Jamiyat | 16:10 / 31.05.2017
19711
3 daqiqa o‘qiladi

Ekologik jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi

5 iyun kuni "Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni" nishonlanadi. Onlayn-so‘rovnomaga binoan Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunining 2017 yilgi shiori - "Men tabiat bilan birgaman" bo‘ldi

Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini takomillashtirish va qayta tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qaroriga asosan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi. Ushbu qo‘mitaning asosiy maqsad va vazifalari - ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha davlat miqyosidagi boshqaruv, koordinatsiya va idoralararo munosabatlarni tashkillashtirish. 

Shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta'sirchan tizimni tashkil etish - qo‘mitaning yangi vazifalaridan biri hisoblanadi. 

Xalqaro Press-klubning "Ekologiya-2017 haftaligi" ochilishida ishtirok etgan "Kun.uz" xodimiga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilari joylarda uchrayotgan ekologik jinoyatlar, javobgarlik choralarini kuchaytirish, qonunbuzarliklar uchun jazo hajmini oshirish orqali atrof-muhit qonunchiligiga jiddiy o‘zgarishlar kiritishni talab qilayotgani to‘g‘risida fikr bildirishgan. 

2016 yilda Qo‘mita tomonidan tabiatni asrash sohasiga oid 18 269 ma'muriy huquqbuzarlik qayd etilgan. Ularning 40 foizi (7187 holat) bevosita atrof-muhitni chiqindilar bilan ifloslantirishga bog‘liq. Ekologik va sanitariya normalari, chiqindi boshqaruvi talablarini buzganlik uchun ma'muriy jazo hajmlari yetarli emasligi va bu yuqoridagi holatning sabablaridan biri ekanligi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan, javobgarlikni oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. 

Shuningdek atrof-muhit muhofazasi bevosita jamoat ishtirokini talab qilishi va jamoat ekologik nazoratini kuchaytirish kerakligi ekologiya sohasi ekspertlari tomonidan ta'kidlab o‘tildi. Daraxtlarni noqonuniy kesish va brakonerlikni oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlari bu faoliyatda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi darkor, zero bu muammo anjumandagi OAV vakillari tomonidan bir necha bor ko‘tarildi. 

Sessiya yakunida "Ekologiya haftaligi-2017" o‘tkazilishining asosiy vazifalari aholi e'tiborini ekologiya masalalariga qaratish, atrof-muhitni muhofaza qilishda har bir fuqaro ishtirokini faollashtirishdan iborat ekanligi qayd etildi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid