Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda soliq inspektorining bilimsizligi tufayli tadbirkor hisob raqamiga inkasso talabnomasi qo‘yildi
Prezident huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan “Radjabov Farid Stroy” xususiy korxonasi rahbari F.Rajabovning Samarqand shahar DSI xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahar DSI boshlig‘i E.Tolliyevning 24 iyundagi buyrug‘i asosida QQS to‘g‘ri hisoblanishi va budjetga to‘lanishi yuzasidan “Radjabov Farid Stroy” xususiy korxonasida katta inspektor A.Yarkulov tomonidan kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.
Kameral soliq tekshiruvi yakunida “Radjabov Farid Stroy” xususiy korxonasining 2020 yil yanvar-aprel oyi uchun QQS bo‘yicha 778 mln 890 ming so‘m miqdorda tafovuti borligi aniqlanib, 2020 yil 25 iyun kuni “Soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida talabnoma” yuborilgan.
Ushbu talabnoma “Radjabov Farid Stroy” xususiy korxonasi tomonidan ko‘rib chiqilib, QQS hisoblanishicha asos bo‘lgan 5 mlrd 390 mln so‘m korxona tomonidan uylari buzilgan fuqarolarga to‘lab berilgan kompensatsiya mablag‘i ekanligi va anglashilmovchilik sababli ushbu mablag‘ buxgalteriya balansi hisobotiga qo‘shilgani bayon qilinib, 2019 yil buxgalteriya balansiga tuzatishlar kiritilgan va tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda qayta hisobot taqdim etilgan.
Biroq, Samarqand shahar DSI tomonidan taqdim etilgan hujjatlar inobatga olinmasdan, asossiz deb topilgan va qo‘shimcha hisoblangan QQS to‘lanmagan taqdirda majburiy tartibda undirilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
F.Rajabovning DSQ va viloyat DSBga Samarqand shahar DSI xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaatlari Samarqand shahar DSIga jo‘natilgan va shahar soliqchilari tomonidan ko‘rib chiqilib, bir xil mazmunda rad javob berilgan. Ammo javoblarda qayta taqdim etgan hisoboti nima sababdan va qanday asoslarga ko‘ra inobatga olinmaganligi bayon qilinmagan.
Bu holat Samarqand shahar DSI xodimlari Soliq kodeksining 9-moddasida bayon qilingan “Soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq to‘lovchilar bilan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini to‘g‘ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart” ekanligi prinsiplarga amal qilinmayotganligidan dalolat berardi va F.Rajabovning haqli e'tiroziga sabab bo‘layotgan edi.
DSI tomonidan “Radjabov Farid Stroy” xususiy korxonasi hisob raqamiga 778 mln 890 ming so‘m undirish yuzasidan inkasso topshiriqnomasi qo‘yilib, 125 mln 302 ming so‘m miqdordagi mablag‘ yechib olingan.
F.Rajabov o‘z murojaatida Samarqand shahar DSI xodimlari Soliq kodeksining 248-moddasi 7-qismi mazmunini noto‘g‘ri talqin qilib, QQS hisoblanishiga asos bo‘lgan 5 mlrd 390 mln so‘m amalga oshirilgan qurilish ishlari emasligini, balki fuqarolarga to‘lab berilgan kompensatsiya mablag‘i ekanligini, biroq DSI xodimlariga barcha hujjat taqdim etilsa-da, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik bo‘layotganligini bayon qilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, xususiy korxonada o‘tkazilgan kameral tekshiruv bilan bog‘liq holat viloyat DSBning malakali xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilishini, korxona hisob raqamiga asossiz ravishda inkasso topshiriqnomasi qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda, inkasso topshiriqnomalarini chaqirib olinishini ta'minlash yuzasidan viloyat DSBga 21 avgust kuni qayta o‘rganish yuzasidan so‘rov yuborildi.
Biznes-ombudsman bosh inspektori B.Xolmatovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Samarqand viloyat DSB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan takroriy o‘rganishda Samarqand shahar DSI tomonidan “Radjabov Farid Stroy” xususiy korxonasi hisob raqamiga 778 mln 890 ming so‘m undirish yuzasidan inkasso topshiriqnomasi asossiz qo‘yilganligi aniqlanib, inkasso topshiriqnomasi olib tashlanishi ta'minlandi.
Korxona hisob raqamidan yechib olingan 125 mln. 302 ming so‘m miqdordagi mablag‘ Samarqand shahar DSI tomonidan belgilangan tartibda qaytarib beriladigan bo‘ldi.
Tahririyatdan: tadbirkorning normal faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik yaratgan, yo mavjud soliq qonunchiligidan xabari yo‘qligi tufayli hisob kitoblarni bilib-bilmay, yo qasddan noto‘g‘ri amalga oshirgan inspektor A.Yarkulovga nisbatan qanday intizomiy yoki ma'muriy chora ko‘rilgani borasida Samarqand shahar DSIdan munosabat kutib qolamiz.
Mavzuga oid
17:23 / 17.01.2026
Farg‘onada 3-, Samarqandda esa 4-sinf o‘quvchisi B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
21:43 / 12.01.2026
Samarqand shahri kengaytiriladi va Samarqand tumani tugatiladi
10:01 / 07.01.2026
Samarqandda shifokorlar bemor qornidan 200 gramm mix chiqarib oldi
11:10 / 30.12.2025