O‘zbekiston | 12:18 / 21.01.2019
10784
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida Germaniya universitetining filiali ochilishi mumkin – viloyat hokimi maslahatchisi

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

2018 yilgacha Jones Lang Lasalle kompaniyasida biznes inshootlarini boshqarish bo‘yicha menejyer yordamchisi vazifasida ishlagan, ayni paytda Navoiy viloyati hokimining investitsiya va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi vazifasiga tayinlangan, Nazirjon Jo‘rayev Germaniya universitetlaridan birining filiali Navoiyda ochilishi mumkinligini ma'lum qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi. 

«Avvalambor, Germaniya universitetlari malakali muhandis xodimlarni yetkazib berishda boshqa davlatlarga qaraganda ustunliklarga ega va o‘qish narxlari ham xalqimiz uchun hamyonbop ekanligini ta'kidlash lozim. Biz ko‘zlayotgan oliygohlar universitetlarning xalqaro reytingida eng yuqori 500talikdan o‘rin olgan. Masalan, Ahen shahridagi Reyn-Vestfal texnika oliygohi bilan muzokara olib boryapmiz. Albatta, boshqa oliygohlar bilan ham bog‘lanamiz va ularni jalb qilishda bor mahorat va tajribadan foydalanamiz», – deydi Jo‘rayev.

Uning aytishicha, viloyatda, asosiy vazifalaridan biri –​ koorporatsiya va investorlarga kredit ajratish va xalqaro moliyaviy resurslarni ko‘chirishga ko‘mak berish bo‘lgan, investbank tashkil etilishi ham rejalashtirilmoqda.

«Shuningdek, talaygina ishlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Shulardan biri –​ shahar va tumanlarda ko‘ngilochar eko-parklar tashkil etish, tungi Navoiy shahrini yanada yoritish, mashinalar avtoturargohlarini tartibga solish. 

Ular ichida eng muhimlaridan biri –​ maktablarda ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan qo‘shimcha​ to‘garaklar yoki hamyonbop o‘quv markazlari xizmatlarini ko‘paytirish rejamizda bor. Xalqimizda shu borada qo‘shimcha takliflar bo‘lsa, biz ularni tinglashdan xursand bo‘lardik va har bir taklifni inobatga olib o‘rganib chiqamiz», – deydi viloyat hokimi maslahatchisi.

Ma'lumot uchun, Nazirjon Jo‘rayev o‘z vazifasiga 2019 yilning yanvaridan boshlab kirishgan. U bunga qadar Angliyada Oceanic Village LTD kompaniyasida menejyer lavozimida ham ishlagan. London buxgalteriya va moliya kolleji va Raskin universitetlari bitiruvchisi Jo‘rayev 2 ta xalqaro banklarning investitsiyalarini jalb etish masalasida ish boshlanganini ma'lum qilgandi.  ​

Mavzuga oid