Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Talabani zerikarli leksiyada o‘tirishga majburlash kerak emas» – nemis eksperti O‘zbekistondagi oliy ta'lim haqida
«Ta'limda faqat boshqaruv shaklini o‘zgartirish shart emas. Birinchi navbatda mentalitetni, ta'limga qarashlarni o‘zgartirishingiz talab etiladi».
Bastinian Bauman – Yevropa sifat kafolati agentligi boshqaruvchi direktori. Bundan tashqari, ayni paytda O‘zbekistonda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbarining xalqaro maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
U Belarus, Misr, Ozarboyjon, Qozog‘iston kabi davlatlar ta'lim tizimi islohotlariga katta hissa qo‘shgan xalqaro ekspert hisoblanadi.
Kun.uz muxbiri Bastinian Bauman bilan bugungi O‘zbekiston oliy ta'lim tizimidagi o‘zgarishlar, muammolar va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida suhbatlashdi.
– Xalqaro ekspert sifatida O‘zbekiston oliy ta'lim tizimiga qanday baho berasiz?
– Fikrimcha, bu tizim O‘zbekistonda o‘tish davrini boshdan kechiryapti. Juda ko‘p yoshlarning oliy ta'lim olishga xohish bildirayotgani ham ijobiy hodisa. Lekin ularning hammasiga o‘qish uchun sharoit yaratib bera olish – bajarilishi kerak bo‘lgan muhim vazifalardan biri sifatida qolmoqda.
Ayni paytda mehnat bozori talabini ham bajarishingiz kerak. Buning uchun esa oliy ta'limni tugatib, mehnat bozoriga kirib borayotgan yoshlar yetarli malakaga ega bo‘lishlari talab etiladi.
Bugun O‘zbekistonda men ko‘rayotgan ijobiy hodisa – mas'ullar tomonidan amaliy islohotlarning qilinayotganidir. Va o‘ylaymanki, O‘zbekiston ayni shu kabi o‘zgarishga muhtoj.

Shuningdek, ta'limda faqat boshqaruv shaklini yoki strukturasini o‘zgartirish shart emas. Birinchi navbatda mentalitetni, ta'limga qarashlarni o‘zgartirishingiz talab etiladi.
Biroq bu birdan sodir bo‘ladigan narsa emas, ma'lum vaqt va sabr talab qilinadi. Lekin, menimcha, O‘zbekiston hozir to‘g‘ri yo‘lda.
Salbiy holatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, albatta, muammolar bo‘lishi tabiiy.
Masalan, oliy ta'lim hali ham markazlashgan boshqaruv shaklida qolmoqda. Universitetlarga juda kam mustaqillik berilgan. Ko‘p narsa universitetlarga detallarigacha vazirlik tomonidan aniq belgilab beriladi.
Universitetlar o‘z sharoitidan kelib chiqib jadval shakllantira olishmaydi. Bu narsa mehnat bozori talablariga tezlik bilan moslashishga to‘sqinlik qilmoqda. Chunki ba'zida universitetlar mehnat bozori talablariga juda tezlik bilan javob qaytarishlariga to‘g‘ri keladi.
Biroq faqatgina mustaqillik berish bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Chunki odamlar bu mustaqillikni ishlatish ko‘nikmasiga ham ega bo‘lishlari zarur.
Mustaqil bo‘lgandan so‘ng universitet menejmentida va boshqa masalalarda nimani o‘zgartirishni bilish ham muhim.
– Joriy yil boshidan 10ta OTM bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tdi. Endilikda ularning oldida turgan vazifalar qanaqa bo‘lishi kerak?
– Oliy ta'lim tizimida moliyaviy, akademik kabi bir necha mustaqillik turlari bor. Moliyaviy mustaqillik berilishi, menimcha, to‘g‘ri qadam.
Agar OTMlarga moliyaviy mustaqillik berilishi menejmentni to‘g‘ri yo‘naltirish bilan hamohang bo‘lsa, ular bemalol moliyaviy jihatdan o‘zlarini o‘zlari mustaqil boshqara oladilar.
Biroq universitetlarga mustaqillik berilgandan so‘ng ular ta'lim sifatini strategik jihatdan rivojlantira olishi – eng katta masala.
Bu o‘rinda ta'lim sifati nazoratchisi sifatida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga ham ehtiyoj seziladi.
Biroq sifatni ta'minlashda faqat inspeksiya tavsiyalari yetarli bo‘lmaydi. OTMlarning yuqori ta'lim sifatiga erishishida ichki nazorat yuqori bo‘lishi va har bir xodim mas'uliyat his qilishi muhim.
Va bu mentalitetga aylanishi kerak. Masalan, har bir o‘qituvchi, boshqaruv tizimidagi har bir xodim «Men ta'lim sifatiga har kunlik ish faoliyatim davomida mas'ulman», deb yashashi kerak.
– O‘zbekiston OTMlarida ishlayotgan o‘qituvchilar akademik darajasi, bilimiga qanday baho berasiz? Ular sifatli ta'lim berishi uchun doimiy o‘z ustilarida ishlashi va izlanishlari uchun qancha oylik maosh yetarli bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

– Albatta, har qanday ishda ham oylik maoshi hech qachon yetarli bo‘lmaydi. Biroq xodimni ruhlantiradigan rag‘bat bo‘lishi kerakligi haqidagi fikr to‘g‘ri.
Yaxshi o‘qituvchi mehnatiga yarasha yaxshi maosh olishi kerak.
Ayrim davlatlarda o‘qituvchilar individual tarzda baholanadi. Bunda ularning qanchalik yaxshi dars bera olishi, qancha izlanish olib borishayotgani kabilar inobatga olinadi. Agar bularning hammasi yaxshi bajarilayotgan bo‘lsa, o‘qituvchilar qo‘shimcha mukofot olishadi. Bu pul yoki xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish imkoniyati tarzida bo‘lishi mumkin.
Albatta, rag‘bat o‘qituvchilarga faqat maosh bilan emas, balki boshqa ko‘rinishlarda ham berilishi mumkin.
Menimcha, hamma yerda 2 toifadagi: o‘z ishini yaxshi ko‘radigan va o‘qitishdan allaqachon zerikkan o‘qituvchilar bor. Lekin o‘qituvchilarning ochiq fikrli bo‘lishi va nimani o‘qitishdan ko‘ra talaba nima o‘rganayotganiga ko‘proq e'tibor qaratishlari muhim.
Chunki o‘rganish o‘qitishdan ko‘ra qimmatliroqdir.
O‘qituvchilarning vazifasi aynan o‘rganishni osonlashtirishdan iborat bo‘lishi kerak.
Talabalarning imtihonda ma'lumotlarni qiyinchilik bilan yod olishi va takrorlashi emas, balki kurs tugagandan so‘ng ularning qo‘lidan nima kelishi muhim bo‘lishi kerak.
Shuning uchun ham universitet o‘qituvchilarining professional o‘sishi OTMlar uchun katta ahamiyatga ega.
– O‘zbekistondagi aksar davlat OTMlarida talabalar davomatini tekshirish ustuvor bo‘lib qolmoqda. Buni ijobiy deb bilish mumkinmi? Agar «yo‘q» bo‘lsa, alternativ tarzda nimani taklif qilgan bo‘lar edingiz?
– Bu masalada birinchi navbatda tushunish kerak bo‘lgan narsa – nega talabaning darsda yo‘qligi.
Agar talaba ishlashi kerak va doimiy darsga kelishga qurbi yetmasa, unga moliyaviy yordam berish yo‘lini topish kerakdir?
Agar mabodo leksiya zerikarli bo‘lsa, yechim talabani darsga kelishga majburlash bo‘lishi kerak emas, balki sifatni oshirishga harakat qilish kerak.
Va yana talaba darsga kelmasdan turib ham imtihondan o‘ta oladimi yoki uyda o‘zi mustaqil mavzuni o‘zlashtira oladimi kabi javob topilishi kerak bo‘lgan savollar paydo bo‘ladi.
Bu holatda faqatgina talabani darsda qatnashishga majburlash emas, balki muammoning mohiyatini o‘rganish zarur.
Ehtimol, masalan, men talaba sifatida qaysidir o‘qituvchining leksiyasini zerikarli deb topsam va unga qatnashishni xohlamasam ham, uyda mustaqil fanni o‘zlashtirib, imtihondan o‘ta olsam, nega menda bunday imkon bo‘lmasligi kerak?
– Ta'limga biznes sifatida qarash – O‘zbekiston uchun yangi trend. Xususiy universitetlar ochish va xususiy universitetlarda o‘qish tushunchasi ommalashmoqda. Bu borada nimalarga ko‘proq urg‘u va e'tibor berish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Men ta'limning asosiy qismi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan mamlakat – Germaniyadanman. Bu mening mavzuga qarashimda ustuvor rol o‘ynaydi.
Biroq men, birinchi navbatda, oliy ta'lim olishni xohlagan har bir yosh o‘qishi kerak, degan fikrdaman.
Bundan tashqari, ayni paytda O‘zbekistonda faqat davlat universitetlari orqali yoshlar ehtiyojini qondirish, ularni ta'lim bilan qamrab olish imkoni yo‘q.
O‘zbekiston xalqaro reytinglarda ham oliy ta'lim qamrovi bo‘yicha past ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Shunday ekan, uzoq muddatli yechim topish o‘z yo‘liga, biroq qisqa muddatda muammoni qanday hal qilish mumkin?
Agar sifatli ta'lim bera olsa, xususiy ta'lim beruvchilar masalaga yaxshi yechim bo‘la oladi.
Biroq bu borada mexanizmni to‘g‘ri shakllantirish zarur: agar xususiy ta'lim muassasasi yaxshi o‘qitsa, bunda xavotir oladigan hech narsa yo‘q, agar aksincha, ta'limdan faqat biznes qilishni xohlovchilar bo‘lsa, ular hech qanaqa yordam bera olishmaydi.
Bu o‘rinda ta'lim sifatining ichki va tashqi nazorati strategiyasini ishlab chiqish muhim. Agar o‘qitish sifati yaxshi bo‘lmasa, talaba o‘qishni tugatgandan so‘ng o‘zida bor malaka bilan ish topa olmasa, u holda xususiy ta'lim muassasalari faoliyatini sintez qilib borish kerak bo‘ladi.
– Xalqaro ta'lim eksperti sifatida O‘zbekistonda oliy ta'lim sifatini oshirish va talabalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yaxshilash uchun yana nimalarni maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Menimcha, birinchi navbatda tanlagan yo‘lingizda davom etaverishingiz kerak. Bundan tashqari, universitetlarga ko‘proq mustaqillik va o‘z jadvallarini shakllantirishda erkinlik berish kabilarga ham e'tibor qaratish zarur.
Va bular, eng avvalo, ta'lim sifatiga nisbatan mas'uliyat bilan hamohang bo‘lishi zarur.
Balki, O‘zbekistonda keyinchalik mustaqil ta'lim sifatini baholash agentliklari ham faoliyat boshlar.
Lekin e'tibor har doim faqat talabalarga qaratilgan bo‘lishi kerak. Talabalar nimani o‘rganyapti, ularning malakasi qanday va bitirgandan so‘ng yo‘llarini topa olishadimi?
Agar shularga e'tibor berilsa, mehnat bozori va iqtisodiyot uchun ham, davlat taraqqiyoti uchun ham yaxshi natijalar beradi.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
12:58 / 17.09.2025
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining vazifalari belgilandi
20:55 / 29.08.2025
Oliy ta’lim vazirligi 5 ta xususiy universitetning qo‘shimcha litsenziyasini xatoga chiqardi. Adliya vazirligi xatolik bo‘lganini rad etdi
20:59 / 22.08.2025
Oliygoh va litseylarda darslar qachon boshlanishi ma’lum qilindi
20:52 / 19.08.2025