Jamiyat | 09:42 / 28.05.2020
86745
9 daqiqa o‘qiladi

«Bu yerda minglab o‘zbek shifokorlari bor» - Yamanda xususiy klinika ochgan o‘zbekistonlik jarroh bilan suhbat

O‘zbekistonlik shifokorlar dunyoning turli nuqtalarida faoliyat yuritadilar. Kimdir malaka oshirish ilinjida, kimdir xorijni kashf qilish uchun, yana kimdir o‘z yurtida qadr topmaganidan o‘ksib olisga yo‘l olgani hech kimga sir emas.

Kun.uz sayti mushtariylari uchun turli davlatlarda ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokorlar bilan turkum suhbatlar uyushtirishni maqsad qildik.

Dastlabki suhbatdoshimiz – samarqandlik shifokor, ayni paytda Yaman davlatida ish olib borayotgan jarroh-urolog Ulug‘bek To‘rayev.

– Assalomu alaykum, Ulug‘bek aka. Dastlab o‘zingiz haqingizda ozgina ma'lumot bersangiz.

Ulug‘bek To‘rayev

– Vaalaykum assalom. Men 1990-1996 yillar oralig‘ida Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘qiganman, 1998 yilgacha klinik ordinatura o‘tab, jarroh-urolog mutaxassisligini olganman. Ammo O‘zbekistonda soham bo‘yicha ko‘p ishlash nasib qilmadi. O‘zimning fikrimcha, diplomim va qobiliyatim yirik klinikalarga mos bo‘lsa-da, ishga kirish uchun so‘ralgan pulni topib bera olmaganim uchun olishmagan.

Bu har qanday yosh mutaxassisga juda og‘ir botadi. Ota-onamiz 6-8 yil o‘qitib diplomli qilganlaridan keyin ham ularga yana qandaydir xarajatni yuklash nihoyatda qiyin. O‘zi biz o‘qigan yillar iqtisodiy jihatdan murakkab davrlar edi.

Ro‘zg‘or tebratish uchun tumanlarda ishladim, boshqa ishlar bilan shug‘ullandim va oxir-oqibat xorijga jo‘nashga qaror qildim.

– Nega aynan Yaman davlatini tanlagansiz va qancha vaqtdan buyon u yerda faoliyat yuritasiz?

– To‘g‘risini aytganda, o‘sha paytda menda u qadar katta tanlov ham bo‘lmagan. 2012 yilga kelib hayotda nimanidir keskin o‘zgartirish kerakligini anglab yetganman. Tumanda ishlab yurardim, olgan maoshim, topganim ro‘zg‘orimga arang yetardi. Turmush o‘rtog‘im akusher-ginekolog, o‘zim jarrohman. Lekin o‘sib kelayotgan farzandlar kelajagini o‘ylasam, hadikka tushardim.

O‘zi o‘zbekistonlik, umuman sobiq ittifoqlik shifokorlarning Yamanga borib ishlashlari uzoq yillik tarixga ega. 2000-yillarda bu tendensiya keskin kuchayib ketdi va minglab shifokorlar yoppasiga jo‘nay boshladilar. Bu borada aniq statistika yuritilmasa kerak, lekin turli ma'lumotlarga ko‘ra, bu davlatda 10-15 ming o‘zbekistonlik shifokor bor. Umuman, Yaman tibbiyoti asosini sobiq ittifoq davlatlari mutaxassislari tashkil qiladi, desam adashmayman.

Xullas, tanish-bilishlarning tavsiyalariga ko‘ra 2012 yilda turmush o‘rtog‘im bilan shu davlatga yetib keldik va ish boshladik. Ayolim 2 yilda ortga qaytdi, men hamon shu yerda ishlayapman.

– O‘zbekiston va Yaman tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar qanday?

– Yaman juda qashshoq, muttasil urushlardan tinkasi qurigan va tibbiyoti rivojlanmagan davlat. Shunga qaramay shifokorning hurmati joyida. Mana shu o‘rinda g‘alati paradoksga e'tibor bering – shuncha xorijlik mutaxassislar uzluksiz qiyinchiliklarga qaramay bu davlatni tashlab ketishmaydi. Chunki mehnatining samarasini ko‘radi.

Yuqorida aytganimday, bu davlat tibbiyoti asosan xorijiy mutaxassislarga suyanib qolgan. 30 mln aholi yashaydigan yirik davlatda tibbiyot yo‘nalishida sanoqli OTMlar bor va ulardagi qisqa muddatli ta'limda terapevtik mutaxassislar tayyorlanadi. Barcha yetakchi va tor mutaxassislar – xorijliklar.

O‘zbekiston tibbiyotiga men baho bermaganim ma'qul, lekin so‘nggi yillardagi ijobiy o‘zgarishlar bir kun kelib samarasini berishiga umid qilaman. Sababi, o‘zimning ham farzandlarim shu sohani tanlashgan va ularning kelajagi meni qattiq o‘ylantiradi.

– Sir bo‘lmasa, oyiga qancha daromad qilasiz va uning qanchasi xarajatlarga ketadi?

– Buning hech qanday sir joyi yo‘q, qancha daromad qilsam, halol mehnatim orqasidan qilaman. Hammasi mutaxassisligingiz va ishdagi ko‘rsatkichlaringizga bog‘liq. Dastlab kelgan, yollanib ishlagan paytlarimda oyiga 2 ming AQSh dollari atrofida daromad qilganman. Keyinchalik vaziyatga moslasha borish natijasida alohida klinika ochish fikri tug‘ilgan va juda qiyinchilik bilan maqsadimizga erishdik.

Yamanning Al-Dala viloyati Damt shahrida yurtimiz timsoli o‘laroq «Samarqand» nomli xususiy klinika ochdik va bu klinikamiz bu davlatga kirib kelgan juda oz sonli xorijiy investitsiya mahsuli sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Ya'ni shu davlatda ishlaganlarimni yana shu yerning o‘ziga sarflab o‘z ishimni yo‘lga qo‘ydim.

Hozir oylik daromadim 4-5 ming dollar atrofida. Bu mablag‘ning ham asosiy qismini klinika rivoji uchun sarflayapman. Shaxsiy xarajatlarim katta emas – oyiga 300 dollar bemalol yetadi.

– O‘zbekistonga qaytishdan sizni nima to‘sib turibdi?

– Korrupsiya va mehnatga yarasha haq to‘lanmaslik xavfi. Masalan, mendan 0,5 stavkaga ishga kirishim uchun ancha katta pora so‘rashgan. Hozir bu muammolar ancha jilovlandi.

Oddiy hisob kitoblarga qarang – shifokor 2 mln so‘m maosh oladi, farzandining kontrakti esa 12 mln so‘m. Xo‘sh, u nima qilishi kerak?

Mening ikki qizim kontrakt asosida o‘qishyapti, ularni turmushga chiqarishim kerak, o‘g‘lim ulg‘aymoqda. Olgan maoshimga tirikchilik qilib, farzandlarimni ta'minlay olamanmi?

Xususiy tibbiyot masalasini ham o‘ylab ko‘rganman – Yamandagi klinikamiz darajasidagi uskunalar bilan jihozlash O‘zbekistonda kamida ikki karra qimmatga tushadi, samaradorlik esa ikki barobar past. Axir bu narsalarni hisobga olmaslik mumkin emas-ku.

Lekin yuqorida aytganimday, prezidentning sohaga e'tiboridan men ham umid qilyapman. O‘zim bu davlatda ishlayversam ham, farzandlarim O‘zbekistonda o‘z o‘rinlarini topishlarini istayman. Axir hech narsa vatanga, yaqinlaring bilan yashashga yetmaydi.

– Koronavirus sharoitida Yaman tibbiyoti qanday ishlamoqda? Siz o‘zingiz bu kasallikka qarshi kurashga jalb qilindingizmi yoki qaytish fikri tug‘ilmadimi?

– Bu kasallikka qarshi kurashishga davlat shifoxonalari jalb etilgan. Bizning klinika asosan jarrohlik yo‘nalishida ishlaydi. Hatto hududga koronavirus kirib kelsa, klinikani vaqtincha yopish haqida vazirlikka ogohlantirish xati berdim. Davlat tibbiyoti bu kasallik bilan kurashda qator qiyinchilikka uchrayotganini aytishim mumkin.

Koronavirus pandemiyasi tufayli o‘zbekistonlik shifokorlar uyga qaytmoqchi bo‘lganliklariga kelsak, Yamanda O‘zbekiston elchixonasi yo‘q, zarur holatlarda Saudiya Arabistonidagi elchixonaga murojaat qilish mumkin. Lekin ko‘pchilik Moskvadagi elchixona orqali ishga kelishadi.

Ayni paytda oz sonli qaytmoqchi bo‘lganlar elchixonalarga murojaat qilayotganlaridan xabarim bor. Ammo hozir qaytib ketish juda qiyin bo‘ladi, chunki pandemiyaga qadar ham Yamanga kirib chiqishlar oson bo‘lmagan. Shunga qaramay, juda ko‘pchilik, jumladan men ham qolib ishlashni davom ettirish niyatidamiz.

– Mumkin bo‘lsa, bu davlatdagi faoliyatingizga doir va O‘zbekiston uchun noodatiy bo‘lgan biror qiziq voqeani so‘zlab bersangiz.

– Bu yerdagi faoliyatim O‘zbekiston uchun butunlay noodatiy desam ishonavering. Yamanda davlat qonunlari O‘zbekistondagiday ishlamaydi, asosiy masalalar qabilalar oqsoqollari, shayxlar, badavlat insonlar tomonidan hal qilinadi. Qabilalar o‘rtasida turli ziddiyatlar muntazam sodir bo‘ladi va o‘shanday kunlari sutkalab operatsiyalar qilgan paytlarimiz bo‘lgan.

Shunga qaramay, shifokorlarga nafaqat tegishmaydi, balki katta-yu kichik hammasi hurmat qilishadi. Bu yurtning odamlari uchun yelkasiga avtomat osib yurish mutlaqo oddiy holga aylangan. Ana shunday jihatlari solishtirilsa, O‘zbekistondagi tinchlik qanday ulug‘ ne'mat ekani anglanadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid