Jahon | 11:07 / 03.01.2023
10401
4 daqiqa o‘qiladi

Koreya: Seul AQSh yadro quroli bilan mashg‘ulot o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib boryapti

Seul va Vashington AQSh yadro quroli bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib boryapti, deb ma’lum qildi Yun Seok Yolning idorasi. Bayden avvalroq qo‘shma yadroviy manyovrlar haqida gap ketmayotganini aytgan edi.

Foto: Tasnim

Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar ma’lumot almashish va Qo‘shma Shtatlar yadro quroli ishtirokidagi rejalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi 3 yanvar, seshanba kuni Koreya Respublikasi prezidenti Yun Seok Yol devoniga tayanib ma’lum qildi.

Bir kun avval Koreya Respublikasi rahbari Vashington va Seul Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma rejalashtirish va mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytgandi.

Keyinroq Oq uydagi muxbirning bunday muloqot bo‘lyaptimi, degan savoliga AQSh prezidenti Jo Bayden «Yo‘q», deb javob berdi. U boshqa tafsilotlarni aytmadi.

Koreya Respublikasi prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta kotibi Kim Yun Xe shunday dedi: «Reuters muxbiri prezident Baydendan to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shma yadroviy mashg‘ulotlar muhokama qilinyaptimi yoki yo‘qmi, deb so‘raganida, u: "Yo‘q", javob berishi kerak edi. Yadro mashg‘ulotlari yadroviy davlatlar o‘rtasida qo‘llanadigan atamadir», — dedi Kim In Xe.

«Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning yadroviy quroliga javob berish uchun AQSh yadroviy imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq axborot almashish, birgalikda rejalashtirish va keyingi o‘zaro rejalar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda», dedi u.

Reuters eslatishicha, Bayden Virjiniya orollaridagi ta’tildan yaqinda qaytgan va u yerda unga milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan hamrohlik qilgan.

Reuters agentligi Bayden ma’muriyatining yuqori martabali mulozimiga tayanib, Seul va Vashington ma’lumot almashish, favqulodda vaziyatlar rejalari va taklif qilingan harbiy mashqlarni kengaytirishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi.

Yevropa tashqi harakatlar xizmati (EEAS) 2 yanvar kuni KXDRni «o‘tgan haftada sodir bo‘lgan harbiy keskinlikni kuchaytiruvchi, jumladan, o‘z chegaralaridan tashqariga raketa uchirilishi va uchuvchisiz uchoqlar parvozi»ni to‘xtatishga chaqirdi.

Bryussel «KXDR tomonidan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzish davom etayotgani va uning bunday noqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirish niyatidan dalolat beruvchi so‘nggi bayonotlari Shimoliy Koreya xalqiga foyda keltirmasligiga» ishonch bildirdi.

Yevropa Ittifoqi KXDRni yadrosizlanish yo‘lida ishonchli qadamlar qo‘yishga chaqirdi - to‘liq, tekshirilishi mumkin bo‘lgan va qaytarib bo‘lmaydigan tarzda, dedi EEAS.

Janubiy Koreya shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan 1 yanvar kuni yana qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi.

Bundan oldin, 2022 yil 31 dekabrda Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon uchta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 28 dekabr kuni KXDRda bo‘lib o‘tgan hukmron Koreya Mehnat partiyasi konferensiyasida 2023 yilda mamlakat harbiy qudratini mustahkamlash maqsadlarini belgilab berdi.

Shimoliy Koreya 2022 yilda har qachongidan ham ko‘proq raketa uchirdi, deya ta’kidladi Reuters: Pxenyan yil boshidan beri 50 dan ortiq raketa sinovlarini o‘tkazdi.

Mavzuga oid