O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi prezidenti Nurxon Nafasov nega tez fursatda ishdan olindi? Ishdan olinayotgan vaqtida uning qonuniy vakili nega navbatdan tashqari konferensiyaga kiritilmadi? Konferensiyani o‘tkazishda Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan federatsiya nizomiga amal qilinganmidi? Milliy olimpiya qo‘mitasi karate federatsiyasi prezidentiga Osiyo o‘yinlari uchun akkreditatsiya bermagani rostmi? Ungacha federatsiyaga rahbarlik qilgan shaxslar mahalliy to‘lov badallarini kirim qilmay o‘zlashtirgani haqidagi ma'lumotlar qanchalik haqiqat?

Joriy yilning 26 sentabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi o‘tkazilgani va Alamjon Mullayev tashkilotning yangi rahbariga aylangani haqida xabar qildi.

Xabarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Adliya vazirligi vakillari, federatsiya Ijroiya qo‘mitasi a'zolari, viloyat federatsiyalari rahbarlari, hakamlar, murabbiylar va terma jamoa a'zolari ishtirok etishgani aytilgandi. Lekin 12 yillik tanaffusdan so‘ng, shu yilning may oyida federatsiya rahbari etib saylangan Nurxon Nafasov qisqa vaqt ichida lavozimini tark etishi sababi noma'lumligicha qolgandi.

«Kun.uz» muxbiri O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining sobiq va hozirgi rahbariyati bilan bog‘landi hamda Nurxon Nafasovning ofisi joylashgan hududda bo‘ldi. U ish joyida jamoasi bilan ishlashda davom etmoqda.

O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi sobiq bosh kotibi, Osiyo chempioni va xalqaro toifadagi sport ustasi Otabek Qosimovning aytishicha, Federatsiyaning navbatdan tashqari konferensiyasi nizom talablariga zid ravishda o‘tkazilgan.

Jumladan, Nizomning V bo‘lim 39-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyalari federatsiya prezidenti taklifi bilan rayosat tomonidan yoki uning o‘z tashabbusi yoxud taftish komissiyasining tashabbusi asosida chaqiriladi. Navbatdan tashqari konferensiyalar ikki oylik muddatda chaqirilishi mumkin.

Otabek Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, 25 sentabr kuni «O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi ijrochi direktori» N.Iminov nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovga 26 sentabr kuni navbatdan tashqari konferensiya o‘tkazilishiga amaliy ko‘mak berish so‘ralgan, soxta muhr va eski blank qog‘ozida yozilgan xat jo‘natilgan.