Sabrning mukofoti: 7 yetim qizning onasi eski “Kombi” o‘rniga yangi “Damas”li bo‘ldi
Olis Nurobod tumanining Sahoba qishlog‘ida yashovchi, turmush o‘rtog‘i og‘ir kasallikdan vafot etgach, 7 qizini bir o‘zi “Kombi” mashinasida tirikchilik qilib boqayotgan O‘g‘iloy Eshqulova haqida avval ham xabar bergan edik.
Lavha e’lon qilingach, oilaga yordam beruvchilar ko‘p bo‘ldi. Ana shundaylardan biri — saxovatpesha tadbirkor, Samarqanddagi “Yuksalish group” rahbari Anvar Temirov oilaga yap-yangi “Damas” avtomobilini sovg‘a qildi.
Albatta, onaizorning kutilmagan tuhfadan so‘ng hissiyotlarini so‘z bilan ta’riflash qiyin.
O‘g‘iloy Eshqulovaning kenja qizi Iymona shu kuni 1 yoshni to‘ldirdi. Bu ham oila uchun o‘ziga xos unutilmas sovg‘a bo‘ldi. Tadbirkor mashinani onaning nomiga rasmiylashtirib berishni ham o‘z gardaniga oldi.
Tadbirkor o‘zining ham uch nafar qizi borligi, endi qizlari 10 nafarga yetganini aytib, barcha qizlarning voyaga yetguncha ta’minotini o‘z zimmasiga olishini aytdi.
Shuningdek, Anvar Temirovning do‘stlari samarqandlik yana ikki quruvchi tadbirkor oila istiqomat qilayotgan pastqam uyni to‘liq qayta qurib, barcha sharoitlarini ta’minlashni ham va’da qildi.
O‘g‘iloy Eshqulova o‘zbek xalqining bu qadar muruvvatli ekanidan hayron qolganini aytib, qiyin vaziyatda o‘z oilasiga yordam berayotgan barcha saxovatpeshalarni duo qildi.
Bu qisqagina xayrli voqeadan shunday xulosa chiqarish mumkinki, toki yurtimizda yosh, shijoatli, muruvvatli va zabardast ana shunday tadbirkorlar bor ekan, yetim-yesirlar hech qachon taqdir hukmiga tashlab qo‘yilmaydi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Operator va montajchi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
16:23 / 07.07.2024
Oramizdagi odamlar: “Moskvich” boshqarib ro‘zg‘or tebratayotgan sahobalik ayol
11:56 / 10.03.2024
Oramizdagi odamlar: arava tortib Umraga borgan otaxon
16:38 / 01.12.2023
Oramizdagi odamlar: g‘am-qayg‘usini mehnat bilan yengayotgan qishloq ayoli
18:02 / 18.11.2023