O‘zbekiston | 17:29 / 31.03.2026
3666
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi uylarning tomi ham bazalt bilan qoplanadi

Qurilish sohasida ekologik talablarni kuchaytirish doirasida, ko‘p kvartirali uylarning tom qismini bazalt bilan qoplash ko‘zda tutilmoqda. Uch oy davomida barcha hududlarda eksperiment o‘tkazilib, shundan so‘ng bu tartib shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritiladi. “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi mavjud uylarning tomlari yil oxirigacha bazalt qoplamalari bilan to‘liq qoplanishi belgilandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarning nafaqat fasadi, balki tom qismi ham bazalt qoplamasi bilan qoplanishi mumkin. Bu masala ekologik vaziyatni yaxshilashga doir prezident farmoniga kiritilgan.

Farmonning tegishli qismi bilan, bu borada quyidagi vazifalar va muddatlar belgilandi:

  • ko‘p-kvartirali uylarning tomlarini bazalt qoplamasi bilan qoplash bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqish va quruvchi kompaniyalar orasida targ‘ibot qilish (ijrosi – ikki oy muddatda);
  • ko‘p-kvartirali uylarning tomlarini bazalt qoplamasi bilan qoplash bo‘yicha har bir hududda kamida ikkita ko‘p kvartirali uylarda eksperiment o‘tkazish (ijrosi – uch oy muddatda);
  • yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning tomlarini bazalt qoplamasi bilan qoplash tartibini shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka va texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlarga kiritish (ijro muddati – 2026 yil iyul);
  • hududlardagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida mavjud ko‘p kvartirali uylarning tomlarini bazalt qoplamalari bilan to‘liq qoplash bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish (ijro muddati – 2026 yil avgust).

Yuqorida sanab o‘tilgan tadbirlar – boshqaruv kompaniyalarining mablag‘lari, mahalliy budjet mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Topshiriq ijrosi uchun Qurilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va hokimliklar mas’ul.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid