Jahon | 12:45 / 16.03.2026
13352
8 daqiqa o‘qiladi

«Jang ortidan jang» va «Janob Hech kim Putinga qarshi». «Oskar»ning barcha g‘oliblari

Pol Tomas Andersonning «Jang ortidan jang» nomli kartinasi olti nominatsiyada g‘olib bo‘ldi, jumladan yilning eng yaxshi filmi deb topildi. Eng yaxshi erkak aktyor uchun atalgan haykalchani Maykl B. Jordan («Gunohkorlar»), eng yaxshi aktrisa uchun atalganini esa Jyessi Bakli («Gamnet») qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Rossiya maktablaridagi harbiy propaganda mavzusiga atalgan «Janob Hech kim Putinga qarshi» nomli kartina eng yaxshi hujjatli film sifatida taqdirlandi.

Foto: Warner Bros

Yanvar oyi oxirida, nomzodlar ro‘yxati e’lon qilinganidayoq g‘oliblik uchun asosiy kurash «Gunohkorlar» (16 nominatsiya) va «Jang ortidan jang» (13 nominatsiya) filmlari o‘rtasida kechishi ma’lum edi.

Yakunda «Jang ortidan jang» (One Battle After Another) jami 6 ta «Oskar»ga sazovor bo‘ldi, bular orasida eng yaxshi film va rejissyorlik uchun g‘oliblik ham bor, «Gunohkorlar» esa to‘rtta nominatsiyada g‘olib chiqdi, jumladan, eng yaxshi erkak roli uchun sovrin shu film ijrochisiga berildi.

Pol Tomas Anderson uchun uzoq kutilgan «Oskar»

Pol Tomas Anderson
Foto: Kevin Winter/Getty Images

«Jang ortidan jang» rejissyori Pol Tomas Anderson bunga qadar 14 marta asosiy kinomukofot uchun nomzod bo‘lgan, ammo biror marta g‘alabaga erishmagandi. Anderson o‘z faoliyati davomida «Bugi uslubidagi tun», «Magnoliya» va «Neft» kabi filmlarni suratga olgan, bu filmlar uchun kinotanqidchilarning yuksak maqtovlariga hamda ko‘plab xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgandi.

Bu safar Pol Tomas Anderson birdaniga ikki statuetkani qo‘lga kiritdi – eng yaxshi rejissyor sifatida va moslashtirilgan ssenariy muallifi sifatida.

Uning filmi – so‘l radikal aktivist (Leonardo di Kaprio) va irqchi polkovnik (Shon Penn) o‘rtasidagi qarama-qarshilik orqali ifodalangan g‘oyalar inqirozi haqida. Tanqidchilar bu kartinani Andersonning boshqa bir filmi, o‘z vaqtida «Oskar»ga nomzod bo‘lgan, ammo g‘olib chiqolmagan «Neft» filmi bilan taqqoslashadi.

Leonardo di Kaprio va Benisio del Toro Tomas Pol Andersonni tabriklamoqda

Bu filmda irqchi polkovnik rolini o‘ynagan Shon Penn «Ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak aktyor» sifatida taqdirlandi. Ushbu aktyor bungacha «Sirli daryo» (2003) va «Harvi Milk» (2013) filmlaridagi ijrosi orqali ikkita «Oskar» olgandi.

«Jang ortidan jang» «Eng yaxshi montaj» va «Eng yaxshi kasting» nominatsiyalarida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

«Gunohkorlar» va «Gamnet»

Jyessi Bakli va Maykl B. Jordan

«Eng yaxshi aktyor» nominatsiyasida asosiy da’vogarlar bo‘lib turgan Leonardo di Kaprio («Jang ortidan jang») ham, Timoti Shalame («Ajoyib Marti») ham «Oskar»ni qo‘lga kirita olmadi.

Bu nominatsiyada oltin statuetkaga «Gunohkorlar» (Sinners) filmida 1930-yillarda bar ochish uchun Missisipiga qaytgan, keyin vampirlar hujumiga yo‘liqadigan egizaklarni o‘ynagan Maykl B. Jordan ega chiqdi.

«Gunohkorlar» filmi yana uchta «Oskar»ni qo‘lga kiritdi – original ssenariy, original musiqa va operatorlik ishi uchun.

Eng yaxshi ayol roli uchun haykalcha «Gamnet» filmidagi ijrosi uchun irlandiyalik aktrisa va qo‘shiqchi, «Urush va tinchlik», «Tabu» va «Chernobil» seriallaridagi ijrosi orqali tanilgan Jyessi Bakliga berildi.

Bakli bungacha «Gamnet»dagi roli uchun Critics Choice, «Oltin globus», BAFTA va Actor Awards taqdimotlarida ham taqdirlangandi. Endi u Rene Zellvegerdan keyin mavsumdagi beshta asosiy mukofotning barchasini qo‘lga kiritgan ilk aktrisaga aylandi. Zellveger 2020 yilda «Judi» filmidagi bosh roli uchun «Eng yaxshi aktrisa» sifatida barcha mukofotlarga ega chiqqandi.

«Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa» nominatsiyasida Emi Medigan («Qurol») g‘olib chiqdi. Bu uning ikkinchi bor «Oskar»ga nomzod bo‘lishi edi – birinchisi 40 yil muqaddam «Hayotda ikki bor» filmi uchun bo‘lgandi.

Emi Medigan ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa sifatida o‘zining birinchi «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritdi. Suratda Medigan turmush o‘rtog‘i, aktyor Ed Harris bilan.

«Oskar» haykalchalari soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni «Frankenshteyn» egalladi. Film uchta nominatsiyada g‘olib bo‘ldi: eng yaxshi grim, eng yaxshi kostyum dizayni va sahnalashtiruvchi rassomning eng yaxshi ishi bo‘yicha.

«Avatar: alanga va kul» «F-1», «Gunohkorlar» va «Yura davri dunyosi: uyg‘onish» filmlarini ortda qoldirib, vizual effektlar uchun sovrindor bo‘ldi.

«F-1» esa «Eng yaxshi ovoz» kategoriyasida g‘olib chiqdi.

Norvegiyaning «Sentimental qadriyat» kartinasi eng yaxshi xorijiy film sifatida taqdirlandi.

«Janob Hech kim Putinga qarshi»

Pavel Talankin (markazda) «Janob Hech kim Putinga qarshi» filmi uchun «Oskar»ni qo‘lga kiritdi
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA

«Eng yaxshi hujjatli film» yo‘nalishida Rossiya haqidagi kartina – «Janob Hech kim Putinga qarshi» (Mr. Nobody against Putin) g‘olib deb topildi.

Film Devid Borenstayn va Pavel Talankin rejissyorligida suratga olingan. Lenta Karabash shahrida Talankin maktab videografi sifatida yashirincha olgan tasvirlarga asoslangan. U
«vatanparvarlik ruhida tarbiyalash» darslarini ham videoga muhrlagan.

Kartina oldinroq eng yaxshi hujjatli film sifatida BAFTA mukofotini ham qo‘lga kiritgandi.

Taqdirlash marosimida Pavel Talankin sahnada rus tilida gapirdi. «To‘rt yildan beri yulduzli osmonga tikilib, eng muhim tilakni tilaymiz. Juda muhim tilak.

Lekin shunday mamlakatlar borki, osmondagi yulduzlar o‘rniga bombalar tushadi, dronlar uchadi. Kelajagimiz uchun, barcha farzandlarimiz uchun barcha urushlarni to‘xtataylik. Hoziroq», – degan Talankin.

Film rejissyori Devid Borensteyn jinoyatlar va propagandadagi kichik ishtirok ham og‘ir oqibatlarga hissa qo‘shishi haqida gapirgan. «„Janob Hech kim Putinga qarshi“ – mamlakatni qanday boy berish mumkinligi haqidagi film. Ushbu kadrlar ustida ishlaganimizda, biz uni son-sanoqsiz kichik ishtirokchilik aktlari orqali yo‘qotish mumkinligiga guvoh bo‘ldik», – deydi Borensteyn.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid