Iqtisodiyot | 21:32 / 07.04.2026
9118
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi?

Yoshi o‘tib borayotgan insonlarning xayolidan «Xo‘sh, davlat menga qancha pensiya to‘larkan?» degan xayol o‘tishi tabiiy. Pensiya hisob-kitobi haqida gap ketganda, ko‘pincha murakkab foizlar, turli xil atamalar va hisoblash formulalari kishini chalg‘itib qo‘yadi. Quyida yoshga doir va nogironlik pensiyalarining tayinlanish tartibi hamda mablag‘ qanday hisoblab chiqilishini murakkab qoidalarsiz, oddiy tilda hamda hayotiy misollar yordamida tushuntiramiz.

Foto: Kun.uz

Yoshga doir pensiya qanday hisoblanadi?

Yoshga doir pensiya erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda tayinlanadi. Shuningdek, kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lsa, bor stajga mutanosib miqdorda to‘liqsiz yoshga doir pensiya beriladi. Agar 7 yillik staj ham bo‘lmasa, fuqaroga yoshga doir nafaqa ajratiladi (erkaklarga 65 yoshda, ayollarga 60 yoshda).

O‘zbekistonda pensiya miqdori quyidagi formula asosida hisoblanadi: P = PTM+OS+PU.

Bunda PTM - pensiyaning tayanch miqdori (o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi), OS – ortiqcha ish staji uchun pensiyaning oshirilishi, PU - qo‘shimcha ustama haqlari.

Eslatma: o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashda fuqaroning so‘nggi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi ketma-ket 5 yillik ish haqi inobatga olinadi. Bunda pensiya hisoblash bazaviy miqdorining (2025 yil 1 iyuldan boshlab – 471 ming so‘m) 12 karrasidan (5 mln 652 ming so‘mdan) yuqori ish haqi inobatga olinmaydi. Avvalgi yillardagi ish haqi oyliklarning oshish koeffitsiyentini inobatga olgan holda indeksatsiyalanadi, ya’ni bugungi kundagi qiymati hisoblanadi.

Masalan, shartli Dilmurod Davlatov 32 yildan beri Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi maktabda o‘qituvchilik qiladi. U 1 may kuni pensiya yoshiga to‘ladi. O‘tgan davrdagi eng yaxshi qatorasiga 5 yillik o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln so‘mga teng. Bu maosh maksimal chegara bo‘lgan 5 mln 652 ming so‘mdan oshmaydi, shuning uchun hisoblashda to‘liq olinadi.

Pensiyaning tayanch miqdori – 4 mln so‘mning 55 foizi = 2 mln 200 ming so‘m;

Talab qilingandan ortiqcha ish staji – 7 yil (umumiy 32 yil – talab qilingan 25 yil)ning har bir yili uchun 1 foizdan 7 foiz ish staji uchun pensiya miqdori oshiriladi: 4 mln so‘mning 7 foizi = 280 ming so‘m.

Jami pensiya miqdori: 2 mln 200 ming so‘m + 280 ming so‘m = 2 mln 480 ming so‘m.

Shartli Mavluda Aliyeva ham 35 yildan beri maktabda ishlaydi. Dars soatlari ko‘pligi va qo‘shimcha ustama pullari borligi uchun uning oyligi balandroq. Eng yuqori maoshga ishlagan ketma-ket 5 yillikdagi o‘rtacha oylik daromadi 8 mln so‘mni tashkil etadi. Ammo pensiya hisoblashda 8 mln so‘m emas, balki bazaviy maksimal miqdor – 5 mln 652 ming so‘m chegara sifatida olinadi.

Mavluda Aliyeva 20 yil emas, 35 yil ishlagan. Ya’ni unda talab qilinganidan 15 yil ortiqcha ish staji bor. Shuningdek, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvoniga ega. Bunda pensiya miqdori quyidagicha hisoblanadi:

Pensiyaning tayanch miqdori va qo‘shimcha ish staji – 5 mln 652 so‘mning 70 foizi = 3 mln 956 ming 400 so‘m;

«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan...» faxriy unvonlari egalariga har oylik pensiya ustiga bazaviy hisoblash miqdorining 1,6 barobari miqdorida kafolatlangan ustama to‘lanadi. Ayni paytda BHM 412 000 so‘mni tashkil etadi va ustama miqdori 659 ming 200 so‘mga teng bo‘ladi.

Mavluda Aliyevaning jami pensiya miqdori: 3 mln 956,4 ming so‘m + 659,2 ming so‘m = 4 mln 615,6 ming so‘m.

Nogironlik pensiyasi qanday tayinlanadi?

Nogironlik pensiyasi qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi belgilangan shaxslarga beriladi. Bunda nogironlik belgilangan vaqtda quyidagicha ish stajiga ega bo‘lish talab etiladi:

  • 23 yoshga qadar – 2 yil;
  • 23 yoshdan 26 yoshga qadar – 3 yil;
  • 26 yoshdan 31 yoshga qadar – 5 yil;
  • 31 yoshdan 36 yoshga qadar – 7 yil;
  • 36 yoshdan 41 yoshga qadar – 9 yil;
  • 41 yoshdan 46 yoshga qadar – 11 yil;
  • 46 yoshdan 51 yoshga qadar – 14 yil;
  • 51 yoshdan 56 yoshga qadar – 17 yil;
  • 56 yosh va undan oshganda – 20 yil.

Ish staji umuman bo‘lmasa, pensiya o‘rniga nogironlik nafaqasi tayinlanadi. Nogironlik pensiyasi ham o‘rtacha ish haqiga qarab hisoblanadi va 55 foizi miqdorida belgilanadi. Agar fuqaroning haqiqiy staji uning yoshiga doir talab qilingan minimal stajdan ko‘p bo‘lsa, oshgan yillar uchun 1 foizdan qo‘shib boriladi. Muhim qoida shuki, agar hisob-kitob natijasida chiqqan summa qonunchilikdagi eng kam chegaradan past bo‘lib qolsa, davlat minimal summani kafolatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 martdan boshlab, pensiya yoshiga to‘lgan shaxslarga ularning arizasisiz, proaktiv tarzda pensiya tayinlash tizimi yo‘lga qo‘yilgandi

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid