Light | 10:10 / 30.10.2017
35127
8 daqiqa o‘qiladi

Qaysi mamlakatda ta'lim olgan ma'qul - AQShdami yoki Buyuk Britaniyada?

Foto: Getty Images

Amerika va Buyuk Britaniya oliy ta'lim muassasalari (OTM) an'anaviy tarzda barcha universitetlar reytinglarini boshqarib keladi. Bu ikki mamlakatdagi ta'lim tizimi nimasi bilan boshqalardan ajralib turadi? Forbes shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Aksariyat AQSh yoki Buyuk Britaniyada ta'lim olishni xohlaydi va bu to‘laqonli asosga ega: jahon universitetlari reytingida top-10'ning to‘rt oliy ta'lim muassasasi Britaniyada, beshtasi - Shtatlarda. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, AQSh nafaqat asosiy predmetlar, balki fikrlash va mantiq moslashuvchanligiga  yo‘naltirilgan gumanitar fanlarni ham qamrab oluvchi nisbatan keng ta'lim beradi. Buyuk Britaniya oliy ta'lim dargohlari esa tor ixtisoslashgan, "chuqur" ta'lim beradi - barcha fanlar u yoki bu darajada asosiy mutaxassislikka bog‘liq bo‘ladi. Universitetlarga kirishning o‘ziga xos jihatlaridan biri ham shundadir - agar Shtatlarda ta'lim jarayonining ikkinchi yili oxirida mutaxassislikni tanlash mumkin bo‘lsa, Britaniya OTMlarida bu kirishning o‘zidayoq hal qilinadi.

 

Mutaxassisliklar

Buyuk Britaniya OTMlari tabiiy fanlar sohasida, ayniqsa kimyoviy muhandislik, tibbiy kimyo, biokimyo, shuningdek san'at va dizayn sohasidagi ta'limda yetakchilik qiladi. Agar siz moliya sohasida ta'lim olishni va o‘z biznesingizni yuritishni istasangiz, eng avvalo Amerika OTMlariga diqqatingizni qarating. Yetaki ta'lim dargohlari salohiyatli sarmoyachilar, ishbilarmonlar, jahon kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkillashtiradi. Darvoqe, bitiruvchilarning ishga joylashishiga doir jahon reytingi - QS Graduate Employability Ranking 2017'da AQSh OTMlari yetakchilik qiladi. Reyting besh asosiy jihatlarga ko‘ra tuzilgan: ish beruvchilarning nufuzi, ish beruvchi kompaniyalar bilan hamkorlik, kompaniya va universitetning o‘zaro hamkorligi, bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi va muvaffaqiyatga erishishi. Britaniya OTMlari ham reytingning yetakchi o‘rinlarini egallagan, biroq eng yaxshilar o‘nligiga faqat Oksford va Kembrij universitetlari kiradi.

Foto: Getty Images

Baholash tizimlari

AQShda bilimlar o‘qish jarayoni davomidagi uyga berilgan vazifalar, imtihonlar va kurs ishlari darajasiga qarab baholanadi, ya'ni kurs oxirida imtihonda olgan bahoingiz - bu sizning umumiy bahoingizning tarkibiy qismi, uning "vazni" ko‘pincha yakuniy ballning 0,5 foizi yoki undan kamroqni tashkil qiladi. Buyuk Britaniya uchun esa, aksincha, klassik sessiyalar xos: har yilning oxirida talabalar barcha o‘tilgan mavzular bo‘yicha imtihon topshirishadi, aksariyat hollarda kurs ma'ruzalarga asoslangan, imtihondagi baho esa yakuniy bo‘ladi. Buyuk Britaniyada 10  ballik baholash tizimi joriy etilgan, attestatsiyaning eng past darajasi - 50 ball. AQShda baholar tizimi 5 balli va u harflar orqali aks ettiriladi (A'dan F'gacha). Biroq eng muhim ko‘rsatkich — raqamlar orqali ifodalanuvchi o‘rtacha GPA (Grade Point Average) ball.

 

Ta'lim bahosi

Ko‘pchilik Buyuk Britaniyada o‘qish AQShga nisbatan bir necha barobar arzon deb hisoblashga odatlangan (Britaniya universitetlarining bakalavr dasturlari, qoidaga ko‘ra, yiliga 40 ming dollar, Amerikaning Harvardida esa bu ko‘rsatkich 65 ming dollarni tashkil etishi mumkin). Biroq Buyuk Britaniyada, AQShdan farqli o‘laroq, bu summaga yashash joyi, ovqatlanish va ta'lim jarayonining 50 foizini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan o‘quv materiallari kirmaydi. Natijada farq u qadar katta bo‘lmaydi. Yana shuni inobatga olish kerakki, Buyuk Britaniyada xorij fuqarolari ko‘pincha ta'limning butun pulini to‘lashadi, AQShda esa bunga doir keng miqyosli stipendiya dasturlari bor, bular sizning ta'lim xarajatlaringizni kamaytirishi yoki ularni butunlay qoplashi mumkin, shuningdek AQSh OTMlari ta'lim kreditlarini faol taqdim etishadi. Bundan tashqari, Harvard, Yyel va boshqa universitetlarda ta'lim pulini to‘lay olmaydiganlar uchun maxsus dasturlar mavjud: agar abituriyent yoki ota-onasining daromadi yiliga 75 ming dollardan kam bo‘lsa, bunday OTMlar ta'lim jarayonini 100 foiz moliyalashtiradi.

Foto: Getty Images

Ta'lim muddatlari

AQShda tahsil olish muddati, qoidaga ko‘ra, bakalavriatda 4 yilni, magistraturada 2 yilni tashkil qiladi. Buyuk Britaniyada - bakalavriat darajasini olish o‘rtacha 3 yil davom etadi, magistraturani esa bir yilda tugallash mumkin. AQSh va Buyuk Britaniya universitetlaridagi o‘quv yili ham turlichadir. AQShda u semestrlarga ajratilgan: kuzgi, bahorgi va qo‘shimcha yozgi. O‘quv yili avgustda boshlanib, iyunda tugaydi. Buyuk Britaniya universitetlarida trimestrlar tizimi mavjud. Birinchi qishqi trimestr sentabrdan dekabr oxiriga qadar davom etadi. Trimestrning eng qisqasi - bahorgi, u yanvar oyidan martga qadar davom etadi. Yozgi trimestr - apreldan iyulgacha.

 

Kimlar ko‘proq imkoniyatga ega?

O‘qish va turli faolliklarni uyg‘unlashtiruvchi, ijtimoiy hayot, sportda faol ishtirok etuvchi, loyihalar yaratib, ularni amalga oshiruvchi, yetakchilik xususiyatlarini namoyon qiluvchi kishilarning AQSh universitetlariga kirish imkoni ko‘proq bo‘lsa, Buyuk Britaniya OTMlarida, eng avvalo, akademik bilimlar va bo‘lg‘usi talabaga aynan tanlangan kasbda muvaffaqiyatli bo‘lishga yordam beruvchi fazilatlarning mavjudligi qadrlanadi. Yaqqol misol - Shtatlarda ham o‘quv, jamoatchilik va sport faoliyatlari uchun alohida stipendiyalar bor, Buyuk Britaniyada esa - faqat yaxshi o‘qish uchun.

Foto: Getty Images

Universitetni tugallagandan so‘ng

Siz AQSh universitetini tanlaysizmi yoki Buyuk Britaniyanikinimi, bu shaxsiy va professional rivojlanish uchun ajoyib investitsiya. Universitet tanlovi sizning maqsadlaringiz va professional qiziqishlaringizdan kelib chiqishi kerak. Kirish jarayonining o‘zidayoq karera rivoji trayektoriyasini aniq belgilab olgan bo‘lsangiz, Buyuk Britaniyada o‘qish biror muayyan sohada nisbatan tor bilimlar olish imkonini beradi. AQShdagi ta'lim moslashuvchanlikka o‘rgatadi va muayyan davrga qadar o‘zingizni turli sohalarda sinab ko‘rish imkonini beradi. Bundan tashqari, amerikalik talabalar keyinchalik ishga joylashish uchun zarur amaliy tajriba olish borasida ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. O‘qishni tugallab, o‘z vataniga qaytib ishlashni reja qilganlar buni inobatga olib qo‘yishlari kerak.

Xorij mehnat bozorida ish izlash niyatida bo‘lganlar esa, mamlakatda ishga joylashishning qanday imkoniyatlari mavjud ekanligi, shuningdek xorijiy bitiruvchilar uchun viza cheklovlariga e'tiborli bo‘lishlari kerak. Masalan, AQShda universitetni tugallagan bitiruvchilarga 12 oy davomida ishlash imkonini beruvchi OPT (Optional Practical Training) dasturi mavjud. Britaniya OTM bitiruvchilariga biroz qiyinroq bo‘ladi - ular atigi 2 oy ichida yangi ish izlab, yangi ishchi viza rasmiylatirishlari kerak.

Mavzuga oid