«Kuni kecha e'lon qilingan Sog‘liqni saqlash vazirining «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida»gi buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rish, shu jumladan ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da'vo arizalarini kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ta'kidlanayotganidek, xususiy klinikalar «Tez yordam» kelmasdan, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermagan bir paytda, o‘lim to‘shagida yotgan bemorlarni ko‘tarib kelganlarga hech kim yordam qilmagani uchun ularga yordam berishga majbur bo‘lgan. Shu bois endi tajriba oshib, yangi davolash standartlari qabul qilinib, ahvol ancha yengillashganda, ayb xususiy klinikalarga ag‘darilayotganidan norozi bo‘lmoqda.

Shuningdek, xususiy tibbiyotga nisbatan bo‘layotgan «o‘gay»larcha munosabatdan, ularni hech kim himoya qilmayotganidan, «xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo‘q, dori-darmon yo‘q, ular noto‘g‘ri davolaydi», deb kamsitilayotganidan taassuf bildirish bilan birga, «davlat klinikalarida mutlaqo to‘g‘ri davolanildimi, u yerlarda kerakli hamma narsa bormidi, nega xususiy klinikalarga ham tavsiyalar, qo‘llanmalar berilmadi?» kabi haqli e'tirozlarni keltirmoqda.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga istisno tariqasida 2020 yil 1 sentyabrga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, poytaxtdagi faqat 7ta xususiy klinika tegishli tartibda shartnoma imzolagan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, bu jami xususiy klinikalarga nisbatan necha foizni tashkil etadi, mutasaddilar tomonidan mamlakat uchun shunday kritik holatda xususiy tibbiyot tashkilotlari qay darajada mazkur xizmatlarni ko‘rsatishlari uchun shartnoma tuzishga jalb etildi, rag‘batlantirildi, imkoniyatlar yaratib berildi yoki jarayonga taklif etildi?!

Shuningdek, qayd etilgan qarorga ko‘ra, mutasaddilarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo‘llash yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish, ularning bino-inshootlari dezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini ta'minlash, dezinfeksiya tadbirlarini to‘liq amalga oshirish uchun yetarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini ko‘rish topshirilgan. Xo‘sh, bu yo‘nalishlarda qanday ishlar amalga oshirildi?!