O‘zbekiston | 10:10 / 13.03.2020
10893
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosi uchun yana 10ta «Moskva» vagoni xarid qilinadi

«Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi uchun o‘nta harakatlanuvchi tarkib vagonlarini xarid qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning «Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi uchun o‘nta harakatlanuvchi tarkib vagonlarini xarid qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hujjati loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan:

Prezidentning 2017 yil 19 maydagi PQ-2979-son Qaroriga muvofiq ishlarni 2021 yilda yakunlash muddati bilan «Toshkent shahrida yer usti halqa metropolitenini qurish» loyihasi amalga oshiriladi;

Prezidentning 2019 yil 4 apreldagi F-5463-son «Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi uchun harakatlanuvchi tarkib vagonlarini xarid qilish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoyishiga muvofiq 2019 yilda «Metrovagonmash» AJ (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan ishlab chiqarilgan beshta metro vagonlari tarkibi sotib olingan.

Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi uchun o‘nta harakatlanuvchi tarkib vagonlarini xarid qilish» loyihasini 2020 - 2021 yillarda amalga oshirish to‘g‘risida taklifiga rozilik bildiriladi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish masalasi yuzasidan «Metrovagonmash» AJ (Rossiya Federatsiyasi) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishiga va muzokaralar yakuniga ko‘ra tegishli shartnomani imzolashiga ruxsat beriladi.

Quyidagilar loyihani moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 10 yil muddatga, shu jumladan 3 yil imtiyozli muddat bilan beriladigan, 6 oylik LIBOR stavkasiga teng foiz stavkasi plyus yillik 1,5 foizli, shartnoma qiymatining 15 foiz miqdoridagi krediti;

Rossiya Federatsiyasining «Taraqqiyot va tashqi iqtisodiy faoliyat banki» davlat korporatsiyasining O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, 10 yil muddatga, shu jumladan 3 yil imtiyozli muddat bilan beriladigan, yillik 2,5 foizli foiz stavkasi bilan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,5 foiz miqdorida marjasini qo‘shgan holda, shartnoma qiymatining 85 foiz miqdoridagi krediti;

O‘zbekiston davlat budjetidan bojxona rasmiylashtirish xarajatlarini to‘lash uchun 0,22 mln. yevro ekvivalentidagi ajratilayotgan mablag‘lar.

Belgilab qo‘yilishicha:

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ loyihani amalga oshirish, loyiha doirasida jalb qilinayotgan kreditlarning maqsadga muvofiq va samarali ishlatilishi uchun mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va «Taraqqiyot va tashqi iqtisodiy faoliyat banki» davlat korporatsiyasining jalb qilinayotgan kreditlarini so‘ndirish, ular bo‘yicha foizlar, vositachilik haqi va boshqa xarajatlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjetining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Moliya vaziriga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining «Taraqqiyot va tashqi iqtisodiy faoliyat banki» davlat korporatsiyasi oldidagi to‘lov majburiyatlari bo‘yicha hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tuzilayotgan kredit shartnomalari doirasida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi oldidagi to‘lov majburiyatlari bo‘yicha, shuningdek davlat kafolatini berish uchun to‘lov olmagan holda, jalb qilinayotgan kreditlarning qayta moliyalashtirilishi bo‘yicha O‘zbekiston davlat kafolatlarini belgilangan tartibda berish vakolati beriladi.

Mavzuga oid