O‘zbekiston | 09:06 / 15.02.2020
7589
6 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini 2020–2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini 2020–2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlanadi.

Quyidagilar Konsepsiyani amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

barcha yer usti, yer osti va qaytar suvlarni integrallashgan holda boshqarish tamoyillarini keng joriy qilish orqali iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini o‘rta va uzoq kelajakda suv bilan barqaror va kafolatli ta'minlash, shuningdek suvdan samarali va oqilona foydalanish, uning sifati va xavfsizligini ta'minlash;

zamonaviy suv tejovchi sug‘orish texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suvni tejash usullari va texnologiyalarini joriy etgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimini yanada rivojlantirish;

suv omborlari, gidrouzellar, kanal va kollektorlar, nasos stansiyalari va boshqa suv xo‘jaligi inshootlarini ishchi holatda saqlash, ularni modernizatsiya qilish va texnik xavfsizligini ta'minlash hamda sug‘orish tizimlarida suv yo‘qotilishini kamaytirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, energiya tejovchi va energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish;

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash orqali ularning unumdorligini oshirish, sizot suvlarini maqbul sathlarda saqlab turish, tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurashishning samarali usullarini joriy etish;

suv xo‘jaligida bozor tamoyillarini joriy etish, davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini va autsorsingni joriy etish hamda xorijiy investitsiyalarning salmog‘ini ko‘paytirish hisobiga suv xo‘jaligining moliyaviy barqarorligini oshirish;

suv xo‘jaligini boshqarish tizimini maqbullashtirish, respublika suv resurslarini boshqarish va suv yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan davlat organlarining funksiyalari, vazifalari va vakolatlarini aniqlashtirish va qayta taqsimlash bo‘yicha tavsiyalarni xalqaro uslublarga muvofiq ravishda ishlab chiqish va joriy etish orqali suv xo‘jaligini davlat tomonidan boshqarish tizimini takomillashtirish;

transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlaydigan mintaqaning transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqish va ilgari surish;

suv resurslarini boshqarishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, suv xo‘jaligi obektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish;

suv xo‘jaligi sohasiga kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligida ilmiy va innovatsion salohiyatni rivojlantirish, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni joriy qilish, sohada loyihalashtirish ishlariga xalqaro standartlarni joriy etish.

Suv xo‘jaligi vazirligi Konsepsiyada belgilangan vazifalarni va tadbirlarni amalga oshirish orqali 2030 yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishishni ta'minlaydi:

sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffisentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

suv ta'minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar maydonini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;

suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste'molini 8,0 mlrd.kVt.s-dan 6,0 mlrd.kVt.s-ga kamaytirish;

qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan umumiy maydonni 2,0 million gektargacha, shu jumladan tomchilab sug‘orish texnologiyasini 500 ming gektargacha yetkazish;

sug‘oriladigan jami sho‘rlangan maydonlarni 1935 ming gektardan 1603 ming gektarga, o‘rta va yuqori sho‘rlangan yerlarni 607 ming gektardan 258 ming gektargacha qisqartirish;

"Aqlli suv" ("Smart Water") avtomatlashtirilgan suv o‘lchash va nazorat qilish tizimi joriy etilgan suv xo‘jaligi obektlar sonini 1000 tagacha yetkazish;

100 ta yirik suv xo‘jaligi obektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;

suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihalarni amalga oshirish.

Belgilanishicha, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste'molini bosqichma-bosqich kamaytirish hamda suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, autsorsing va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hisobidan tejaladigan mablag‘lar suv inshootlarini modernizatsiya qilish, suv xo‘jaligi tashkilotlari moddiy-texnik bazasini kuchaytirish va xodimlarining oylik ish haqlarini bosqichma-bosqich oshirishga yo‘naltiriladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi farmonda nazarda tutilgan vazifalarning to‘liq va o‘z muddatlarida bajarilishini ta'minlash maqsadida vazirlik tuzilmasida qo‘shimcha 4 ta shtat birligidan iborat mas'ul boshqarma tashkil etadi hamda xorijiy ekspertlar jalb etilishini ta'minlaydi.

Xorijiy ekspertlarni jalb etish vazirlikning budjetdan tashqari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanadi.

Mavzuga oid