O‘zbekiston | 12:13 / 18.03.2022
4660
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari oshiriladi

O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2022-2023 o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari, hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi.

Ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi.

11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi bo‘yicha maqsadli o‘qitish dasturi amalga oshiriladi.

Shuningdek, bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura ta’lim tizimi takomillashtiriladi. Xususan:

  • bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari, ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhim yo‘nalishlar bo‘yicha, qayta ko‘rib chiqiladi;
  • o‘quv rejalari va dasturlar, talabalarning bilimini baholash tizimi xalqaro standartlarga moslashtiriladi;
  • 11 ta tibbiyot oliygohida alohida o‘quv markazlari tashkil etilib, ular zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlanadi. Buning uchun, 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5–6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Bu orqali, har yili 7 mingga yaqin talaba munosib ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Amaliyot davrida yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilgan talabalarga, o‘qishni boshqa turdosh  mutaxassisliklar bo‘yicha davom ettirishga ruxsat beriladi. 

Shu bilan birga, shifokorlarning malaka toifasini olish muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda, toifasiz xodimlarga talab etiladigan ish stajlari 5 yildan 3 yilga, birinchi toifaga – 7 yildan 5 yilga, oliy toifaga – 10 yildan 7 yilga qisqaradi.

Mavzuga oid