Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojxona sohasida tadbirkorlar murojaatini sudgacha ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi
Tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining bojxona sohasidagi muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha tavsiyalar beruvchi appelyatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Apellyatsiya kengashi – Davlat bojxona qo‘mitasi huzuridagi idoralararo kollegial organ bo‘lib, faoliyati O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari:
- bojxona tartibga solish sohasida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq murojaatlarni o‘rganish;
- aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va tavsiyalar berish;
- bojxona bojlari, tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash, berilgan imtiyozlarni amalga oshirish bilan bog‘liq nizoli holatlarni hal etishga ko‘maklashish;
- qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida bojxona organlariga uslubiy yordam ko‘rsatish.
Apellyatsiya kengashiga quyidagi huquqlar berilgan:
- davlat organlari va boshqa tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni so‘rab olish;
- mavzularni ko‘rib chiqishda mustaqil ekspert va mutaxassislarni jalb etish;
- tadbirkorlarning murojaatlariga oid taklif va tavsiyalardan iborat xulosalar tayyorlash.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati – ish kunlari hisobida 15 kungacha. Qo‘shimcha o‘rganish va materiallar so‘rab olish zarur bo‘lganda – 1 oygacha. Alohida hollarda, kengash raisi qarori bilan muddat yana 1 oyga uzaytirilishi mumkin.
Apellyatsiya kengashi kamida 15 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi. Tarkibga rais, uning o‘rinbosari, kotib va kengash a’zolari kiradi. Ular davlat organlari, ilmiy jamoatchilik va biznes hamjamiyati vakillaridan iborat bo‘ladi. Xulosalar yozma shaklda rasmiylashtiriladi va barcha qatnashchilar tomonidan imzolanadi. Alohida fikr bo‘lsa, yozma shaklda bildirilib, ish materiallariga ilova qilinadi.
Apellyatsiya kengashining xulosalari tavsiyaviy xarakterga ega. Bunday xulosani olgan bojxona organi 3 ish kuni ichida uni bajarish to‘g‘risida yoki uni rad etish asoslarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabar berishi shart.
Apellyatsiya kengashi faoliyatining moliyalashtirilishi Davlat bojxona qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
16:55 / 09.06.2026
Biznes-ombudsman Toshkentdagi reklamalarni buzishda qonuniy yo‘l tutishga chaqirdi
10:25 / 09.06.2026
Vaqtincha olib kirilgan tovarlar bo‘yicha to‘lov grafigi joriy etilishi mumkin
20:43 / 08.06.2026
Sudyalar uchun daromad va mol-mulk deklaratsiyasini taqdim etish tizimi ishga tushiriladi
10:30 / 08.06.2026