Jamiyat | 09:13 / 05.08.2025
14205
6 daqiqa o‘qiladi

“Hamma biladi, lekin hech kim indamaydi” - Buloqboshida kanalni ko‘pikka to‘ldirgan kim?

26 iyul kuni Janubiy Farg‘ona kanalining Buloqboshi tumani Shirmonbuloq qishlog‘idan o‘tuvchi qismida quyuq oq ko‘pik oqdi. Bu ko‘pik nimaligi, uni kim oqizgani va ekologiyaga qancha zarar yetgani ma’lum emas. Kun.uz muxbiri aholi vakillari va rasmiylardan munosabat so‘radi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shirmonbuloqda yashovchi suvchi – mirob Ilhom Buvayev shunday deydi:

— 2022 yildan beri kanalda nazoratchi bo‘lib ishlayman. Janubiy Farg‘ona kanalida tundan to sahargacha nima oqsa oqadi. Nazorat qiladigan tashkilotning o‘zi yo‘q. Xo‘jabod tumanidagi SAMO trikotaj fabrikasidan chiqqan chiqindi suvlar kanal suviga qo‘shilib, doimiy ravishda ifloslantiradi.

Ilhom Buvayev

Tsellofan, ko‘mirga o‘xshagan qora rangdagi ximikat, ko‘pik oqadi. Kuzga borganda kanalda hech bir tirik zot qolmaydi. Baliqlargacha qirilib ketadi ximikat zahridan. Mana, yaqinda oq ko‘pik oqdi. Bu internetga chiqib ketganidan keyin shov-shuv bo‘ldi. Uni ham bo‘lsa Shirmonbuloqqa kelgan mehmonlar telefonlariga video olishib, internetga chiqarvorishgan ekan. Oq ko‘pik oqishi tabiiy hol o‘zi bizda. Bu holatga hech kim taajjublanmaydi ham.

Bu holatni Buloqboshi, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa aholisi biladi. Hech kim chora ko‘rmaydi-da. 3-4 yildan beri ko‘pik oqishi yangilik emas biz uchun. Tuman, viloyat ekologiyasi, hammasi biladi ximikatlar qayerdan chiqayotganini.

Kanalda doimiy zahar oqaverib, faqat ilon baliqlar qolgan. SAMO'dan buyog‘ida, aynan fabrikaning chiqindi suvi oqiziladigan qismidan boshlab qurbaqalar ham o‘lib ketgan. Tabiat jonzotlari qirilib bitdi xullas.

Kanaldagi baliqni ushlasangiz, tepa qismi erib ketganini ko‘rasiz. Avvallari bu suvdan ichar edik. Chorvalar ichardi, hozir endi hatto tovuqlarga ham bermay qo‘ydik kanal suvini. O‘zimiz ichayotgan toza suvdan beryapmiz.

Abduvali Sharipov

Shirmonbuloqlik yana bir fuqaro Abduvali Sharipov shunday hikoya qiladi:

— Ekologiyaning rasvosi chiqib ketdi. Bu kanal ilgari qanday edi-ya?! Yoshligimizda cho‘milar edik. Baliq tutib yer edik. Endi-chi? Avvalgi kanaldan asar ham qolmadi.

Xullas, endi birov cho‘milmaydi ham. Hozirgi yoshlar ham cho‘milmayapti. Nimaga deganda, kanal ichi ximikatga to‘ldi. Kuni kecha kanalda oq ko‘pik oqdi. Qachonlardir bu kanalni to‘ldirib baliqlar oqqan edi. Shunaqa yaxshi paytlar ham bo‘lgan.

Bu ekologiya xodimlari qayoqqa qarayapti? Bilmadik endi, tushuna olmadik. Suvda chiqindi oqaversa, oxiri nima bo‘lishini faqat Xudo biladi endi.

SES va Ekologiya nima deydi?

Andijon viloyat Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi mutaxassisi Firdavs Madrahimovning aytishicha, boshqarma xodimlari zaruriy barcha joylardan suv namunalarini olib, laboratoriya tekshiruviga yuborganini.

Firdavs Madrahimov

“Ijtimoiy tarmoqqa tarqalgan holat yuzasidan “Nil Granit” MChJga kelib o‘rganishni boshladik. Tekshirish ishlari davom etyapti. Oqova hosil bo‘layotgan suvlaridan namuna oldik. Va barcha texnologik jarayonlar birma-bir o‘rganib chiqilyapti. Laboratoriya natijalari chiqqandan keyin sizlarga qo‘shimcha ma’lumot beramiz. Sanitariya gigiyena laboratoriyamizga, bakteriologik laboratoriyalarga suvlardan ana shu birinchi joydan hosil bo‘ladigan chiqindi joyidan va oxirgi oqib chiqib ketadigan joylaridan namunalar oldik”, deydi Firdavs Madrahimov.

Buloqboshi tumani ekologiya bo‘limi bosh mutaxassisi Jasurbek Xudoyberdiyev bu voqea SAMO fabrikasi bilan bog‘liq ekanini aytdi.

Jasurbek Xudoyberdiyev

“26 iyul kungi Janubiy Farg‘ona kanalida ko‘pik oqqani holati bo‘yicha tezkor ishchi guruh tuzilib, vaziyat o‘rganila boshlandi. O‘rganishlar davomida ko‘pik tarqalgan hududlardan, Janubiy Farg‘ona kanalining Buloqboshi tumanidan oqib o‘tuvchi qismidan suv namunalari olindi va laboratoriya bo‘limiga tahlil o‘tkazish uchun yuborildi.

O‘rganishlar natijasida Janubiy Farg‘ona kanaliga Xo‘jabod tumanida faoliyat olib boradigan “Nil Granit” MChJ tomonidan oqova suvini tashlash holati sodir etilgani aniqlandi.

Yer osti quvuri orqali Farg‘ona kanaliga ishlab chiqarishdan chiqqan suv to‘liq tozalanmasdan Farg‘ona kanaliga tashlangani ma’lum bo‘ldi. Quvur yer ostidan 3 kilometr uzoqlikdan tortib kelingan.

Kanalni ifloslantirayotgan quvur

Ushbu holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilib, to‘plangan barcha hujjatlar sudga taqdim etiladi. Ushbu qoidabuzarlikni keltirib chiqarganlarga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi”, deydi ekologiya bo‘limi bosh mutaxassisi.

Ushbu ko‘rsatuv 31 iyul kuni tasvirga olindi. Kun.uz 2 avgust kuni tegishli mutaxassislarga qayta bog‘lanib, laboratoriya tekshiruvi natijalari bilan qiziqdi. Ammo hali javob chiqmagani aytildi.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid