga ta’sir ko‘rsatish uchun bitta muhim vositani yo‘qotdik. Agar ular muhim ahamiyatga ega bo‘lmasa. Ilgari hech bo‘lmaganda bizning fikrimiz eshitilishi uchun nozik imkoniyat bor edi. Endi yana bitta vositaga kamaydi. Fol ochaman, keyinchi qadam – ushbu portalni navbatdagi yangilash bilan yopish bo‘ladi», – deya munosabat bildirgan bloger.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri adliya vaziri Ruslanbek Davletovdan NHHlar loyihalari prezident farmoniga zid ravishda muhokamaga chiqarilmasdan qabul qilinishi holatlari bo‘yicha izoh so‘ragan edi.
Vazir holatni ijrochilar endigina ishlab chiqqan loyihalar sifatsiz ekani, shu sababli jamoatchilikda katta rezonanslarga sabab bo‘layotgani bilan izohlagandi.
«Aytishimiz kerakki, 2021 yilda jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yilgan loyihalar soni kamaydi. 2020 yilda 1378 ta loyiha muhokama uchun qo‘yilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda 840 larga tushib qoldi. Buning sabablari ham bor, chunki vazirliklar o‘zlari ishlab chiqqan hujjatni muhokamaga qo‘yib, darrov rezonanslar bo‘lib ketayotgandi, bilasizlar. U loyihalar sifatsiz hujjat, ijrochilar endigina ishlab chiqqan. Birorta vazirlik ko‘rmagan, shunga u yerda har xil rezonans bo‘laverganidan keyin «to‘xtanglar, avval bir vazirliklar bilan ishlanglar»… [deyildi].
Bundan tashqari, bitta vazirlik boshqa boshqa vazirlikning sohasiga oid har xil takliflar beradigan bo‘lib ketdi. Shuning uchun buning oldini olish va jamoatchilik muhokamasida ham sal tartib bo‘lsin, deb shu ish qilindi. Bu to‘g‘ri deb o‘ylaymiz. Chunki birinchi bo‘lib [loyihani] shu sohaga taalluqli vazirliklar ko‘rib qo‘yishi kerak. Falon milliard so‘m ajratamiz, deb qo‘yib, uni Moliya vazirligiga ko‘rsatmaguncha qanday qilib uni chiqarasiz. Budjetni rejalashtirish kerak-ku.
Prezident qarorida hamma hujjatlar muhokamadan o‘tishi kerak, deyilgan. Lekin qonunda unaqa yozilmadi. Hujjatlar sohasiga qarab [muhokamadan o‘tishi] kerak-kerakmaslari ham. Aniq jamoatchilik manfaatlari bilan bog‘liq masalalar bugungi kunda muhokamaga chiqarilyapti», – degan edi adliya vaziri.
Mavzuga oid
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
17:59 / 20.11.2024
Prezident normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik bilan muhokama qilinmayotganiga e’tiroz bildirdi
18:54 / 25.10.2024