Jahon | 11:03 / 23.08.2025
10647
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp harbiy kemalar yuborganidan keyin Venesuelada safarbarlik e’lon qilindi

Prezident Nikolas Maduro «armiya, xalq va politsiyaning maksimal birdamligi»ni e’lon qilib, harbiy safarbarlikni boshladi.

Foto: AP

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemalarini Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi kurashga qo‘shilganidan keyin «armiya, xalq va politsiyaning maksimal birdamligi» haqida e’lon qildi.

Vashingtonda boshi uchun 50 million dollar mukofot e’lon qilingan Maduro «mamlakat suvereniteti va tinchlikka» tajovuzlardan himoyalanish uchun zaxiradagilarni chaqirish va ko‘ngillilarni yollashni boshladi.

Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni ham bo‘lgan Maduro dam olish kunlari milliy militsiyaga chaqiruv e’lon qilib, «barcha zaxiradagilar va ko‘ngillilarni» mudofaa kuchlariga yollashni e’lon qildi.

Chaqiruv mamlakatdagi harbiy qism va kazarmalarda, maydonlarda, shuningdek, 16 mingga yaqin Xalq umumiy mudofaasi kuchlari bazalarida bo‘lib o‘tadi.

Hafta boshida AQSh Venesuela qirg‘oqlariga boshqariluvchi raketalarga ega uchta esminets, 4 ming dengizchi va dengiz piyodalari, razvedka samolyoti va zarba beruvchi suv osti kemasini yubordi. Tramp AQShda global terrorchilik tashkilotlari deb tan olingan Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi kurashish uchun dengiz flotidan foydalanishga qaror qildi.

Amerika ma’muriyatining fikricha, Maduro narkokartellarga homiylik qiladi. U AQShga o‘limga olib keladigan giyohvand moddalar, jumladan, kokain va fentanil yetkazib berishni ta’minlash uchun «xorijiy terrorchilik tashkilotlaridan» foydalanadi, dedi AQSh bosh prokurori Pem Bondi.

Iyul oyida Tramp ma’muriyati narkokartellar va Maduro hukumatiga qarshi sanksiyalar e’lon qilgandi.

Vashington, shuningdek, Maduroning prezidentlik saylovidagi ikkita g‘alabasini tan olmaydi.

Mavzuga oid