Qo‘shko‘pir tumani, Xonobod qishlog‘idagi «Izzat» fermer xo‘jaligi 1994 yildan beri faoliyat yuritadi. Dastlab chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha ish boshlagan tadbirkorlik sub'yektiga 2016 yildan paxta-g‘alla yo‘nalishi ham qo‘shilib, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirilgan. 2019 yil yanvar oyidagi optimallashtirish natijasida fermer xo‘jaligi yerlari umumiy hisobda 107,1 gektarga yetkazildi.

2020 yil 27 aprel kuni Qo‘shko‘pir tumani hokimligi tomonidan «Izzat» fermer xo‘jaligiga tegishli yerlar monitoringdan o‘tkazilib, «chigitning kam ekilgani, kultivatsiya ishlari boshlanmagani, agrotexnika qoidalariga to‘liq rioya qilinmagani, zarur o‘g‘itlar kam sepilgani» aniqlanadi. Shu kunning o‘zida hokimlik fermer xo‘jaligi rahbariga yer ijara shartnomasini ixtiyoriy bekor qilish bo‘yicha yozma ravishda taklif yuboradi. Ammo hech qanday javob bo‘lmagach, hokimlik sudga murojaat qiladi.

6 may kuni Shovot tumanlararo iqtisodiy sudi Qo‘shko‘pir tumani hokimligining «Izzat» fermer xo‘jaligi bilan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqidagi da'vo arizasini ko‘rib chiqishni boshlaydi.

Da'vo arizasida 2020 yil paxta hosili uchun «WBM Qo’shko’pir klaster» MChJ bilan «Izzat» fermer xo‘jaligi o‘rtasida 75 gektar yer maydoniga chigit ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, paxta yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgani, ammo fermer xo‘jaligi 6 may kunigacha 67,5 gektar yer maydoniga chigit ekkani, ya'ni chigit 7,5 gektar yer maydoniga kam ekilgani bayon qilingan edi. Shuningdek, fermer xo‘jaligi tomonidan fosforli va kaliyli o‘g‘itlar me'yoriga nisbatan kam sepilgani, 54,5 gektar yer maydonida kultivatsiya ishlari boshlanmagani, to‘liq agrotexnika qoidalariga rioya qilinmagani natijasida shartnoma majburiyatlari bajarilmaslik xavfi yuqori ekani ko‘rsatilgan.

Biroq, sud fermer xo‘jaligi bilan yer ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar, ya'ni yer maydonlari ahvolini monitoring qilish dalolatnomasi, Qo‘shko‘pir tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining fermer xo‘jaligi bilan yer ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqidagi xulosasi, Qo‘shko‘pir tuman hokimligi huzuridagi yer maydonlarini ajratish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning xulosasi, shuningdek, Xalq deputatlari Qo‘shko‘pir tuman kengashining qarori bir kunning ichida – 27 aprel kuni rasmiylashtirilgani va shu kunning o‘zidayoq fermer xo‘jaligiga ijara shartnomasini ixtiyoriy bekor qilish bo‘yicha taklif yuborilganiga e'tibor qaratgan.