Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gvineya-Bissauda harbiylar hokimiyatni egalladi, prezident ag‘darildi
G‘arbiy Afrikadagi Gvineya-Bissau davlatida harbiy to‘ntarish yuz berdi. Harbiylar prezidenti Umaru Sisoku Embaloni hokimiyatdan ag‘darganini e’lon qildi va barcha siyosiy institutlar, shuningdek, dengiz, havo va quruqlikdagi chegaralarni vaqtincha yopdi. Bu haqda harbiy guruh bayonoti TGB davlat telekanalining Facebook sahifasida e’lon qilindi.
Foto: AA Video/Anadolu Agency/IMAGO
Harbiylar o‘z harakatlarini «saylov natijalarini manipulyatsiya qilish va mamlakatni beqarorlashtirish rejasi aniqlangandan so‘ng majburiy chora» sifatida izohlamoqda. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, bu rejada ayrim siyosatchilar va narkotik bozorlar vakillari, shuningdek xorijiy shaxslar ishtirok etgan.
Poytaxt Bissau shahrida prezident saroyi atrofida o‘q ovozlari eshitilgan. Prezident Embalo Jeune Afrique nashriga bergan ma’lumotida o‘zi, ichki ishlar vaziri va Qurolli Kuchlar bosh shtabi rahbari prezidentlik saroyida hech qanday zo‘ravonliksiz qo‘lga olinganini, lekin jarohat olmaganini aytgan.
23 noyabr kuni mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan, ammo rasmiy natijalar 27 noyabrgacha e’lon qilinishi kutilayotgandi. Ham amaldagi prezident Embalo, ham uning asosiy raqibi Fernandu Diash de Koshta o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan, bu esa siyosiy taranglikni yanada kuchaytirgan.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Gvineya-Bissaudagi vaziyatni «beqaror» deb baholab, bu yerda bo‘lib turgan fuqarolarni namoyishlar va odamlar to‘planadigan joylardan, ayniqsa prezident saroyi atrofidan uzoqroq yurishga chaqirdi.
Umaru Sisoku Embalo 2020 yildan buyon prezident sifatida ishlab kelayotgan edi, 2023 yil oxirida parlamentni tarqatib yuborgan, tanqidchilar esa uni muxolifatni bostirish, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilarini ta’qib qilishda ayblab kelgan. Gvineya-Bissau dunyodagi eng kambag‘al va siyosiy jihatdan inqirozli mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Mavzuga oid
21:44 / 30.01.2026
“Ixtiyoriy topshir, bo‘lmasa sud orqali baribir olamiz” – xovoslik fermerlar qanday kamsitilayotgani haqida
15:37 / 05.12.2025
Mahallalar holati «Hokimiyat monitori» orqali real vaqtda nazorat qilinadi
17:04 / 08.09.2025
Piskentda hokimiyat futbol maydonchasini sotib yubordi. Bu prezident qaroriga zid
17:38 / 08.02.2025