Iqtisodiyot | 20:26 / 12.08.2021
10765
3 daqiqa o‘qiladi

“Birjada benzin narxlari boshlang‘ich narxlardan deyarli oshmayapti” - RTXB vakili

Iyul oyida O‘zbekistonda benzin 4 foizga, propan esa 5,5 foizga qimmatlashdi. Tovar-xomashyo birjasi mas'uli narx oshishining asosiy omillarini keltirdi. U birjada benzin deyarli oshmaganini ta'kidladi.

Foto: Getty Images

Narx oshishining asosiy sababi – jahon bozorida brent markali neft narxi oshishidir. Bizda narx brent neftga bog‘lab qo‘yilgan, maqsad – muvozanatni saqlash, deya izoh berdi Respublika tovar-xomashyo birjasi AJ bosh makleri Islombek Ibragimov 12 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

“Narx shakllanishida ma'lum iqtisodiy omillar bor. Asosan, talab va taklifdan kelib chiqib narx shakllanadi. Birja narx shakllanishida asosiy funksiyani bajaradi.

Birinchi navbatda chet elda tayyor mahsulotga bo‘lgan narxlar darajasi bizda narx oshishiga sabab bo‘lgan.

Undan tashqari, taklif qiluvchi, ya'ni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan bu mahsulotni ichki bozorga qanaqa narxlarda taklif qilish ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston bozori ochiq, talab va taklifdan kelib chiqib ichki benzindan tashqari Qozog‘iston, Rossiyadan benzin import qilinadi.

Tayyor benzinni chet elda brent markali neftning narxi oshishi asosiy xomashyosi neft bo‘lgan benzin narxlarini ham oshirgan. Bundan tashqari, ichki ishlab chiqaruvchi “Buxoro neftni qayta ishlash” zavodi va “Farg‘ona neftni qayta ishlash” zavodi tomonidan birjaga mahsulot qo‘yib kelinmoqda. Birjadagi narxlar boshlang‘ich narxlardan deyarli oshmayapti, desak ham bo‘ladi, oshish bir-ikki foizni tashkil qilmoqda. Asosan, narx oshishi taklif qiluvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan boshlang‘ich narxlar oshirilishi bilan bog‘liq.

Ishlab chiqaruvchilar esa prezident qaroriga asosan xomashyo narxini brent neft narxiga bog‘lab qo‘ygan. Brent neft markasi narxi oshgani sababli ichki bozordagi mahsulot narxiga ham ta'sir qiladi.

Ishlab chiqaruvchilar neft va gaz kondensati narxini brent nefti narxiga bog‘lagan. Biz xomashyo, ya'ni neftni chet el markasiga bog‘lab qo‘yganimiz sababi – muvozanatni ta'minlashdir.

Ishlab chiqaruvchi o‘zimizda ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqib benzinni keyinchalik ichki bozorga sotadigan bo‘lsa, tashqi bozorda narx nisbatan qimmat bo‘lganda, mahsulot chet elga chiqib ketishi mumkin”, – dedi u.

Statqo‘m ma'lumotiga ko‘ra, respublikada 2021 yilning 1-yarmida yirik korxonalar tomonidan 546,5 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,6 foizga ko‘p.

Iqtisodiyot vazirligi esa 2021 yilning 1-yarmida O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish 32 foizga qisqarganini bildirgandi.

Mavzuga oid