Jamiyat | 09:13 / 11.10.2025
7008
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda hokim o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi

Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari savdo do‘konlari qurish uchun yer maydoni ajratib, hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 15 ming dollar talab qilgan. Kelishilgan pulning 200 dollarini oldindan olgan, qolganini olayotgan paytda esa qo‘lga tushgan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Andijon viloyati Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari tezkor tadbirda ushlandi. Bu haqda xabar bergan Davlat xavfsizlik xizmati uning ismini oshkor qilmadi.

Ma’lum qilinishicha, hokimi o‘rinbosari tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yida 400 metr uzunlikdagi zovurni yopiq tizimga o‘tkazgan holda, buning hisobiga yuzaga keladigan 60 sotix yer maydonida 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va tegishli hujjatlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 15 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan pulning 200 dollarini oldindan olgan.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari qolgan 14 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a,v” bandlari va 28,211-moddasi (pora berish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hokim o‘rinbosariga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Sirdaryo viloyatida ham hokim o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid