O‘zbekiston | 08:46 / 10.08.2019
13572
7 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar murojaatlari bo‘yicha yagona portal faoliyatiga oid hukumat qarori qabul qilinadi

Foto: Vazirlar Mahkamasi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona interaktiv portal faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning muammolarini hal etishda ularni qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali tizim joriy etilishini nazarda tutuvchi “business.gov.uz” yagona interaktiv portal Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, 2019 yil 1 iyundan sinov tarzida va joriy yilning 15 iyun kunidan boshlab to‘liq ishga tushirilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi qoshida tashkil etilgan “Call-markaz” ga +998 71 211-00-00 qo‘ng‘iroq raqami va yagona 1100 qisqa raqam ajratilgan;

“Call-markaz” O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi qoshidagi “Chamber Business Solutions” unitar korxonasi tomonidan yuritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona interaktiv portalning ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda yoxud video tasvir ko‘rinishida ariza, taklif va shikoyat shaklida berilishi mumkin.

Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat'i nazar, bir xil ahamiyatga ega.

Yagona portal “Call-markaz”ining “+998 71 211-00-00” qo‘ng‘iroq raqami yoki “1100” yagona qisqa raqamiga kelib tushgan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida mazkur Nizomda belgilangan tartibda qayd etiladi, ro‘yxatga olinadi va ko‘rib chiqiladi.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yagona portal:

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining Internet tarmog‘idagi rasmiy davlat axborot resursi;

davlat va xo‘jalik organlari bilan tadbirkorlik sub'yektlari hamda investorlar o‘rtasidagi elektron-axborot aloqasi infratuzilmasining tizim tashkil etuvchi elementi hisoblanadi.

Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.

Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.

Qonunga muvofiq, xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga, tashkilotlariga va ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari talablariga rioya etishi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun choralar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi shart.

Murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi shart.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarning, agar bu tadbirkorlik sub'yektining huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborotning davlat organlari, tashkilotlar xodimlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tadbirkorlik sub'yekti to‘g‘risidagi, murojaatga taalluqli bo‘lmagan ma'lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tadbirkorlik sub'yektining iltimosiga ko‘ra uning faoliyatiga doir biron-bir ma'lumot oshkor etilmasligi kerak.

Tadbirkorlik sub'yektini, uning vakilini va oila a'zolarini ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda o‘z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan ta'qib etish man etiladi.

Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Tadbirkorlik sub'yektlari murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o‘z vakiliga berishga yoxud murojaatni “Call-markazi” orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli.

Tadbirkorlik sub'yektining murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan manzili (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma'lumotlar to‘liq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Tadbirkorlik sub'yektining murojaatida faoliyatida duch kelayotgan muammo va takliflar mohiyati aniq hamda tushunarli bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va faks raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.

Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.

Murojaatga u bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning nusxalari, shuningdek uni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan holatlar bundan mustasno.

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga yuborilganda murojaatga ilova qilinishi kerak.

Murojaatlarni berish muddatlari, odatda belgilanmaydi.

Tadbirkorlik sub'yektlari o‘z murojaatini u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan paytda murojaat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan chaqirib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiqish to‘xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat davlat organining xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.

Murojaatni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza davlat organlari, tashkilotlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid