Jahon | 20:27 / 14.01.2026
11003
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh 75 mamlakat fuqarolari uchun viza berishni to‘xtatadi

Ular orasida Rossiya, Somali, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Misr, Nigeriya, Yaman, Tailand, Braziliya va boshqalar bor. To‘liq rasmiy ro‘yxat hali e’lon qilinmadi. Gap ko‘chib boruvchilar uchun mo‘ljallangan immigratsiya vizalari haqida.

Foto: Alan Schein

AQSh Davlat departamenti 75 mamlakat fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirishni to‘xtatadi. Bu haqda Fox News AQSh tashqi siyosat idorasining ichki hujjatlariga tayanib xabar berdi. Qaror 21 yanvardan kuchga kiradi va noma’lum muddatgacha amal qiladi.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, chora barcha toifadagi vizalarga - immigratsion va noimmigratsion, shu jumladan turistik, ishchi, talabalar va gumanitar vizalarga ta’sir qiladi. Shu bilan birga, gap mamlakatga kirishni to‘liq taqiqlash haqida emas, balki arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatib turish haqida ketmoqda. Avval berilgan vizalar bekor qilinmaydi, ammo yangi arizalar vaqtincha ko‘rib chiqilmaydi.

Manbalarning tushuntirishicha, qaror viza nazoratini kuchaytirish va ariza beruvchilarni tekshirish tartiblarini qayta ko‘rib chiqish doirasida qabul qilingan. AQSh hukumati public charge mezoniga alohida e’tibor qaratmoqchi - bu Amerika immigratsiya qonunchiligida chet el fuqarosi kelajakda davlat uchun moliyaviy yuk bo‘lishi mumkinligini baholash uchun ishlatiladigan tushuncha.

Konsullik xodimlarining xizmat yo‘riqnomalarida ular qonunchilikka amal qilishlari va zarur hollarda, agar ariza beruvchida ijtimoiy yordamga ehtimoliy qaramlik belgilari mavjud bo‘lsa, viza berishni rad etishi kerakligi ko‘rsatilgan. Tekshiruvlar daromad darajasi, sayohatni moliyalashtirish manbalari, homiylarning mavjudligi va oldingi viza tarixiga oid bo‘ladi.

Viza berish to‘xtatib qo‘yiladigan mamlakatlar ro‘yxatiga dunyoning turli mintaqalaridagi davlatlar kiritilgan. Ular orasida Rossiya, Somali, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Misr, Nigeriya, Yaman, Tailand, Braziliya va boshqalar - jami 75 mamlakat tilga olingan. To‘liq rasmiy ro‘yxat hali e’lon qilinmagan.

AQSh Davlat departamentining ta’kidlashicha, chora ma’muriy xususiyatga ega bo‘lib, migratsiya xavfsizligi va moliyaviy javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. Viza tartib-taomillarini qayta ko‘rib chiqishni yakunlash muddati ko‘rsatilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid