Jamiyat | 18:30 / 27.04.2020
67826
11 daqiqa o‘qiladi

Oila mustahkam bo‘lishining asosiy shartlari nima? Islomda oilaviy munosabatlar haqida

Qur'on va rahmat oyi – Ramazon munosabati bilan Kun.uz tashkil etayotgan turkum suhbatlarning navbatdagi sonida Islomdagi eng muqaddas qadriyatlardan biri bo‘lmish oila, silai rahm, ya'ni qavm-u qarindoshga yaxshilik qilish mavzusi haqida so‘z yuritildi.

Mavzu yuzasidan Islom ta'limini Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Turmatov so‘zlab berdi.

Alloh taolo Islomda Qur'oni Karim orqali bandalarining hayotini nizomga, tartibga solib qo‘ygan. Buning yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatish uchun muallim qilib Payg‘ambar alayhissalomni yuborgan. Islomda oila ibodat darajasiga ko‘tarilgan.

Ibn Obidin rahmatullohi alayhi yozadilar: «Dunyoda ham, oxiratda ham inson bilan davom etadigan ikkita robita bor. Birinchisi – inson qalbidagi iymoni. Iymon salomat bo‘lsa, bu dunyoda ham jannatda ham birga bo‘ladi. Ikkinchisi – o‘zining halol-pok oilasi. Bandaning bu dunyodagi halol-pok oilaviy hayoti jannatlarda ham davom etadi. Qolgan barcha narsasi joy-joyida qoladi».

Oilada erkaklar ayollarga rahbardirlar

Dinimizda, har bir jamiyat, tashkilot va korxonaning rahbari bor. U bo‘lmasa, o‘sha jamiyatning tartibi, faoliyati, intizomi bo‘lmaydi. Shuningdek, oilaning ta'minoti masalasida ham Alloh subhanahu taolo O‘z Kalomida ko‘rsatma qilib, «Oilada erkaklar ayollarga rahbardirlar», deydi.

Nima uchun deganda, ba'zisini ba'zisidan afzal qilib qo‘ygani uchundir. Bu afzallik nimada? Kuch-quvvatda, iroda, oilaning ta'minotchisi va muhofazachisi bo‘lgani nuqtayi nazaridandir.

Alloh taolo oyatning davomida bu savolga javob berib, «mol-mulkidan sarflagani uchun ham erkak rahbar bo‘lishini» bildiradi. Er kishi oilasiga taom keltirar ekan, shunga sadaqa savobi yoziladi. Dinimizda qaysi bir amalga savob yozilsa, u ibodat darajasiga ko‘tariladi.

Oila qachon mustahkam bo‘ladi?

Rasuli akram alayhissalomning bir muborak hadislari bor: «Agar kim uylansa, yaxshi niyat bilan oila qursa, uning dinining yarmi mukammal bo‘ldi, qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin, Allohdan qo‘rqsin», deya marhamat qilganlar.

Shu oilani yuritishda er va ayolning vazifalari, majburiyatlari, burch va huquqlari mavjud. Er va ayol bularni to‘liq anglab yetishi va bilishi kerak.

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Xayrulla domla Turmatov

Qachon mo‘min-musulmon banda Allohning shariatida ko‘rsatgan odoblari, qoidalar va hadlariga amal qilsa, shunda oila mustahkam bo‘ladi.

Erning ayoli oldidagi vazifalari

Islomda erning ayoli oldida, ayolning eri oldida burchlari bor. Erning ayoli oldidagi burchlari ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, moliyaviy burchlar. Er ayolining mahrini ado etishi, nafaqa (taom, libos, boshpana, ro‘zg‘or anjomlari) bilan ta'minlashi kerak. Bu vazifalarning yana biri to‘yni ham er tomon qilib berishidir.

Bugun O‘zbekistondagi barcha oilalarning ro‘zg‘orboshilari mana shu vazifalarini to‘liq anglaydi, deb ayta olamizmi? Ular to‘liq anglaganida, bugungi kunda odamlarni ranjitadigan raqamlar kelib chiqmas edi. Oilalarning buzilishi, bolalarning tirik yetim bo‘lishi bugungi holatga kelib qolmas edi.

Misol, necha foiz mo‘min-musulmonlarimiz haqi mahr degan narsani batafsil biladi?! Ahli-ayolini ta'minot qilish qay darajada? Ma'lumki, oilada kim ta'minotchi bo‘lsa, shuning ovozi balandroq chiqadi. Hozirda, ko‘pgina oilalarda ayollarning ovozi balandroq chiqayotganini sezyapmiz. Nima uchun deganda, burch-mas'uliyat borasida biroz o‘rin almashib qolganini kuzatmoqdamiz.

To‘yni kuyov qiladi

Oddiy bir muammo, nikoh to‘yini o‘tkazish bilan bog‘liq. Uni o‘tkazish erning gardanida. Abdurohman ibn Afv roziallohu anhu bir kuni xursand bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldilariga kelib qoldi. «Buncha xursandsiz, ey Abdurohman», deb so‘radilar. «Yo Rasulalloh, kichkina mayizning yarmidek keladigan tilla bor edi, shuni mahriga berib uylandim», deb xursandchiligining sababini bayon qilganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilarki: «Unday bo‘lsa, bitta qo‘y so‘yib, e'lon ham qiling».

Bu o‘rinda Payg‘ambarimiz «Ey, Abdurohman, otangga aytgin, senga to‘y qilib bersin», demadilar. To‘y qilish sahobiyning o‘ziga aytilmoqda. Yoki qaynotangga ayt, to‘y bersin demadilar. Shu narsa – Islomda to‘y xarajatlari ham kuyov bolaning zimmasida ekanini bildiradi.

Bugun biz nima qilyapmiz, or-nomus qayerda qoldi? Oilaviy hayotning boshlanishidayoq kuyov bola o‘z majburiyatini kelin tomonga yuklar ekan, oilaning taqdiri, kelajagi qanday bo‘ladi? Kamsitishlar, haqoratlar va oilaviy ajrimlar shuning ortidan kelmayaptimi?!

Ikki tomonning orzu-havasiga muolaja bormi?

Ortiqcha bid'at-xurofotlar, orzu-havaslarni jilovlashda ko‘pgina erkaklarning ayollarga so‘zi o‘tmayapti. Barchalari emas, albatta, biroq shunaqa narsalarni deb, ayollar erlariga farmonbardor darajasiga kelmoqda. Vaholanki, oilaviy hayot ham bir ibodat. Bunga ham tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Payg‘ambarimiz alayhissalom uylanmoqchi bo‘lgan yigitlarga: «Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kimda kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin», deganlar.

Shu qodir bo‘lish masalasida arabcha «bo-at» so‘zi ishlatilgan. Uni o‘zbekchaga tarjima qilsak, nikohga qodirlikda jismoniy qodirlik, ongli-aqliy qodirlik va moddiy jihatdan oilani ta'minlay oladigan qodirlikni anglatadi. Bugun nima bo‘lyapti? Shu uchovi topilmasayam, ota-ona farzandini uylab qo‘ymoqda. Natijada birovning oq-u qorasi ham bebaxt bo‘lyapti.

Nima uchun oilaviy hayot bu darajaga keldi? Bunga mutlaqo tayyor bo‘lmasdan turib, islomiy qadriyatlardan, Allohning hukmlaridan, millatimizning tarixidagi qadriyatlardan yiroqlashib, boshqa millatlarga taqlidan oilaviy hayot boshlanmoqda. Ana shundan yetarli muammolar kelib chiqmoqda.

Ayolning er oldidagi vazifalari

Ayolning eri oldidagi vazifa-burchlari haqida so‘z ketganda, birinchidan, erning rizoligini topish. Qaysi ayol, erning rizoligini topsa, Alloh rizoligini topadi, jannatning istagan 8 eshigidan kiradi. Hadisda shunday bashorat kelgan.

Ikkinchisi, erining sha'nini, mol-mulkini, qadr-qimmatini, izzat-hurmatini asraydi. Uchinchidan, erining vijdoniga aylanishi kerak. Erining halol-pokiza yurishiga, ota-onasidan xabar olishiga, opa-singil, aka-uka, qavm-u qarindoshlaridan xabar olishida xotin erining vijdoniga aylanishi kerak.

Sahobayi kiromlar va ulug‘ zotlarning ayollari, ertalab rizq deb ketayotgan erlariga, «xojam, olib kelsangiz, halol rizq olib keling, biz bu dunyoda ochlikka chidaymiz, ammo nopok rizq yeb, oxiratda jahannam azobiga chiday olmaymiz», deb aytarkanlar. Bugungi kunda bunday qadriyatlar ertakka aylanib qolmadimi? Ayollarimiz oilaviy hayotda halollik, qavm-u qarindoshlar bilan silai rahm, izzat-hurmatda qay darajada erining vijdoniga aylana olmoqda!?

Mehr-oqibat cho‘ntakdagi telefonda qoldi

Yana bir hadis bor.  Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim umri uzun bo‘lishini, rizqida baraka bo‘lishini va ortimdan yaxshi iz qolishini istasa, qarindosh-urug‘lari bilan silai rahmda bo‘lsin», - dedilar.

Hozirgidek kommunikatsiyalar rivojlanmagan, transport vositalari kam vaqtlar edi; imkoniyatlar hozirgidek emasdi, ammo ota-ona, bobo-buvilarimiz yurtning narigi burchagidagi qarindoshini ikkita non bilan borib, ikki kun birga yashab, mehr-oqibat ko‘rsatib kelardi. Bugun qaysi inson akamnikiga, otamnikiga, onamnikiga boryapman, bir kun suhbat qilib yotib kelaman, deb boryapti?!

Sizda, menda, barchamizda bor – hozir silai rahm telefonda qoldi. Shunda ham insof qilib, telefon qilganimiz bor, qilmaganimiz bor.

Ilgari avtobusda 5 tiyinlik chipta olib, shaharning bu chetidan u chetiga qarindoshinikiga borgan inson, bugun hovlisida 3ta mashinasi bor, qarindoshi bilan bordi-keldiga vaqt topa olmaydi. Afsuski, imkon topolmayapti, ikkita nonning tengini qila olmayapti.

Silai rahmni uzgan Alloh rahmatidan ham uziladi

Bir odam Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga kelib: «Yo Rasulalloh, men qarindoshlarimdan ko‘p aziyat ko‘raman, shunda ham bordi-keldi qilaman, yo‘qlayman. Shunga qaramay, ular mensimaydi, haqorat qiladi, mening muomalamga yarasha muomala qilmaydilar, nima qilay», deb murojaat qiladi.

Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Sen yaxshilikda bardavom bo‘l. Bog‘langanni Alloh bog‘laydi, uzilganni Alloh uzadi. Ya'ni sen bog‘lanaver, Alloh senga bog‘lanadi, sening nima murod-maqsading bo‘lsa, Alloh hosil qiladi. Uzilgan Allohning rahmatidan ham uziladi», ma'nosidagi hadisni aytganlar.

Shuning uchun bunday yaxshiliklarda bardavom bo‘lish kerak.

Birniki mingga, mingniki tumanga

Hazrati Muso alayhissalom davrlarida 40 kun yomg‘ir yog‘madi. Hammayoqda qurg‘oqchilik, odamlar qiynalgan holat. Muso alayhissalom dashtga chiqib, sajda qilib, Allohga yolvordilar, bir tomchi yomg‘ir yog‘madi. Bir odam turib ketdi va bir qancha muddatdan so‘ng qaytib kelgach, yomg‘ir yog‘di. Muso alayhissalom buning tafsilotini aytib, dedilarki: «Oralaringizda qarindosh-urug‘idan uzilgan odam bor edi. Shuning uchun xalq Alloh rahmatidan uzilib turgandi».

Xalqimiz birniki mingga, mingniki tumanga deyishi, bejiz emas-da.

Shunday ekan, ushbu Ramazon kunlarida, barcha yaxshi niyatli mo‘min-musulmonlarimiz, xalqimiz, bir-biridan o‘tgan joylari bo‘lsa, hozirgi karantin choralari tufayli qo‘ng‘iroq qilib bo‘lsa ham hol-ahvol so‘rab, falon vaqtda dilingizni og‘ritgan edim, uzr so‘rayman, deb qo‘ysalar, Allohning rahmat-mag‘firatiga cho‘madi. Ramazon oyida ham shunday ishlardan poklanib olmasak, qavm-u qarindoshlar bilan silai rahm buyuk ne'mat ekanini bilmasak, bizning musulmonligimiz qanday bo‘ladi, o‘zbekchiligimiz qayerda qoladi?

Aksincha, xatolarimizni o‘nglab, ahvolimizga yig‘lab, o‘zimizni isloh qilish harakatida bo‘lishimiz kerak.

Alloh taolo Qur'oni Karimda: «Modomiki, bir qavm o‘zini yaxshilik uzra o‘zgartirmas ekan, Alloh ham ularning holatini o‘zgartirmaydi», deb qo‘ygan.

Alloh bizning holimizni yaxshilikka o‘zgartirishi uchun, biz o‘zimiz yaxshilik tomon qadam bosishimiz kerak bo‘ladi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi

Tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid