O‘zbekiston | 09:00 / 28.10.2021
5897
9 daqiqa o‘qiladi

SANTO bosh direktori Iji Urbanets farmkompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqishi haqida so‘zlab berdi

140 yillik dori preparatlarini ishlab chiqarish tarixiga ega hamda anchadan buyon sifat so‘ziga ma'nodosh bo‘lgan SANTO farmatsevtik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga chiqdi. Kompaniya bosh direktori Iji Urbanets jurnalist, sotsiolog Aziza Shoyokubova bilan suhbat davomida uning faoliyati haqida batafsil so‘zlab berdi.

Foto: SANTO

– SANTO kompaniyasi o‘z yo‘lini nimadan boshlaganini aytib bering.

– Kompaniya 140 yil oldin tashkil etilgan edi. Lekin uzoq o‘tmishga qaytib o‘tirmaymiz. 10 yil oldin ro‘y bergan muhim o‘zgarishlarga to‘xtalamiz. O‘shanda biz Markaziy va Sharqiy Yevropa, Kavkaz hamda Markaziy Osiyo bozorlarida yetakchi hisoblangan Polpharma xalqaro farmatsevtik guruhiga qo‘shilgan edik. Va bizning zavodimizda Munosib ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) xalqaro sifat standartlariga muvofiq yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va amaldagilarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan bahosi 180 mln AQSh dollar atrofidagi keng qamrovli investitsion loyihani amalga oshirish boshlandi. Aytishim mumkinki, bugun SANTO Markaziy Osiyodagi yetakchi farmatsevtik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya portfelida 240dan ortiq preparat bor.

– Hozirgi paytda mahsulotlaringiz assortimenti qanday?

– SANTO – dori vositalarining barcha shakllarini ishlab chiqaruvchi kam sonli kompaniyalardan biri. Agar siz boshqa farmkompaniyalarni o‘rgansangiz, ularning ko‘pi tabletkalar yoki sterillangan dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilganini ko‘rasiz. SANTO esa diversifikatsiyalangan kompaniya sanaladi. Biz kardiologik preparatlar, antibiotiklar, mukolitik ta'sir vositalari, sterillangan dori preparatlari va ko‘plab boshqa narsalarni ishlab chiqaramiz. Bundan tashqari, bizning farqli jihatimiz preparatlar ishlab chiqaruvchi katta bo‘lim hamda o‘z R&D laboratoriyamizning mavjudligidir. Qolaversa, biz nafaqat xorijdan texnologiya transferini amalga oshiramiz, balki ma'lum miqdordagi dorilar olimlar tomonidan kompaniyamiz maydonchasida ishlab chiqiladi. Istiqboldagi rejalarimizdan biri – yiliga 30 nomdagi yangi dorilarni ishlab chiqarish.

– Dori ishlab chiqarishda qaysi sifat standartlariga rioya qilasiz?

– Sifatga keladigan bo‘lsak, bu biz uchun juda muhim masala. Har bir preparatimizni ishlab chiqarishda biz eng qat'iy nazorat qoidalariga amal qilamiz. Biz farmatsevtika sanoatining ilg‘or yutuqlari hamda nazorat organlarining eng qat'iy talablariga mos sifatni kafolatlovchi ishlab chiqarish sharoitlarini ta'minlaymiz. SANTO'ning barcha mahsulotlari Munosib ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) standarti talablari hamda dorixona ombori Munosib distribyutorlik amaliyoti standartlariga (GDP) muvofiqligi jihatidan sertifikatlangan – bu farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishning barcha bosqichlaridagi uzluksiz nazoratni ta'minlovchi qoidalar tizimi. Ya'ni qat'iy sifat nazorat xomashyo xarid qilishning eng boshidan boshlanib, tayyor mahsulotni yakuniy iste'molchiga realizatsiya qilish bilan tugaydi. Barcha dori preparatlari Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa xalqaro ishlab chiqaruvchilarning o‘ziga xos uskunalarida ishlab chiqariladi va ishlab chiqarish jarayonlarining dunyo avtomatizatsiya va integratsiya darajalariga mos keladi.

– Kompaniya koronavirus pandemiyasini qanday yengdi?

Hali pandemiya boshlanmasidanoq dorilarga talab oshishi ma'lum edi. Shuning uchun biz deyarli 2019 yilning so‘ngida va 2020 yil boshida dori ishlab chiqarish uchun xomashyoni zaxirasi bilan import qilgan edik. Va pandemiya e'lon qilinganidan keyin chegaralar yopila boshlaganda biz xorijdan xomashyo sotib olish bilan bog‘liq qiyinchiliklardan himoyalana oldik.

Esingizda bo‘lsa, pandemiyaning boshida odamlarda vahima boshlanib, dorixonalarda dorilar tanqisligi yuzaga keldi. Bizning kompaniyamiz farmatsevtika sanoati yetakchisi hisoblangan bois, biz kun-u tun ishlab chiqarish rejimiga o‘tdik va 24\7 tartibida ishlay boshladik. Lekin davlatni yetarli dorilar miqdori bilan ta'minlash uchun boshlanishiga biz zavodga infeksiya kirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi. Bu masalaga biz puxta o‘ylab yondashdik. Biz zavodni begonalar kira olmaydigan o‘ziga xos qal'aga aylantirdik. Unda tibbiyot xodimlari haroratni o‘lchar edi va agar kimdadir hatto kichkina shubha uyg‘onsa, u zavod hududiga kirmasidan avval tibbiy muassasa yoki uyga yuborilar edi. Ko‘rilgan choralar bizga vaziyatni nazoratda ushlash va ishni to‘xtatmaslik imkonini berdi. Bu yil biz uchun dars bo‘ldi. Kompaniya tarixida birinchi bor aylanma mablag‘ 100 mln dollarga qarab bormoqda. Men kompaniyamiz “yuzmillionlik” bo‘ladigan on haqida orzu qilganman. Bir yil ichida biz 30%ga o‘sdik. Lekin biz pandemiya davrida talab ortishi hisobiga emas, yangi mahsulotlar hisobiga o‘sdik. Bundan tashqari, bu yil barchamizga inqiroz sharoitida qanday ishlash zarurligini, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash naqadar muhimligini ko‘rsatdi. Va biz bularning barchasini uddalaganimiz ko‘p narsani anglatadi.

– Nima uchun siz O‘zbekiston bozorini tanladingiz? Kelajak uchun rejalaringiz qanday?

Men butun Markaziy Osiyoga sodiqman va uni yaxshi kelajak kutmoqda, deb o‘ylayman. Fikrimcha, biz butun mintaqa farmatsevtik sohasi rivojiga hissa qo‘shishimiz shart. Biz erishgan yutuqlarimiz bilan juda faxrlanamiz. Endi, O‘zbekiston bozoriga chiqqanimizdan so‘ng, biz Markaziy Osiyo davlatlaridagi yetakchi farmatsevtik kompaniyamiz, deb qo‘rqmasdan aytishimiz mumkin. Biz O‘zbekistonda, Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda ofislarimizga hamda Markaziy Osiyoda eng yirik ishlab chiqarish quvvatlariga egamiz.

O‘zbekiston farmatsevtikasi  GMP va boshqa xalqaro standartlarni muvaffaqiyatli joriy etish yo‘lidan borayotganini ko‘ryapman. Kompaniyamizga kelsak, biz strategik hamkor topishni va hamkorlikda O‘zbekistonda dorilarimizni ishlab chiqarish, hamkorlar preparatlarini esa Markaziy Osiyo bozorlarida realizatsiya qilishni rejalashtiryapmiz. Bizda bir xil standartlar va umumiy buyurtmalar portfeli bo‘lishi muhim. Biz o‘z oldimizga bu yerga faqat o‘z mahsulotimizni eksport qilish maqsadini qo‘ymaymiz. Biz hamkorlikda ishlab, mahalliy ishlab chiqarish sifatiga har doim ishonch bo‘ladigan darajaga erishmoqchimiz. Oldinlari shunday bo‘lardiki, biz shifokorlarning ishonchsizligiga duch kelardik, ular bemorlarga mahalliy emas, xorijiy dorilarni yozishni afzal bilishar edi. Va bu muammo faqat bu yerda emas. Lekin biz SANTO kompaniyasi preparatlarining sifat darajasi yuqori ekanligini isbotlay oldik. Masalan, bizning kardiologik preparatlarimizga bir necha yillardan buyon talab yuqori. Bilasiz, kardiologiya – tibbiyotning o‘ta murakkab bo‘limi. Bundan tashqari, bu turdagi dorilarini ishlab chiqarishda raqobat katta. Biroq shifokor kardiologlar bizning preparatlarimizga ishonadi. Dorining sifatli ekaniga ishonchi komil bo‘lmaganda, ular bemorlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, uni tavsiya qilmagan bo‘lishardi. O‘ylashimcha, o‘zbek hamkorlarimiz bilan birgalikda ishlab ham yuksak natijalarga erishamiz. Ya'ni O‘zbekiston bozoriga chiqish – faqatgina tijoriy loyiha emas, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnik rivojiga qo‘shayotgan hissamizdir.

– Kadrlar bilan bog‘liq vaziyat qanday?

– Biz universitetlar bilan faol hamkorlik qilamiz. Bizning hamkorlikdagi loyihalarimiz bor va biz o‘z ishlab chiqarishimizda amaliyotlar tashkil etamiz. Yosh kadrlarni diqqat bilan kuzatamiz. Aytganimdek, asosiy maqsadimiz – sohani rivojlantirish. Soha esa, eng avvalo, bu inson potensiali. Buning uchun zavodimizda SANTO Raqamli muhandislik o‘quv markazi mavjud, bu yerga talabalar amaliyotda raqamli texnologiyalardan zamonaviy ishlab chiqarishda qanday foydalanilishini o‘rganish uchun kelishadi. Juda ko‘p hollarda amaliyot va universitetni tugatgandan so‘ng ular aynan bizda ishlashga intilishadi. Biz uchun bu katta yutuq. Xuddi shunday tajribani O‘zbekistonda ham qo‘llash  rejamizda bor.

– Nima deb o‘ylaysiz, kompaniyangiz muvaffaqiyati nimada?

– Muvaffaqiyatning asosiy tarkibiy qismi bu – odamlar. Menimcha, muvaffaqiyat 20% ko‘nikma va bilimdan tashkil topadi, qolgan 80 foizi esa emotsional omillar. Birinchi navbatda ish zavq bag‘ishlashi kerak. Buning uchun jamoaga entuziastlarni to‘plash muhim. Entuziazm nima? Bu energiya va ilhom. Bularning barchasi kelgusida kompaniyaga muvaffaqiyat olib keladi. Qolaversa, xodimlarimizning ko‘p qismi – o‘z ishida ma'no va yuksak maqsad ko‘rishga intiladigan mileniallar avlodi. Bu – SANTO muvaffaqiyatining asosiy kaliti.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid