Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya tankerini qo‘lga olgan AQSh, Kubada yoqilg‘i tanqisligi va Armanistonga kelgan Vens – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Rossiya tankerini qo‘lga oldi
AQSh qurolli kuchlari dushanbaga o‘tar kechasi Aquila II nomli neft tankerini qo‘lga oldi. G‘arb va Ukraina manbalariga ko‘ra, mazkur kema xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalaniladigan Rossiyaning «soya floti» tarkibiga kiradi.
Pentagonga ko‘ra, qo‘lga olingan tanker Donald Tramp joriy etgan sanksiya rejimini buzgan holda faoliyat yuritgan. Vazirlik kema yashirinishga uringanini, biroq baribir kuzatuvga olinib aniqlanganini bildirdi.
«Urush vazirligi bu kemani Karib dengizidan Hind okeanigacha kuzatib bordi va quvib yetdi. Yer sayyorasida hech bir davlat har qanday sharoitda o‘z so‘zini o‘tkazish qobiliyatiga ega emas. Quruqlikda, havoda yoki dengizda — qurolli kuchlarimiz sizni topadi va adolatni tiklaydi», - deyiladi idora bayonotida.
Taxminlarga ko‘ra, tanker Rossiya hamda Venesuela neftini tashiydi, ba’zan joylashuvini yashirish uchun transponderni o‘chirib qo‘yish va boshqa usullardan foydalanadi.
Bu — 2025 yil dekabridan buyon Venesuelaga qarshi joriy etilgan blokada doirasida AQSh ushlagan yettinchi kema hisoblanadi.
O‘rtayer dengizida o‘nlab migrantlar halok bo‘ldi
Liviya qirg‘oqlari yaqinida rezina qayiq ag‘darilishi oqibatida kamida 53 nafar noqonuniy migrant, jumladan, ikki nafar chaqaloq halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Xalqaro Migratsiya tashkilotining ma’lum qilishicha, 55 nafar migrant bo‘lgan qayiq juma kuni Zuvora shahri shimolida ag‘darilgan. Qidiruv-qutqaruv amaliyoti davomida Liviya rasmiylari tomonidan faqat ikki nafar nigeriyalik ayol qutqarib olingan.
Bayonotda aytilishicha, omon qolgan ayollardan biri eridan ayrilganini, ikkinchisi esa ushbu fojiada ikki nafar chaqalog‘ini yo‘qotganini bildirgan.
Afrika davlatlari fuqarolari bo‘lgan migrant va qochqinlarni olib ketayotgan qayiq yo‘lga chiqqanidan taxminan olti soat o‘tib ag‘darilgan.
Tashkilotning ma’lum qilishicha, faqat yanvar oyida O‘rtayer dengizida ob-havo sharoitlari tufayli sodir bo‘lgan kema halokatlari natijasida kamida 375 nafar migrant halok bo‘ldi. Yuzlab boshqa o‘lim holatlari esa qayd etilmagan bo‘lishi ham mumkin.
AQSh vitse-prezidenti Armanistonga keldi
AQSh vitse-prezidenti J.D.Venc dushanba kuni Armanistonga yetib keldi. Bu tashrif uni Janubiy Kavkaz davlatiga kelgan AQSh tarixidagi eng yuqori lavozimli siyosatchiga aylantirdi.
«Bosh vazir bizning juda yaqin do‘stimiz va dunyoning ushbu mintaqasida tinchlik hamda taraqqiyot masalasida haqiqiy ittifoqchimizdir», dedi Vens Pashinyan haqida.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa Vensga va AQSh prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi. Armaniston va qo‘shni Ozarboyjon tinchlikka «juda yaqin» kelganini ta’kidladi.
Vens va Pashinyan tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator hujjatlarni imzoladi. Ular orasida tinch maqsadlardagi yadroviy hamkorlik bo‘yicha majburiyatlar, Armaniston hududi orqali Ozarboyjonni Naxchivon eksklavi bilan bog‘laydigan yirik tranzit yo‘lagini barpo etish haqida kelishuvlar bor.
Aynan ushbu tranzit yo‘lagi Yerevan va Boku o‘rtasida uzoq yillardan beri eng keskin bahsli masalalardan biri bo‘lib kelgan.
Vitse-prezident Vens seshanba kuni qo‘shimcha uchrashuvlar uchun Ozarboyjonga yo‘l oladi.
Mazkur tashrif Ukrainadagi urush fonida sobiq sovet davlatlari Moskva ta’sir doirasidan uzoqlashayotgan bir paytda amalga oshmoqda. Xususan, Armaniston Rossiya bilan xavfsizlik bo‘yicha kelishuvini muzlatib qo‘yib, Vashington va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni chuqurlashtirishga intilmoqda.
Isroilning harakatlari qoralandi
Dushanba kuni Turkiya, Misr, Iordaniya, Indoneziya, Pokiston, Qatar, Saudiya va BAA tashqi ishlar vazirlari Isroilning bosib olingan G‘arbiy sohilda yaqinda ko‘rgan choralarini keskin qoraladi.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, mazkur choralar «Isroilning noqonuniy suverenitetini majburan o‘rnatish, posyolkalar faoliyatini mustahkamlashga» qaratilgan. Shuningdek, u hududni anneksiya qilish va falastinliklarni siqib chiqarishga urinishlarni tezlashtiradi.
Bayonotda vazirlar «xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzadigan, ikki davlatli yechimga putur yetkazadigan ushbu noqonuniy harakatlarni mutlaq rad etishlarini» bildirdi.
Vazirlar Isroilning harakatlari – BMT Xavfsizlik kengashining «Falastin hududlari, Sharqiy Quddusning «demografik tarkibi, xarakteri va maqomini o‘zgartirishga qaratilgan Isroilning barcha choralarini qoralovchi» rezolyutsiyani ochiqdan ochiq buzishini ta’kidladi.
Yakshanba kuni Isroil Xavfsizlik kabineti bosib olingan G‘arbiy sohilda Isroil nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlarni ma’qullagandi. Unga ko‘ra, G‘arbiy sohilda falastinliklar yerini yahudiylarga sotishni taqiqlovchi qonun bekor qilinadi va yer egaligi bo‘yicha hujjatlar ochiladi.
Kubada yoqilg‘i tanqisligi boshlandi
Yakshanba kuni Kuba hukumati mahalliy aeroportlarda aviayoqilg‘i tanqisligi sababli xorijiy aviakompaniyalarga samolyotlarni vaqtincha yonilg‘i bilan ta’minlash imkoni yo‘qligini ma’lum qildi. Cheklovlar dushanbadan kuchga kirdi va kamida mart oyining o‘rtalarigacha davom etadi.
Gap mamlakatdagi bir nechta aeroportlar, jumladan, Havanadagi xalqaro aeroportda ham yonilg‘i yetishmovchiligi haqida bormoqda. Bu ogohlantirish orolga keladigan xorijiy aviakompaniyalar marshrutlari, parvozlar jadvali qayta ko‘rib chiqilishiga olib kelishi mumkin.
Kubadagi yoqilg‘i tanqisligi AQSh tomonidan bosim kuchaytirilganidan keyin yanada keskinlashdi. Yanvar oxirida AQSh prezidenti Kubaga neft yetkazib beradigan mamlakatlarga nisbatan yangi tariflar tizimini joriy etdi.
Oq uy buni Kuba – AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solayotgani va dushman davlatlar bilan hamkorlik qilayotgani bilan izohladi. Shu fonda orolga yoqilg‘i yetkazib berish qisqardi va bu muammolarni keltirib chiqardi.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Kubada turizm sohasida qiyinchiliklar paydo bo‘lgan: pandemiyadan keyin AQSh sanksiyalari va ichki iqtisodiy muammolar oqibatida sektor allaqachon inqiroz holatiga kelib qolgan.
BMT AQSh qarzini to‘lashini kutmoqda
BMT AQSh budjet badallarini kechiktirib to‘layotgani bo‘yicha qachon va qancha mablag‘ ajratishini aniqlashtiruvchi tafsilotlarni kutayotganini bildirdi. Bu bayonot AQSh yaqin haftalarda dastlabki to‘lovni amalga oshirishga va’da berganidan keyin yangradi.
«Biz bayonotlarni ko‘rdik va ochig‘ini aytganda, bosh kotib bu masala yuzasidan ancha vaqtdan beri elchi Mayk Uolts bilan aloqada», - dedi BMT matbuot kotibi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 28 yanvardagi maktubida a’zo davlatlarni tashkilot moliyasi bo‘yicha ogohlantirgandi. U to‘lanmagan badallar sabab 193 davlatdan iborat tashkilot «yaqin fursatda moliyaviy qulash» xavfi ostida qolayotganini bildirgan.
Badallarning asosiy qismi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Tramp davrida AQSh ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikdan chekinib, BMTdan islohotlar o‘tkazish va xarajatlarni qisqartirishni talab qilib kelmoqda.
BMT rasmiylariga ko‘ra, AQSh BMTning muntazam budjeti bo‘yicha to‘lanmagan qarzlarning 95 foizidan ortig‘i uchun mas’ul. Fevral boshiga kelib, mamlakatning qarzi 2,19 milliard dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, amaldagi va avvalgi tinchlikparvarlik missiyalari uchun yana 2,4 milliard dollar hamda BMT tribunalari uchun 43,6 million dollar qarzdorlik mavjud.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftada 55 ta davlat muddatidan oldin joriy yil uchun BMT budjetiga o‘z muntazam badallarini to‘lab bo‘lgan.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026