Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arablar Trampga Eron urushi uchun pul beradimi?
Donald Tramp Eron bilan urush xarajatlarini arab davlatlari zimmasiga yuklamoqchi. Xuddi shu paytda, uning eng yaqin hamkorlaridan biri Saudiya valiahdiga nisbatan ochiqchasiga qo‘pol haqorat ishlatishi vaziyatni chigallashtiradi. Mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Umrbek Yusupov nuqtayi nazari.
— Arab davlatlari AQShni Eron bilan to‘qnashuvlarda moliyaviy qo‘llasa, ular rasman urush ishtirokchisiga aylanadimi?
Kamoliddin Rabbimov: Tarixga qaralsa, Fors ko‘rfazi urushi davrida ham arab davlatlari AQShni qo‘llab-quvvatlagan holatlar bo‘lgan. Iroq Kuvaytga bostirib kirganidan keyin mintaqa davlatlari xalqaro koalitsiya tuzilishini qo‘llagan. Bu ham xavfsizlik va rejim barqarorligini saqlash bilan bog‘liq pragmatik qaror edi.
Donald Trampning uslubi – qo‘rslik, qo‘pollik va tajovuzkor ritorika orqali raqiblarga bosim o‘tkazishga asoslangan. Shu sababli dunyo yetakchilari ham unga nisbatan ochiq va keskin bayonot berishda ehtiyotkorlik qiladi. Hozir unga qarshi keskin gapirayotgan yagona davlat bu – Eron.
Donald Tramp – siyosatga biznesdan kirib kelgan shaxs. U prezident bo‘lishidan avval davlat boshqaruvida ham, harbiy tizimda ham ishlamagan. Asosan Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulk bozori orqali tanilgan va shu tajribasini siyosatda ham qo‘llagan.
Bugungi kunda Saudiya Arabistoni muvozanatli siyosat yuritmoqda. U AQSh bilan hamkorlikni saqlab qolgan holda Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni ham mustahkamlamoqda. Pokiston va Turkiya bilan yaqinlashuv ham kuzatilmoqda, ammo bu hali to‘liq shakllangan harbiy ittifoq darajasiga yetmagan. Umuman olganda, bu jarayonlar bir shaxs yoki bir davlatga bog‘liq emas. Bu ko‘p qatlamli va uzoq tarixga ega geosiyosiy qarama-qarshilikdir.
Umrbek Yusupov: Tramp aslida muzokaralarda o‘zini biznesmen sifatida tutadi. U muloqot jarayonida qo‘l harakatlari, keskin jyestlar va kutilmagan harakatlar orqali qarshi tomonni psixologik bosimga tushirib qo‘yishga urinadi. Masalan, salomlashish paytida ham, gaplashish jarayonida ham u ba’zan suhbatdoshini noqulay vaziyatga tushirib qo‘yadigan harakatlar qiladi.
Shu orqali muzokarada ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirishga intiladi. Ba’zi holatlarda bu uslub kutilmagan reaksiyalar ham keltirib chiqaradi. Masalan, ayrim uchrashuvlarda uning keskin va to‘satdan aytgan fikrlari muzokara muhitini o‘zgartirib yuborgan. Zelenskiy bilan uchrashuvda ham harbiy yordam masalasi tilga olinganda, u buni “biz yetkazib bermayapmiz, aksincha, sotyapmiz”, degandi.
Bunday chiqishlar ko‘pincha muzokara ohangini keskinlashtirib yuboradi va qarshi tomon uchun noqulay vaziyat yaratadi. Shu bilan birga, bu uslub hamma joyda bir xil natija bermaydi. Ba’zi holatlarda u ustunlik yaratgandek ko‘rinsa ham, boshqa vaziyatlarda qarama-qarshilikni kuchaytirib yuborishi mumkin. Ayniqsa, xalqaro munosabatlarda bunday keskin ritorika har doim ham ijobiy qabul qilinmaydi.
Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar AQSh bilan yaqin hamkorlikni saqlagan holda, ochiq harbiy yoki siyosiy mojarolardan uzoq turishga harakat qiladi. Umuman olganda, Trampning uslubi ko‘pincha keskinlik va bosim orqali natija olishga qaratilgan. Biroq bu yondashuv har doim ham diplomatik odob va an’anaviy siyosiy madaniyat bilan mos kelavermaydi.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.