Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tez tibbiy yordamni sekinlashtirayotgan sun’iy to‘siqlar olib tashlanadi
Mindonobod qishlog‘ida Farg‘ona viloyati Kardiologiya markazi joylashgan, lekin shu qishloqda biror odam yurak xurujiga uchrasa, tez yordam uni 15 km naridagi tuman shifoxonasiga olib boradi. Xuddi shunday, Toshkentning Qorasuv-1 mavzesida o‘tkir bosh-miya jarohati olgan bemorni tez yordam brigadasi eng yaqin shifoxona – Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, Chilonzordagi “16-gorbolnitsa”ga olib boradi. Bunday holatlarga chek qo‘yadigan yangi tizimga o‘tilishi e’lon qilindi.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatiladi. Prezident buni tizimdagi eng katta muammo deb atadi.
“Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumani, “Qorasuv-1” mavzesida “o‘tkir bosh-miya jarohati” olgan bemorni, tez yordam brigadasi yo‘lidagi eng yaqin shifoxona – Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, balki Chilonzordagi Respublika shoshilinch markaziga olib borishga majbur.
Shu kabi, Farg‘ona tumani Mindonobod qishlog‘ida viloyat Kardiologiya markazi bo‘lsa-da, ushbu qishloqdagi yurak xurujiga uchragan bemorni tez yordam 15 kilometr yo‘l bosib, Vodilda joylashgan tuman shifoxonasiga olib boradi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev 5 may kungi yig‘ilishda.
Prezident soha oldida turgan vazifalarni belgilab berdi:
- joriy yil 1 iyuldan yagona vertikal boshqaruv asosida “103” Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallari tashkil etiladi;
- tumanlarda chaqiruvlarni qabul qilish dispetcherlik xizmati tugatilib, viloyatlarda yagona koll-markaz tashkil etiladi;
- tez tibbiy yordam ko‘rsatish bir tuman hududida emas, masofaga qarab butun viloyat bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi;
- viloyat koll-markazlari tizimiga tez tibbiy yordam xizmati mavjud xususiy klinikalar ham ulanadi.
Tuman darajasida shoshilinch tibbiy xizmatni kengaytirish maqsadida:
- tuman va shahar shifoxonalaridagi terapiya, pediatriya va xirurgiya yo‘nalishida bir-birini takrorlaydigan rejali va shoshilinch bo‘limlar birlashtiriladi;
- u yerda tunu-kun ishlaydigan shoshilinch yordam qabulxonalari tashkil etiladi;
- Respublika ixtisoslashgan markazlarida shoshilinch yordam ko‘rsatish amaliyoti joriy etiladi.
Tibbiyot-maslahat brigadalari
Ta’kidlanishicha, koll-markazda operatorlar bilan birga alohida tibbiyot-maslahat brigadasi faoliyat olib boradi. Tibbiyot-maslahat brigadasi tez yordam brigadasi yetib borguniga qadar ularni bemorning ahvoli haqida xabardor qilib turadi, oila a’zolariga og‘ir ahvoldagi bemorga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha telefon orqali maslahatlar beradi.
Tez yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun 85 milliard so‘m va Jahon bankidan jalb qilingan 5 million dollar yo‘naltiriladi.
Viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazlari diagnostika bilan ham shug‘ullanadi
Ta’kidlanishicha, viloyat shoshilinch va 21 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish markazlari eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan bo‘lsa-da, ular boshqa shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga diagnostika xizmatini ko‘rsatmayapti.
Bundan buyon boshqa shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga ushbu markazlarda ham bepul yuqori texnologik tekshiruv o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Toshkentning Shayxontohurdagi 1-son, Yashnoboddagi 4-son, Yunusoboddagi 7-son hamda Uchtepadagi Shahar tez yordam shifoxonalariga tumanlararo markaz maqomi beriladi. Ular 34 turdagi yuqori texnologik tibbiy jihozlarni o‘rnatishga moslashtiriladi.
Mavzuga oid
15:20 / 29.12.2025
Tibbiyot xodimlari farzandlariga kontraktning 30 foiz qismi qoplab beriladi
10:44 / 27.12.2025
Qirg‘izistonda o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining oyligi 2 baravar oshiriladi
22:57 / 23.12.2025
Tez yordamning yetib borish vaqti 3 barobar qisqardi – SSV
17:35 / 13.12.2025