O‘zbekiston | 18:49 / 27.01.2021
7449
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijga pomidor va qalampir eksport qiluvchi tadbirkorlarga yangi talablar yuklatildi

Issiqxonalar «O‘zdavkarantin» inspeksiya xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkaziladi. Pomidor va qalampir yetishtiruvchilar ko‘chatlarni ekishdan oldin, ko‘chat ekuvchilar esa urug‘larni ekishdan oldin laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishi shartligi belgilandi.

Foto: RIA Novosti

«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi eksport qilinishi rejalashtirilgan pomidor va qalampir mahsulotlarida «Pomidor jigarrang bujmayish virusi»  uchrashining oldini olish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi.

Inspeksiya axborotiga ko‘ra, respublikadagi barcha pomidor va qalampir mahsulotlari yetishtirilayotgan issiqxonalar ro‘yxati shakllantirilib, importyor davlatlarga taqdim etilgan.

Bundan tashqari, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar talablariga asosan, endilikda pomidor va qalampir mahsulotlarining har bir qadog‘i ustida eksportyor korxona va mahsulot yetishtirilgan issiqxonaning nomi, manzili, mahsulot nomi ko‘rsatilishi belgilangan.

Tadbirkorlarga mahsulotlarini eksport qilish uchun quyidagi talablar yuklatilgan:

  • Issiqxonalarni inspeksiyaning hududiy bo‘limlari xodimlari yordamida polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvidan o‘tkazish; 
  • Mahsulotni eksportga yuklashdan oldin issiqxona hududida PZR tekshiruvi o‘tkazilganligi haqidagi hujjatni ko‘rsatish;
  • Pomidor va qalampir yetishtiruvchilar ko‘chatlarni ekishdan oldin, ko‘chat ekuvchilar esa urug‘larni ekishdan oldin PZR analizidan o‘tkazishlari.

Shuningdek, virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi PZR xulosasiga ega bo‘lgan mahsulotlar eksportga yuklanishidan bir kun oldin tadbirkor hududiy inspeksiyaga elektron tarzda murojaat qilishi lozim.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning 26 noyabrida «Pomidor jigarrang bujmayish virusi» sababli respublikaning ayrim hududlariga Rossiya tomonidan vaqtinchalik taqiq joriy etilgan edi.

Dastlab, Farg‘ona viloyatidan eksport qilingan bulg‘or qalampiri va pomidor tarkibida zararkunanda topilgani vaji bilan ushbu hududdan ayni mahsulotlarni import qilishga taqiq qo‘yilgandi.  

Keyinroq, «Rosselxoznadzor» O‘zbekistonning «Sunny land export» kompaniyasi tomonidan eksport qilingan mahsulot tarkibida  «Tomato brown rugose fruit virus» aniqlangani vaji bilan Navoiy va Qashqadaryodan pomidor importiga taqiq joriy etgandi.

«Rosselxoznadzor» 2020 yil 18 dekabrdan boshlab Farg‘ona viloyatida joylashgan 7ta korxonadan pomidor va qalampir mahsulotlarini Rossiya hududiga olib kirishga ruxsat bergan.

Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati 2021 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston hukumati huzuridagi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi kafolati ostidagi 34ta kompaniyaga pomidorlarni Rossiyaga eksport qilishga rozilik bergan.

Shuningdek, Rossiya hukumati quritilgan mahsulotlarni eksport qiluvchilar majburiy ravishda korxona nomi va manzili, mahsulot markirovkasini ko‘rsatishi shartligini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid