O‘zbekiston | 18:29 / 05.05.2022
15749
3 daqiqa o‘qiladi

“Bu tizimning uchta xo‘jayini bor” - prezident tez yordamdagi tashkiliy nuqsonlarni sanadi

Prezident huzuridagi yig‘ilishda tez tibbiy yordam ko‘rsatish tuman hududi bilan cheklanib qolgani, tez yordam stansiyasi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lsa ham, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmasligi tanqid qilindi.

2021 yilning o‘zida tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan. Bu haqda 5 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

“Sababi, sohada yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, ya’ni tez tibbiy xizmatning 3 ta “xo‘jayini” bor.

Jumladan, tibbiyot xodimini “rayzdrav” tayinlaydi, dispetcherlarni ishga qabul qilish va dori-darmon ta’minoti viloyat shoshilinch yordam markazida, transport parki, yoqilg‘i ta’minoti va haydovchilar esa “oblzdrav”ga bo‘ysunadi”, dedi prezident.

Davlat rahbari bunday boshqaruv tizimida chalkashliklar ko‘pligi, buning oqibatida tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish tuman hududi bilan cheklanib qolgani, tez yordam stansiyasi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lsa ham, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmasligini tanqid qildi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida tez tibbiy yordam yagona tizimga birlashtirilib, raqamlashtirilgani, lekin hududlarda bu ishlar boshlanmagani qayd etildi.

“Tez tibbiy yordam mashinalarida zamonaviy navigatsiya jihozlarining yo‘qligi, 10 mingta ko‘chalarga haligacha nom, 500 mingga yaqin uylarga raqam berilmagani uchun tez yordam brigadalarining asosiy vaqti manzilni topishga sarflanmoqda.

Shu bilan birga, tuman darajasida shoshilinch tibbiy yordam tizimi samarali yo‘lga qo‘yilmagan.

Jumladan, tuman shifoxonasida terapiya, pediatriya va xirurgiya yo‘nalishida ham rejali, ham shoshilinch bo‘limlar mavjud va ular bir-birini takrorlaydi.

Buning natijasida shoshilinch operatsiyani bir bo‘limda, uning kelgusidagi davolanishi boshqa bo‘limda o‘tkazilmoqda. Oqibatda bemor sarson, shifokorlar esa qo‘shimcha qog‘ozbozlik bilan ovora”, dedi davlat rahbari.

Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga bu masalani ichiga shaxsan kirib, ushbu samarasiz amaliyotdan to‘liq voz kechish choralarini ko‘rish topshirildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid