Turdimov qurilishlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bulung‘ur hokimi o‘rinbosari ishdan olinadi
22 dekabr kuni Samarqand viloyat hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda qurilish sohasiga aloqador bir nechta mas'ul rahbarlar ogohlantirildi.
Yig‘ilishda Jomboy tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Husan Hamrayevga hayfsan berilishi, Bulung‘ur tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Rabbimqul Xaljigitov vazifasidan ozod etilishi ma'lum qilingan.
Kun.uz Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatidan olgan ma'lumotda Rabbimqul Xaljigitov nima uchun vazifasidan ozod etilishiga aniqlik kiritilmagan.
Bulung‘ur tuman hokimligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, hokim o‘rinbosari hozircha rasman ishdan bo‘shatilmagan.
Viloyat hokimligi axborotiga ko‘ra, 2020 yilda Samarqand viloyatida «Qishloq qurilish invest» hamda «O‘zshaharqurilish invest» korxonalari tomonidan viloyat bo‘yicha jami 2414 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan. Viloyat hokimligi ishchi guruhi ushbu uy joylarni foydalanishga topshirish holatini o‘rganganida joylarda qurilish me'yorlari va sifat talablarining buzilishi, uylarning foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari rasmiylashtirilmagani aniqlangan.
Jumladan, Samarqand shahridagi uchta 5 qavatli (90 xonadonli) turar joy qurilish ishlari yakunlanmagan. Oqova suvlarning chiqish yo‘li mavjud emas, uylar tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan.
Jomboy tumanida esa uylarning qurilishida me'yordan ortiq miqdorda siniq g‘ishtlardan foydalanilgan. Past Darg‘om tumanida uylarning tashqi elektr ta'minoti bo‘yicha loyihalar mavjud emas, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini barpo etishda qurilish me'yorlariga amal qilinmagan. Quvurlar oddiy simlar, armatura va quvur bo‘laklari bilan mustahkamlangan.
Narpay tumanida ko‘p qavatli uylarga kirish eshiklari sifatsiz tarzda o‘rnatilgan, ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmagan, ayrim xonadonlarda pol qoplamalari allaqachon qo‘porilgan. Qo‘shrabotda esa qurilish montaj ishlari ko‘ngildagidek olib borilmagan. Isitish tizimi ham nomiga o‘rnatilgan, deyiladi hokimlik ma'lumotida.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
13:24 / 28.11.2024