Minglab yuqori malakali vatandoshlarimiz chet elda o‘qib, chet elda ishlashyapti. Ularning orasida xorijda ilmiy tadqiqot o‘tkazayotganlar ham, nufuzli ilm dargohlarida o‘qituvchilik qilayotganlar ham bor. Shubha yo‘qki, bunday – xalqaro bilim va tajribaga ega yoshlarning O‘zbekistonga qaytishi ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik islohotlar uchun kuchli suyanchiq vazifasini o‘tashi mumkin. Shu bilan birga, bu mamlakatimiz ilmiy salohiyati yuksalishiga xizmat qiladi.    

Nega ko‘plab yosh olim-vatandoshlarimiz o‘z yurtiga qaytmayapti?

Hammasi maoshga borib taqaladi, deyish adolatsizlik bo‘ladi. Ha, O‘zbekistonda oylik maoshlar rivojlangan davlatlardagiga nisbatan ancha past, ammo, bu qanchalik balandparvoz gap bo‘lib eshitilmasin, aksar yosh olimlar uchun birinchi o‘rinda moddiy manfaatdorlik emas, balki o‘z vatanida e'tirof topish, bilimlarini ro‘yobga chiqarish, ilm-fan rivojiga, xalq farovonligi ortishiga, yoshlar tarbiyasiga hissa qo‘shish turadi.

Mazkur maqola doirasida biz bu, tom ma'noda achinarli holatning sabablarini, xususan yosh olimlarning qaytib kelishi yo‘lida yotgan g‘ovlarning asosi bo‘lmish ma'muriy to‘siqlarni bayon qilishga urinamiz.

G‘ovlardan biri – nostrifikatsiya (ekvivalentligini qayd etish) 

Mazkur termin bilan tanish bo‘lmaganlar uchun: nostrifikatsiya – xorijda olingan diplom, ilmiy daraja, unvonning mahalliy davlat tomonidan tan olinishi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, xorijda olingan diplom, ilmiy daraja, unvon davlat tomonidan tan olinmasa haqiqiy hisoblanmaydi. Boshqacha qilib aytganda, siz AQSh yoki Yevropadagi nufuzli universitetda doktorlik darajasini olgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonga kelishga shoshilmang – nostrifikatsiyasiz bu yerda hech qanaqa doktor emassiz.

Nostrifikatsiya jarayoni yengil bo‘lganida ham mayli edi. Ammo, unday emas. Bu eskidan qolgan, murakkab, noaniq, byurokratlashgan jarayon bo‘lib, yosh olimlarning O‘zbekistonga qaytishi yo‘lida yotgan asosiy g‘ovlardan biridir.

Hozirgi kunda nostrifikatsiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasining (OAK) vazifasiga kiradi. Agarda OAK ilmiy darajalarni tasdiqlashning xolis tizimi sifatida o‘zini ko‘rsatganda edi, hozir muammo haqida gapirib o‘tirmagan bo‘lardik. Ammo, amalda ilmiy unvon talabgorlari OAKning sababsiz vaqt cho‘zishiga, ilmiy ish himoyasi kunini noaniq muddatga ko‘chirishiga, keraksiz hujjatlarni talab qilishiga duch kelishmoqda. Rasmiyatchilik va odam ajratish (sub'yektivlik) – hozirda OAKning asosiy ish uslubi. Buning ustiga o‘tkazilgan so‘rov korrupsiya holatlariga