Jamiyat | 19:00 / 30.01.2026
3130
9 daqiqa o‘qiladi

Baland binolar shamolni to‘sadimi: ventilyatsiya koridorlari qanday ishlaydi?

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi loyihasida Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish (Urban Digital Twins) tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shamol va ventilyatsiya modellashtiruvi Toshkentdagi qurilish siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda o‘zi so‘nggi yillarda zamonaviy shaharlar qanday reja asosida rivojlanmoqda, “vertikal” va “gorizontal” o‘sish qanday muvozanatlanadi, qaysi megapolislarning strategiyasi Toshkent sharoitiga yaqin? Shu kabi savollarga mutaxassislar fikr bildirdi.

23 yanvar kuni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasidagiislohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi yuzasidan prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha bandlaridan biri Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish (Urban Digital Twins) tizimini joriy etishga qaratilgan. Uning yordamida shamol “to‘xtab qoladigan” zonalar aniqlanishi, shamol tezligi va yo‘nalishini o‘zgartiruvchi omillar belgilanishi, tabiiy ventilyatsiya koridorlari topilib, ularga ta’sir qiluvchi faktorlar (jumladan, rejalashtirilgan binolar qavatini pasaytirish, ochiq maydonlar tashkil etish) bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi; mahallalarda datchiklar orqali havo aylanishi monitoring qilinishi va jamoatchilik uchun ochiq onlayn xarita ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu yangi reja (shamol va ventilyatsiya modellashtiruvi) Toshkentdagi qurilish siyosati va bosh rejaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda o‘zi so‘nggi yillarda zamonaviy shaharlar qanday reja asosida rivojlanmoqda, ularda “vertikal” va “gorizontal” o‘sish qanday muvozanatlanadi, qaysi megapolislarning strategiyasi Toshkent sharoitiga yaqin?

Shu kabi savollarga Parallel Architecs arxitektura byurosi asoschisi, O‘zbekiston yosh arxitektorlari uyushmasi vakili Aziz Qosimov, shuningdek Buyuk Britaniyadagi Sunkari Ltd kompaniyasida loyiha menejeri va TTPZ Services Ltd kompaniyasida qurilish bo‘yicha menejer sifatida faoliyat yuritayotgan Doniyorbek Mo‘minovlar o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Binolarning balandligi, "Shamol guli" va aerodinamika

Ko‘pchilik baland binolarni shamolni to‘suvchi asosiy to‘siq deb biladi. Biroq Doniyorbek Mo‘minovning fikricha, masala binoning balandligida emas, balki uning aerodinamik joylashuvida.

"Loyiha bilan tanishib chiqdim, endi Toshkentdagi binolarning qurilishida shamol yo‘lini hisobga olinishi quvonarli. Ayrim insonlar “binolar qavatini pasaytirish” deganda yoppasiga barcha binolar buzilib, qavatlari kamaytirilishini tushunib qolishi mumkin. Bu fikr xato. Kerakli joyda past kerakli joyda baland binolar qurgan holda shamolni kuchaytirish mumkin. Bu ko‘plab zamonaviy shaharlarda o‘z isbotini topgan usul.

Shamol shaharsozlikda “tabiiy fon” emas, balki loyihaning texnik xavfsizlik va mikroiqlim parametri. Bino qurilishidan oldin loyihada “shamol guli” (wind rose) bo‘limi bo‘lishi shart. Bino qaysi tomondan keladigan oqimga ro‘baro‘ keladi, oqimni to‘sadimi yoki tezlashtiradimi, ko‘cha bo‘ylab “tunnel” effektini kuchaytiradimi, qayerda girdob paydo qiladi? bular oldindan hisoblanishi kerak. Shahar mikroiqlimini “bino balandligi” bilan cheklab bo‘lmaydi. Yashil hududlar va suv obektlari (ko‘l, mikro rezervuarlar) namlikni ushlab, issiq davrda hududni yumshatadi. Shuning uchun “shamol koridori” bilan birga shahar “mikroiqlim infratuzilmasi” ham qayta ko‘rilishi kerak. Bu masala park, ko‘kalamzorlashtirish va suv elementlarini rejalashtirishga bevosita borib taqaladi." - deb tushuntirdi Doniyorbek Mo‘minov.

Mutaxassisning ogohlantirishicha, poytaxtning asosiy "o‘pkasi" hisoblangan Chirchiq va tog‘ tizmalari tomondan keladigan havo yo‘llari shaxsiy dala hovli va tartibsiz obektlar bilan yopib qo‘yilgan. Raqamli model esa aynan mana shu "yopiq klapanlarni" aniqlash imkonini beradi.

Yagona reglamensiz raqamli model xarita bo‘lib qoladi

Mutaxassis Aziz Qosimovning ta’kidlashicha, Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish orqali hisobga olgan holda rejalashtirishning eng maqbul yo‘llaridan biri binolarni yaxlit konsepsiya asosida kompleks tarzda loyihalash va qurishdir. Uning fikricha, bunday yondashuv shaharda havo aylanishini tabiiy tarzda ta’minlashga xizmat qiladi va zamonaviy, barqaror shaharsozlik yechimlari qatoriga kiradi.

Qosimov kompleks qurilish uchun minimal standartlar ijtimoiy infratuzilma, yashil hududlar, parking, transport yechimlari, xavfsizlik va servis talablari mavjud shaharsozlik normalarida belgilanganini qayd etadi. Biroq amalda ushbu me’yorlarni zamonaviy talablarga moslab yangilash va eng muhimi, ularni majburiy qiladigan yagona qurilish reglamentini ishlab chiqish zarur. Aks holda, raqamli modellar va xaritalar qaror qabul qilish vositasiga emas, shunchaki ma’lumot jamlanmasiga aylanib qolishi mumkin.

Shuningdek, shamol koridorlari, ochiq maydonlar va kvartal kompozitsiyasi bo‘yicha yangi talablar nuqtai nazaridan “Shahar bosh rejasi”ni qayta ko‘rib chiqish ham yana bir ijobiy qadam bo‘lar edi.

Toshkent qaysi yo‘ldan borishi kerak?

Dunyoda tez rivojlanayotgan megapolislar (Seul, Gonkong, Singapur, Istanbul, Dubay va hkz...) tajribasida qaysi rivojlanish modeli Toshkent sharoitiga eng mos? Aziz Qosimov shahar binolar yig‘indisi emas, ijtimoiy organizm. Uning qiyofasi va arxitekturasi undagi odamlarning qadriyatlari, urf-odatlari, yashash tarzi hamda geografiyasi bilan shakllanadi. Shu bois u “Seul, Dubay yoki Singapur modelini to‘liq ko‘chirish”dan ko‘ra, Toshkentga mos yechimlarni tanlab, o‘ziga xos gibrid yo‘l yaratish zarur deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Qosimov Toshkent sharoitiga yaqin bo‘lgan ikki analogni o‘rnak olish mumkin deb hisoblaydi:

1. Seul — aholi ko‘payishi fonida zichlikni samarali boshqarish va “smart” instrumentlar, ya’ni shaharni ma’lumotlar hamda boshqaruv tizimlari orqali monitoring va nazorat qilish tajribasi.

2. Istanbul — polisentrik (ko‘p markazli) rivojlanish modeli: shahar hayoti bitta markazga “qamalmay”, tumanlar kesimida muvozanatli tarzda tarqaladi.

Qosimov nazarida, Toshkent uchun eng maqbul yo‘nalishlardan yana biri “15 daqiqalik shahar” konsepsiyasi. Bunda insonning kundalik ehtiyojlari (ish, bog‘cha, poliklinika, do‘kon va servislar) uyi atrofida piyoda masofada bo‘lishi kerak. Bu yondashuv nafaqat tirbandlikni kamaytiradi, balki havoni ifloslantiruvchi avtomobillar oqimini ham sezilarli darajada jilovlaydi.

Vertikal rivojlanishda tejaladigan narsa faqat pul emas: vaqt, logistika, energiya va havo

Shuningdek, har ikki mutaxassis ham Toshkent uchun “eniga yoyilish”dan ko‘ra vertikal rivojlanish va zichlikni to‘g‘ri boshqarish foydaliroq ekanini qayd etadi. Poytaxtning “eniga yoyilishi” (ekstensiv o‘sish) iqtisodiy jihatdan juda qimmatga tushmoqda, shahar chetiga 1 km kanalizatsiya va elektr tarmoqlarini tortishdan ko‘ra, markazda vertikal rivojlanish va mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish davlat budjeti uchun samaraliroq.

Urbanistlar vertikal va ixcham tuzilmaning iqtisodiy mantig‘ini uy–maktab–ish–tibbiyot–dam olish manzillari uzoq bo‘lsa, odam tirbandlikda ko‘proq turadi, yoqilg‘i ko‘proq sarflanadi, havo ko‘proq ifloslanadi va kunning katta qismi yo‘lga ketadi. Kundalik ehtiyojlar piyoda masofada bo‘lsa:

— vaqt tejaladi;

— biznes uchun logistika xarajatlari kamayadi;

— shahar uchun infratuzilma bosimi pasayadi;

— energiya tejamkorlik va ekspluatatsiya xarajatlarini boshqarish osonlashadi;

— zichlik esa yashil maydonlarni saqlash va yaratish imkonini ham oshiradi.

Lekin bu yerdagi asosiy “shart” ixchamlik shamol koridorlarini yopib qo‘ymasligi kerak. Shu sababli digital twin tashabbusi, aslida, “zichlik”ni inkor etmaydi; u zichlikni to‘g‘ri joylash va to‘g‘ri shakllantirish masalasiga aylantiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid