Jahon | 15:51 / 23.07.2022
34277
10 daqiqa o‘qiladi

Targ‘ibot uchun qurilgan maskan: Shimoliy Koreyadagi hech kim yashamaydigan shahar

Koreya yarimoroli ikkiga bo‘lingandan buyon shimoldagi kommunistlar koreyslarga «baxtli va farovon hayot»ni va’da qilib, targ‘ibot olib boradi. Janub esa erkin jamiyat va bozor tamoyillariga amal qilish yo‘lida sobitqadam ekanini aytib kelmoqda. Vaqt esa kim to‘g‘ri yo‘lda ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

1945 yil kuzda, Yaponiya ikkinchi jahon urushida yengilganidan so‘ng AQSh va SSSR Koreya yarimorolini 38-paralleldan bo‘lish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Shundan so‘ng mamlakat shimoli SSSR, janubiy qismi AQSh nazoratiga o‘tadi.

Garchi Koreya yarimoroli ikkiga bo‘lingan bo‘lsa-da, AQSh va SSSR yarimorolni to‘liq egallab, uning barcha qismini o‘z nazoratiga olish rejasidan voz kechmagandi. Shu sababli, yarimorol ikkiga bo‘lingandan boshlab har ikki tomon o‘z targ‘ibotlarini boshlab yuboradi.

Shimoldagi kommunistlar koreyslarga «baxtli va farovon hayot»ni va’da qila boshlaydi. Janub esa inson huquqlariga rioya qilinadigan erkin jamiyat va erkin bozor tamoyillariga asoslangan davlat qurishni rejalashtiradi.

Har ikki tomon Koreya yarimoroliga yakkahukmronlik qilishni xohlardi. Shu sababli turli fitnalar ortidan 1950 yilda yarimorolda kommunistik tuzum tarafdorlari bo‘lgan shimolliklar va AQSh boshliq G‘arb bilan yaqin aloqa o‘rnatishni xohlovchi janubliklar o‘rtasida fuqarolar urushi boshlanadi. Shimolliklarga SSSR armiyasi yordam beradi, janubliklar AQSh armiyasi yordamiga tayanadi.

Uch yil davom etgan urushdan so‘ng tomonlar 1945 yildagi kelishuv bo‘yicha 38-parallel chizig‘i atrofidan chegara o‘tkazilishiga rozi bo‘ladi.

Shimolda kommunistik partiya yakkahokimligiga asoslangan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, janubda esa Koreya Respublikasi tuziladi. Shu tariqa 1945 yilgacha Yaponiya mustamlakasi bo‘lgan Koreya yarimorolida ikkita koreys davlati paydo bo‘ladi.

Yarimorol ikkita davlatga bo‘lingandan so‘ng Koreya Respublikasiga AQSh va boshqa G‘arb davlatlaridan ko‘p miqdorda investitsiyalar kiritiladi va mazkur davlat qisqa muddatda rivojlanib ketadi.

Shimoldagi qo‘shnilar esa sovetlar yordami bilan ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan davlat barpo etishadi. Sovetlar tomonidan qo‘yilgan rahbar Kim Ir Sen mamlakatni 1948 yildan 1994 yilgacha, ya’ni vafot etgancha boshqaradi.

KXDR aholisi Kim Ir Sen davrida asosan sobiq ittifoqdan oladigan yordami bilan kun ko‘radi. Shunday bo‘lsa-da, bu mamlakat o‘zining qoloq bir davlat ekanini, aholining turmush darajasi janubdagi qo‘shnilardan ancha ortda qolib ketganini yashirish uchun doimiy tarzda targ‘ibot olib boradi.

Foto: Reuters

Janubdagi qo‘shnilardan kam emasligini ko‘rsatish uchun shimolliklar hatto chegaradan janubliklarga ko‘rinib turadigan Kijondon qishlog‘ini shaharcha ko‘rinishida butunlay yangitdan qurishadi. Ammo bu shaharchada chegarachi harbiylardan boshqa hech kim yashamasligi va u targ‘ibot uchun tiklanganini barcha biladi.

Kijondon shaharchasi

Kijondon shaharchasi Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya hududidan ko‘rish mumkin bo‘lgan yagona aholi maskani hisoblanadi. Bu shaharcha o‘tgan asrning 50-yillarida sanoqli oila yashagan kichik bir qishloq bo‘lgan.

Shimolliklar Janubiy Koreyaning juda tez sur’atda rivojlanib borayotganini ko‘rib turishardi. Shu sababli, ular janubliklarga Koreya xalq demokratik respublikasi ham ulardan qolishmayotganini ko‘rsatish uchun chegara hududida joylashgan Kijondon qishlog‘ini zamonaviy shaharchaga aylantira boshlashadi.

Foto: alamy.com

Bugun Kijondon zamonaviy shaharcha ko‘rinishini olgan. Shaharchada bir qancha ko‘p qavatli uylar bilan birga boshlang‘ich va o‘rta maktab, bog‘cha, shifoxona va harbiy qism joylashgan. Ammo kunduzi shaharchada na aholi, na o‘quvchilar va bog‘cha bolalari, na harbiylar ko‘rinishadi.

Shimoliy koreyaliklarning rasmiy ma’lumotlarida shaharchada 200 ta oila yashashi va aholi jamoa xo‘jaligida (kolxoz) mehnat qilishi aytiladi. Shaharchani doimiy ravishda kuzatib kelayotgan janubiy koreyaliklar u yerda hech kim yashamasligini ma’lum qilishgan.

Kunduz kunlari shaharchada kam sonli quruvchilar va obodonlashtirish xodimlari ko‘rinadi. Yana bir guruh ayollar shahardagi binolarning oynalarini tozalab yurishadi. Janubiy koreyaliklarga ko‘ra, ular harbiylar bo‘lib, kunduzlari shaharchada quruvchi va ishchi qiyofasida yurishadi. Tunda esa janubiy koreyaliklarni kuzatishadi.

Janubiy koreyaliklar uzoqni ko‘rsatuvchi teleskoplar bilan kuzatib, Kijondondagi uylarda hech kim yashamasligi va ular bo‘m-bo‘shligini, xonadonlarning faqat tashqi tomoni jihozlanib, ichi hatto ta’mirlanmaganini ko‘rishgan. Janubliklar o‘z kuzatuvlariga asoslanib, 15 yil davomida oyna tozalovchi ayollar ham o‘zgarmaganini aytishgan.

Shuningdek, janubliklar yillar davomida shaharchadagi barcha turar joy binolarida, ko‘p qavatli uylarda chiroq bir vaqtda yonib bir vaqtda o‘chishini qayd etishgan.

1980-yillarda janubiy koreyaliklar chegara yaqinida balandligi 98 metr bo‘lgan flagshtok o‘rnatishadi. Shundan so‘ng shimolliklar ortda qolishni xohlamay janubliklarning flagshtokidan biroz baland bayroq o‘rnatishadi. Shu tariqa ikki o‘rtada «musobaqa» boshlanadi.

Oxir-oqibat bu raqobatda 160 metr balandlikdagi temir minoraga ulkan bayroq o‘rnatgan shimolliklar g‘alaba qozonadi. Ushbu raqobatni g‘arb ommaviy axborot vositalari «bayroqlar urushi» deb atashgan.

Foto: alamy.com

Kijondondagi ulkan bayroqning og‘irligi 270 kilogramm bo‘lib, uni ko‘tarishga 50 kishi kerak bo‘ladi.

Shaharchani kuzatayotgan janubliklar har kuni ertalab quyosh chiqishi arafasida ana shu minoraga Shimoliy Koreya bayrog‘i ko‘tarilishini qayd etishgan.

2004 yilda Shimoliy Koreya televideniyesida Kijondon shaharchasining tez sur’atlarda rivojlanib borayotgani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish etiladi.

Ko‘rsatuvda Shimoliy Koreyaga hamohang tarzda Kijondonda ham odamlar farovon yashayotgani haqida lavhalar ko‘rsatiladi.

Kijodondagi yana bir o‘ziga xos uskuna – bu juda baland ovoz chiqara oladigan o‘ziga xos ovoz kuchaytirgichlar hisoblanadi. 2004 yildan boshlab shimolliklar ular yordamida janubliklarga sutkasiga 20 soatdan KXDRdagi «farovon hayot» haqida targ‘ibot matnlarini o‘qib turishgan. Bundan tashqari ovoz kuchaytirgichlar orqali mamlakat madhiyasi va harbiy marshlar eshittirilgan.

Foto: alamy.com

Bunga javoban, 2004 yilda Janubiy Koreya tomoni ham Kijondondan 1800 metr uzoqlikda, chegara yaqinida joylashgan Pxanmunjom qishlog‘iga kuchli ovoz kuchaytirgichlar o‘rnatadi. Janubliklar ular orqali rok musiqasini eshittira boshlashadi.

Oradan bir necha yil o‘tib ikki tomon ovoz kuchaytirgichlarning faoliyatini to‘xtatish haqida kelishuvga erishadi. Shundan so‘ng hududdagi shovqin – janubliklarning rok musiqasi, shimolliklarning gimni to‘xtaydi.

Bugun Kijondonni shimoliy koreyaliklar «Tinchlik shahri», janubiy koreyaliklar esa «Targ‘ibot shahri», deb atashadi.

Targ‘ibotlar naf bermaganda

Bugun KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy farq yer bilan osmoncha. Janubliklar bir necha ming dollar maosh olayotgan va mamlakatning o‘zi ham iqtisodiy tomondan nihoyatda rivojlanib ketgan bir paytda shimolliklar 100 dollar atrofida beriladigan kamtarona maoshga kun ko‘rishga majbur.

Shuningdek, janubliklar dunyoga mashhur bo‘lib ulgurgan yirik kompaniyalari bilan maqtanishsa, shimolliklar uzoq masofalarga ucha oladigan raketalari va yadro quroliga egaligi bilan maqtanishi mumkin.

Bundan tashqari, Shimoliy Koreya yopiq davlat bo‘lib, uning fuqarolari mamlakatdan xorij davlatlariga erkin kirib chiqa olmaydi. Ana shu omillar tufayli, garchi Shimoliy Koreyada doim farovon hayot borligi targ‘ib qilinsa-da, uning aholisi janubga qochib o‘tishga harakat qiladi. Yoki qo‘shni Xitoyga chiqib, mamlakatga qaytmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1953 yilda urush tugab, Koreya yarim oroli ikkita davlatga bo‘lingandan buyon Shimoliy Koreyadan Janubiy Koreyaga 24 ming odam qochib o‘tgan. Qochoqlar soni 2000 yildan keyin keskin oshgan.

Aksariyat tahlilchilar, har ikki davlat o‘rtasidagi chegara qattiq qo‘riqlanishini, aks holda shimoldan janubga qochib o‘tgan insonlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Foto: alamy.com

1962 yilda Janubiy Koreyada «Shimoliy Koreyadan qochib o‘tayotgan insonlarni himoya qilish haqida»gi qonun qabul qilinadi. Qonunda shimoldan qochib kelganlarga ruhiy va moddiy yordam ko‘rsatish, ularni janubdagi hayot tarziga moslashtirish, ularni ish bilan ta’minlash kabilar nazarda tutilgan.

Shimoliy Koreyadan janubga qochib o‘tganlar eng avval xavfsizlik xizmati xodimlarining suhbatidan o‘tkaziladi. Ular Shimoliy Koreyadan maxsus yuborilgan josus emasligiga ishon hosil qilingandan so‘ng qochoqlar uchun tashkil etilgan maxsus reabilitatsiya markaziga yuboriladi.

Markazda qochoqlar 3 oy davomida turli kasblar bo‘yicha o‘qitiladi. Shundan so‘ng ular turli kompaniyalarga ishga joylashtiriladi. Shu tariqa, shimoldagi «farovon hayot»dan bezib ketganlar Janubiy Koreyadagi haqiqiy farovon hayotda yashay boshlaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid